Maʼrifatparvar hamyurtimiz Isʼhoqxon toʻra Ibrat yozib qoldirgan maʼlumotlarga qaraganda, u Dashtiqipchoq xoni Ahmadxon tarafidan barpo etilib, Qalʼaixon nomi bilan dovruq qozongan. Qisqasi, Qirqolachuq, Olachuq va Arxiyon toponimlari bilan dong taratgan Toʻraqoʻrgʻon XV asrdan buyon mavjud. Shimolda Kosonsoy, gʻarbda Chust, janubda Mingbuloq, sharqda Namangan tumani hamda qisman Namangan shahri bilan chegaradosh. Toʻraqoʻrgʻon yaqin-yaqingacha ixtisoslashuvi faqat agrar tuman sanalardi. Bugun esa tadbirkorlik, hunarmandlik, obodlik, sport, madaniyat, taʼlim rivojlangan hududga aylangan.
Tumanda 67 ta mahallada 242,2 ming aholi istiqomat qiladi. Tojik, qirgʻiz, rus, qoraqalpoq, tatar millati vakillari oʻzbeklar bilan hamjihat yashamoqda. 62 ta umumtaʼlim maktabi bor. 43 ta davlat va 250 dan ortiq oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotida bogʻcha yoshidagi farzandlarning 86 foizi qamrab olingan, 38 ta davlat va xususiy shifoxona faoliyat yuritmoqda.
— Eʼtirof etish joizki, tumanimiz markazi Prezidentimizning 2016-yil 2-noyabrdagi viloyat saylovchilari bilan uchrashuvlaridan soʻng tanib boʻlmas darajada oʻzgardi, — deydi Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimi Ahrorbek Mansurov. — Oʻshanda Yurtboshimiz Isʼhoqxon toʻra Ibrat haqida alohida toʻxtalib, u kishiga atab muhtasham bogʻ yaratish, yodgorlik majmuasi va ijod maktabi tashkil qilish yuzasidan bildirgan takliflari asosida 2,2 gektar yer maydonda qiymati 13 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga loyihalar koʻngildagidek bajarildi. Fayzli majmua barpo etildi va endilikda tumanga tashrif buyuruvchilar uchun muqaddas qadamjodir. Oʻtgan yili Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti ham faoliyat boshladi.
Toʻraqoʻrgʻon Asiriddin Axsikatiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mulla Shamsi Shavqiy, Hayrat Toʻraqoʻrgʻoniy, Isʼhoqxon Ibrat singari buyuk allomalarga beshik boʻlgan, ikki nafar Oʻzbekiston Qahramoni yetishib chiqqan, kuragi yerga tegmagan Toʻychi polvon, chavandoz Karim polvon, futbol boʻyicha yoshlar oʻrtasida mashhur, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Umarali Rahmonaliyevlar diyori. “Yilning eng namunali mahalla yetakchisi” tanlovining mamlakat bosqichida tumanning “Shohidon” mahallasi yoshlar yetakchisi Muhammadyusuf Xolmatov nomzodi 3-oʻringa munosib baholangani iftixor bagʻishlaydi. U 15 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanib qaytdi.
Tuman ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlari oxirgi yillarda ijobiy natijalarga boy. Xususan, 2022-yil yakuni bilan qator sohalarda oʻsish surʼatlari kuzatildi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 117,8 foizga (3 247 mlrd. soʻm), qishloq xoʻjaligi 104,7 foizga (2 412 mlrd. soʻm), pudrat ishlari 113,5 foiz (364 mlrd. soʻm), chakana savdo aylanmasi 111,5 foiz (1 260 mlrd. soʻm) va xizmatlar hajmi 114,7 foizni (960,2 mlrd. soʻm), mahalliy byudjet daromadlari 141,6 mlrd. soʻm miqdoridagi reja 161,2 mlrd. soʻm yoki 113,9 foizga, mahalliy byudjetning 79,8 mlrd. soʻmlik rejasi 94,6 mlrd. soʻm yoki 118 foizga yoki 14,9 mlrd. soʻmga orttirib uddalandi.
Pirovardida tuman mahalliy byudjeti xarajatlari doimo qatʼiy nazoratda. Iqtisodiy muvaffaqiyatning ustuvor omili – tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish ekaniga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. Tuman sektor rahbarlari xonadonma-xonadon yurib, aholi murojaatlarini, muammolarni atroflicha oʻrganib, bartaraf etish choralarini koʻrmoqda.
- Oilaviy sharoitim ogʻir, ancha yillar bir xonali, eski uyda yashadim, - deydi “Isvaxon” mahallasi fuqarosi Yulduzxon Zokirova. – Yaqinda mutasaddilar menga hamma qulayliklarga ega toʻrt xonali uy qurib berishdi. Oktyabr oyida hovli toʻyi qilmoqchiman. Biz kabi imkoniyati cheklanganlarga gʻamxoʻr Prezidentimizdan va quyi tizimdagi masʼullardan minnatdormiz.
Tumanda yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tashkil qilish hamda ularga gʻoyalarni shakllantirish, biznes-rejalar tuzish va tijoratlashtirish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash qizgʻin jarayonda. Joriy yilda 450 ta tadbirkorlik subyekti ochilib, ular soni 2 ming 577 taga yetdi. Shuningdek, hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1 126,4 mlrd. soʻmlik 85 ta loyiha ijrosi bilan 1 ming 430 ta ish oʻrni koʻzda tutilgan.
— Qanday yutuqlarga erishayotgan boʻlsak, eʼtibor, imtiyoz va ishonch tufayli, — deydi “Runamteks” MCHJ direktori, “Shuhrat” medali sohibi, tadbirkor Mahfuza Gyumyush. - Faoliyatimizga uch yildan oshdi, 400 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminladik. “Yoshlar” kichik sanoat zonasidagi yangi binomiz esa “Oqtosh” mahallasi koʻrkiga koʻrk qoʻshdi. Korxonamiz maydoni bir gektar. Yiliga 1 mln. 200 ming tonna, 10 mln. dollarlik qiymatdagi trikotaj mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilyapmiz. Yana “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga muvofiq, 700 ta ish oʻrinli monomarkaz tashkil etamiz.
Tumanda 22 gektar yer maydonni oltita kichik sanoat zonasi egallagan. Mazkur sanoat zonalarida qiymati 253,2 mlrd. soʻmlik 39 ta loyiha joylashtiriladi. Bu 2 ming 593 nafar kishi mehnat bilan band boʻladi, degani. Misol uchun, “Yoshlar” KSZda 64 mlrd. 150 mln. soʻmlik 12 ta loyihada 1 ming 275 ta ish oʻrni paydo boʻladi. Yillik ishlab chiqarish miqdori 17 mlrd. 740 mln. soʻmlik mahsulotlar hisobiga yillik byudjetga 750 mln. soʻm soliq tushishi kutilmoqda. Hozirda 119,7 mlrd. soʻmlik 29 ta loyiha ishga tushirilib, 1 ming 846 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
Toʻraqoʻrgʻonda azaldan meva va uzum mahsulotlari yetishtirish rivojlangan va yiliga 56 ming 425 tonna mahsulot tayyorlanadi. Solishtirish va taqqoslash uchun: eksportga joʻnatish 2010-2016-yillarda oʻrtacha 14,2 mln. dollarni tashkil etgan boʻlsa, oxirgi yetti yilda 7,2 barobarga, yaʼni 89,2 mln. dollarga yetdi. 2023-yilda belgilangan prognoz 158,5 mln. dollar, shundan sanoat yoʻnalishida 139,5 mln. dollar va meva-sabzavot yoʻnalishida 18,9 mln. dollar mahsulotlar eksportga rejalashtirilgan. Oʻtgan sakkiz oy ichida 80,3 mln. dollar, shundan 59,7 mln. dollar sanoat mahsulotlari va 20,6 mln. dollar meva-sabzavot eksport qilindi. Ushbu raqam oʻtgan yilning ayni davriga nisbatan 1,2 foizga yoki 14,6 mln. dollardan oshdi.
Aholi daromadi dehqonchilik, giloschilik, asalarichilik, issiqxonachilik va uzumchilikdan. Aytish mumkinki, toʻraqoʻrgʻonliklar giloschilikda oʻziga xos mahoratga ega. Viloyatda yiliga 10,1 ming tonna gilos eksport qilinayotgan boʻlsa, shundan 52,4 foizi Toʻraqoʻrgʻon tumani hissasiga toʻgʻri keladi. Har yili tumanda 8,1 ming tonna gilos yetishtirilib, 5,3 ming tonnasi (7,2 mln. dollarlik) eksportga yuboriladi.
Ayniqsa, yetti gektar yer maydonda “Gold fresh fruits” masʼuliyati cheklangan jamiyati qiymati 13,9 mln. dollarlik agrologistika markazi tashkil etyapti, samaradorlik keskin oshadi. Negaki, markazda meva-sabzavot bozori, gilos mahsulotlarini saralash, (gidrokuller), meva-sabzavotni quritish, mehmonxona xizmati va plastmassa yashiklar ishlab chiqariladi. Obyektda 65 foiz ishlar bitgan. Ilk bosqichida 40 ta ish oʻrni yuzaga keldi. Korxona tomonidan 2024-yildan 10 ming tonna qishloq xoʻjalik mahsulotlari eksportga yoʻnaltirilib, yiliga qoʻshimcha 15 mln. dollarlik meva-sabzavot eksporti amalga oshiriladi.
Toʻraqoʻrgʻon uzumchilikda ham eng ilgʻor tumanlardan biri. Bugungi kunda tumanda jami ekin yer maydoni 10 ming 51 gektar, shundan 586,6 gektari uzumchilik xoʻjaliklaridir, yillik 25,9 ming tonna, shundan xonadonlarda 13,5 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtiriladi. Masalan, “Xoʻjand” mahallasi aholisi soni 590 ta xonadonda 3 ming 25 nafar. Mahalla “drayveri” (oʻsish nuqtasi) uzumchilik. Oltiariq tajribasiga tayanib, “Uzumzor” koʻchasi namuna tarzida 56 ta xonadonining koʻcha qismiga soʻritoklar tiklandi.
Birgina shu mahallaning oʻzida yuqori navli “Kelin barmoq”, “Rizamat ota”, “Husayni”, “Chiligi” navli 104 tonna uzum yetishtirilib, birinchi navbatda ichki bozorga, qoʻshni va xorijiy davlatlarga sotilmoqda. Mahalladagi usta bogʻbon Komiljon Yusupov uzumchilik va bogʻdorchilikda koʻchat yetishtirish kursini yoʻlga qoʻyib, 55 nafar ishsiz yigit-qizga kasb sirlarini oʻrgatmoqda. Qolaversa, uzumchilikni yanada kengaytirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 3-fevral kuni Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida dala cheti maydonlaridan unumli foydalanishga oid topshiriqlariga binoan, tumandagi 90 ta paxta-gʻalla va boshqa yoʻnalishdagi fermer xoʻjaliklarining 1 ming 81 gektar karta qirgʻoqlariga 1,3 ming dona uzum koʻchati ekildi. Ular bir-ikki yilda mevaga kiradi.
Tuman aholi isteʼmoli uchun yetakchi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2016-2023-yillar davomida 2,5 baravarga koʻtarildi. Avvallari zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari meʼyor talablariga koʻra yetishmasligi va bozorlarda narx-navo barqarorligi uchun ayrim mahsulotlarni qoʻshni viloyat va tumanlardan olib kelinar, hatto ularni jamgʻarish masalasi koʻndalang edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholiga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatli ijara yer maydonlari ajratish roʻzgʻorga kerakli yeguliklarni dalada yetishtirishi kafolatlandi, shaxsiy moliyaviy ahvoli ham oʻnglandi.
— Keyingi uch yilda Toʻraqoʻrgʻonda 17 ta maktab, 14 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, yettita qishloq vrachlik va oilaviy shifoxona punkti, bitta markaziy shifoxona joriy va mukammal taʼmirlandi, bitta yangi 330 oʻrinli maktab qurildi, — deya faxrlanadi tuman hokimi oʻrinbosari Akmaljon Toʻrayev. — Bundan tashqari, uzoq yillar qarovsiz yotgan “Yoshlar va maʼnaviyat maskani” va Kadastrlar palatasi Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimi yangi binoda xizmat koʻrsatmoqda. 27 ta MFY uchun maxsus maʼmuriy inshoot qad rostladi. Aholiga 15 ta 512 xonadondan iborat koʻp qavatli turar-joy topshirildi.
13 ta ichimlik suv qudugʻi qazib suv chiqarildi va 570 kilometrga tarmoq tortildi. 2021-yilgacha tuman odamlarining yarmigina toza ichimlik suvi bilan bahramand edi, xolos. 2023-yilning sentyabr oyiga qadar 83 foizga yetkazildi. 92 km. ichki yoʻllar asfaltlandi, 215 km. ichki yoʻl shagʻallashtirildi, 25 km. umumfoydalanuvdagi avtomobil yoʻllar taʼmirlandi. Bularning barchasi Prezidentimizning xalqimiz hayotini yaxshilash, bugungi turmushidan rozi boʻlib yashashi uchun qaygʻurayotgani, oqilona siyosati sabablidir.
— Toʻraqoʻrgʻon qadim va tabarruk makon, unda ichki va tashqi turizm salohiyatini kuchaytirish omillari talaygina. Ochiq osmon ostidagi Axsikent muzeyining oʻziga qancha sayyohlarni jalb qilsa boʻladi, — deydi biz bilan suhbatda tuman hokimligi nashri – “Davr” gazetasi muharriri Zohidaxon Kenjayeva. — Sirdaryo sohillarida dam olish maskanlariga talab va taklif baland. Isʼhoqxon toʻra Ibrat majmuasi, Xoʻjakalon Abdulmoniy ziyoratgohi uncha-muncha tarixiy shaharlardagi muborak manzillardan sira qolishmaydi.
“Shahand” sihatgohining dovrugʻi boshqa viloyatlardan to qoʻshni respublikalargacha tarqalgan. Maʼmuriyat hordiq chiqarish va salomatlikni mustahkamlash uchun yangi davolash muolajalari toʻgʻrisida astoydil izlanmoqda. Darvoqe, toʻraqoʻrgʻonliklar mohir chavandoz va uloqchilar sifatida mashhur. “Dengiz tulpori” majmuasida uloq-koʻpkari musobaqalarini muntazam uyushtirish, chavandozlar maktabini ochish, ot sporti yordamida tuzatish – ippoterapiyani qoʻllash juda manfaatli. Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatidagi Toʻxtagul tumani bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.
Ha, Toʻraqoʻrgʻon tuprogʻini tanitish orqali tuman iqtisodiyoti yuksalishiga ham salmoqli hissa qoʻshiladi. Darhaqiqat, tinimsiz saʼy-harakatlar zamirida esa ana shu ezgu niyat mujassamdir, albatta. Zero, jadid Ibrat domla “Mezon uz-zamon” risolasida bitganidek, “Asrimiz ilmu hunar, harakat asridur...”.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Mazkur tahliliy maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2023-yil 4-oktyabr, 203-sonida “Hududlar hayoti” ruknida “ASRIMIZ ILMU HUNAR, HARAKAT ASRIDUR” sarlavhasi bilan chop etilgan.