Mamlakatimizda keksa avlod vakillarining hayot darajasini yaxshilash, salomatligini asrash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Prezidentimiz tomonidan yoshi ulugʻ insonlarga qaratilayotgan eʼtibor, bu borada qabul qilinayotgan qator huquqiy-meʼyoriy hujjatlar endilikda qogʻozda emas, amalda aks etib, keksa avlod vakillarining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan oʻrni va ishtirokini yana-da mustahkamlamoqda. Bundan roppa-rosa bir oy avval davlatimiz rahbarining Olmazor tumanidagi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatiga qilgan tashrifida ham bu yaqqol namoyon boʻldi. Tashrif davomida bu yerda doimiy yashovchilar bilan alohida suhbat uyushtirilgani, nuroniylarning har bir fikri tinglangani ham yuqoridagi fikrlarimizning isbotidir. Oʻsha kuni keksa otaxonu onaxonlar davlatimiz rahbariga tashrifi, eʼtibori uchun minnatdorlik bildirdi. Zero, Prezidentimizning bu yerda madaniy tadbirlar oʻtkazish uchun yangi bino hamda Nuroniylar parkini barpo etish boʻyicha mutasaddilarga bergan koʻrsatmalaridan ularning hayotga muhabbati, yashash zavqi oshganiga shubha yoʻq. Shuningdek, bu kabi nuroniylarni har yili bir marta yurtimizning eng yaxshi sanatoriylarda sogʻlomlashtirish vazifasi topshirilgani ham keksalar salomatligini saqlash borasidagi ezgu amallardan biri boʻldi.

Bu yoʻnalishdagi qaysi bir davlat dasturini olmang, unda keksalarga gʻamxoʻrlikning chinakam ifodasi aks etgan.

Oʻtgan yili davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida keksalar, jumladan, yolgʻiz keksalar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaxlit va taʼsirchan tizim yaratish zarurligi, bu toifa uchun ajratilayotgan ijtimoiy toʻlovlar miqdorini qayta koʻrib chiqish kerakligini alohida taʼkidlagan boʻlsa, joriy yil “Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni koʻra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi gʻayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, koʻzlagan marralarga albatta yetamiz. Nuroniy otaxon va onaxonlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz ham qarz, ham farzdir”, degan qatʼiy chorlovlari bilan ularga boʻlgan yuksak ehtiromini namoyon etdi.

Shuningdek, respublika “Nuroniy” jamgʻarmasining moliyaviy imkoniyatlari yana-da kengaytirilishi, buning uchun ushbu jamgʻarmaga byudjetdan 100 milliard soʻm ajratilishi, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 16 mingdan ziyod keksalarga yordam berish, toʻlovlar miqdorini oshirish, koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish vazifalari ham belgilab berildi.

Xalqimiz sevib tomosha qiladigan “Otalar soʻzi — aqlning koʻzi” koʻrsatuvining mazmunan boyitilishi, “Mahallada gurung”, “Nuroniylar maslahati” kabi yangi koʻrsatuvlar tashkil etilishi haqidagi takliflar esa ushbu ishlar koʻlamini yana-da oshirdi.

Sargardonliklar ortda qoldi

Bundan 5-6 yillar ilgari ham pensiyaga chiqishda talab etiladigan hujjatbozlik, pensiya olish bilan bogʻliq muammolar koʻpchilikni holdan toydirib qoʻygan edi.

Qishning qahratonida oyogʻidan zax yeb, yozning saratonida qon bosimi ortsa-da, qariyalar plastik kartadagi nafaqa pulini qisman naqdlashtirish uchun navbat olib, banklar ostonasida oʻtirishga majbur edi. Bazoʻr navbati kelganida, nevarasi tengi yigit-qizlardan “pul tugadi, boshqa kuni kelasiz” degan gapni eshitish ularga ogʻir botdi, koʻngillari ogʻridi. Oʻsha kunlarni eslar ekan, andijonlik 78 yoshli Qosimboy ota Islomov: “Mana endi u kunlarni birovga aytsangiz, ishongisi kelmaydi. Toʻgʻri-da, pensiyamizni oʻz vaqtida, yana toʻliq naqd pul qilib, uy-uyimizga olib kelib berayotganlarini koʻrgan nevaralarimiz hamisha shunday boʻlgan, deb oʻylaydi-da, axir. Ayniqsa, karantin kuchaygan davrda pullarimizni maxsus oʻrab, dezinfeksiyalab yetkazib turgani uchun hukumatimizga mingdan-ming rahmat deymiz”, deydi mamnuniyat bilan.

Bugun ham ishlab, ham nafaqa pulini toʻliq olayotgan tajribali, keksa xodimni hech kim “ishlasangiz “nafaqangiz 50 foizga qisqaradi” deb xavotirga solayotgani yoʻq. Ular emin-erkin ishlayapti, nafaqasini toʻliq olyapti. Aksincha, gʻamxoʻrliklarning eng avvali fidoyi, gʻayratli, tajribali keksa xodimlarga qaratilyapti. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, ularning boy tajribasi, malakasi, yoʻl-yoʻriq va maslagi biz uchun gʻoyat qadrli.

Oʻzbekiston aholisining qariyb oʻndan birinigina tashkil etayotgan keksa avlod vakillarining har biri nafaqat moddiy, balki maʼnan, ruhan ham qoʻllab-quvvatlanishga munosibdir. Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, 2020-yil soʻngida yurtimizda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 million 824 mingni tashkil etgan boʻlsa, ularning 2 849 118 nafari yoshga doir pensiya oluvchilar, 402 nafari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, 15 nafari esa mehnat fronti faxriylaridir.

Orzular armonlarga aylanmas endi

Farzandlarimiz hayotdagi yoʻllarini topib, oʻzlaridan tinib-tinchib ketgan chogʻida ham ularni oʻylayveradigan mehribon xalqmiz. Zero, bolajonligimiz ham ota meros qadriyatlarimizdan. Ammo keksalikning ham oʻz zavqi, oʻz gashti boʻlishi kerak ekan.

— Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ana shu kabi keksalarimizning orzulari roʻyobiga ham xizmat qilmoqda, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi oʻrinbosari Shuhrat Usmonov. — Mazkur qaror keksalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni mazmunan yangi bosqichga olib chiqdi, deyish mumkin.

Jumladan, qaror bilan nuroniylarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish va ularga berilayotgan ijtimoiy, tibbiy va maishiy xizmat turlarini kengaytirish va sifatini oshirish barobarida har yili noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi”ni oʻtkazish belgilandi. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan I guruh nogironligi boʻlgan sayohat qiluvchi keksalar roʻyxati shakllantirilib, mazkur oylikning ahamiyati keksa avlod vakillari, nuroniylar oʻrtasida keng targʻib etildi.

Oʻtgan yili mazkur oylik ilk bor mamlakatimiz boʻylab yuksak saviyada tashkil etilib, unga jami 56 ming 228 nafardan ortiq keksalar qamrab olindi. Ularning 10 151 nafari kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar ekani esa tadbirning ahamiyatini yana-da oshirdi.

Keksa sayohatchilarning maroqli dam olishlari uchun respublikamizdagi mehmonxona va mehmon uylari, umumiy ovqatlanish joylaridagi xizmatlar uchun esa chegirmalar joriy etildi. Shuningdek, oylik mobaynida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan ichki avia yoʻnalishlarda, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan respublika ichidagi amaldagi tariflarga hamda “Uzautotrans Service” MCHJ tomonidan mahalliy yoʻnalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga ham 15 foizdan 25 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar berildi.

  • Avval biz ham qachon sayohatlarga boramiz, vatanimizning mashhur joylarini koʻramiz, deb orzu qilib yashar edik. Oʻzbekchilik-da, bolam-chaqam deymiz. Toʻy-maʼrakamiz koʻp. Kamchilik oʻzidan ortinib, sayohatga, ziyoratga borar edi. Hozirga kelib, keksalarga imtiyozlar yaratildi. Shuning uchun har yili sayohat qiladiganlar bor. Biz ham shu imtiyozlardan foydalanib, Samarqand, Buxoro, Xivalarni koʻrib keldik. Ming marta eshitgandan bir marta koʻrgan afzal, deb bejiz aytilmaganiga guvoh boʻldik, — deydi poytaxtning Olmazor tumanidagi “Nihol” MFYda istiqomat qilayotgan Farida aya Mahmudova. – Bu kabi shukronalikka yoʻgʻrilgan fikrlar emin-erkin yurt kezayotgan qancha-qancha otaxonu onaxonlar diliga jo boʻldi.

Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlaridagi 14 ta ziyoratgohga keksalarning bepul kiritilishi yoʻlga qoʻyilganida ham ularni ruhan qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan. Shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan ham Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi 49 ta madaniy meros obyektlariga kirishda chegirmalar joriy qilindi. 1200 nafar faxriylarning konsert va teatrlarga tashrifi tashkil etildi.

Koronavirus balosi butun dunyoga, shu jumladan, yurtimiz aholisi salomatligiga ham jiddiy xavf tugʻdirayotgani bois tashkil etilgan barcha sayohatlar, belgilangan loyiha va tadbirlar karantin talablari, shifokorlar koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilingan holda oʻtkazildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ushbu oylikda ishtirok etgan keksalarga zarur paytda shifokorlar tomonidan kerakli tibbiy yordam koʻrsatildi. Shu bilan birga, turizm oyligi doirasida “Har kuni 5 ming qadam” shiori ostida piyoda yurish marafonlari oʻtkazilib, sogʻlomlashtirish targʻib qitlindi.

Keksalar sogʻligi — yurt boyligi

Qorakoʻllik 84 yoshli Xayitmurod ota Sattorov va uning oʻnga yaqin tengqurlari tuman markaziy kasalxonasiga minnatdorlik bildirar ekan, bugun nafaqat Buxoro, respublikamizning barcha hududlarida keksalarga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati avvalgidan sezilarli darajada yaxshilanganini alohida tilga oldilar. Bugun hamshiralarning qariyalar holidan muntazam xabar olayotgani, karantin paytida kerakli dori-darmonlarning yetkazib turilgani ortidan Xayitmurod ota kabi ming-minglab qariyalar hayotdan rozi boʻlib, xizmatlariga shay turgan barcha-barchadan minnatdor boʻlyapti, duoga qoʻl ochyapti.

Shu oʻrinda aytish joizki, oʻtgan yili Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan jami 22845 nafar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan, urush va mehnat fronti faxriylari sogʻlomlashtirildi.

Korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan 3508 nafar pensionerlar, shuningdek, kasaba uyushmasi aʼzolarining pensioner ota-onalari imtiyozli, 300 nafari bepul sogʻlomlashtirildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika Boshqaruviga taqdim etgan maʼlumotga koʻra, 12 ming 876 nafar keksa nuroniylar turli sanatoriylar va sihatgohlarda sogʻliqlarini tiklagan, 66 ming nafari bepul chuqur tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.

 

Yorugʻ kunlar uchun kurashganlarni kaftda asraymiz

Prezidentimizning “Biz urush va front orti faxriylarini faqatgina bayramlarda emas, balki doimo eʼzozlab, ardoqlashimiz, ularning sogʻligi haqida har kuni, har soatda oʻylashimiz lozim. Joriy yilda ularga har tomonlama eʼtibor yana-da kuchaytiriladi. Jumladan, mamlakatimizning eng yaxshi sanatoriylarida ularning salomatligini mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratamiz”, degan gaplaridan urush faxriylarining koʻngillari togʻdek koʻtarilgani aniq.

Oʻtgan yili 9-may “Xotira va Qadrlash kuni” arafasida urush qatnashchilarining har biriga 10 million soʻm miqdoridagi bir yoʻla toʻlanadigan mukofot pullari tantanali ravishda topshirilgani, betob qariyalarning uylariga olib borib berilgani yuksak eʼtiborning amaldagi ifodasidir.

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida esa “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika Boshqaruvining murojaatiga muvofiq, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan jamgʻarmaga taqdim qilingan 1860 dona dori-darmon aptechkalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida istiqomat qilib turgan nogironlar va yolgʻiz keksalar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylariga yetkazib berildi.

Kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan 240 nafar yolgʻiz keksa va nogironlarga 57,8 million soʻmlik kommunal xizmatlar uchun toʻlovlari qisman qoplab berildi. Respublikamizdagi “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida istiqomat qilayotgan qariyalarga, nogiron hamda yolgʻiz keksalarga kasaba uyushmalari hisobidan 75,6 million soʻmlik xayriya ishlari amalga oshirildi.

2020-yili Vatanimiz davlat mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalardagi uzoq yillik halol mehnatlari uchun hamda ishlamasdan, jamiyatda mustahkam oilani saqlab qolgan onalardan iborat jami 393 nafar faxriylar, jumladan, ularning 144 nafari I-darajali, 124 nafari II-darajali, 125 nafari III-darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Taqdirlangan faxriylarga jami 211 million 404 ming soʻm miqdoridagi mukofot pullari jamgʻarma hisobidan topshirildi.

Faxr bilan aytish mumkinki, biz har bir ishda kattalar maslagiga tayanadigan, kichik bir oilaviy ziyofatdan tortib, toʻylargacha davralarimiz toʻrini nuroniylarimizsiz tasavvur eta olmaydigan millat vakillarimiz. Shunday ekan, keksalarga boʻlgan cheksiz hurmatimiz, ular oldidagi bitmas-tuganmas farzandlik burchimiz bizni ular duosini olishga, ularni rozi qilishga undayveradi. Buning yana bir hikmati shundaki, farzandlarimiz ham oʻz-oʻzidan bu anʼananing davomchilariga aylanib, keksalar duosining oltindan qimmat ekanini anglab borishadi. Shuning uchun ham elimiz, yurtimiz keksalar duosi bilan yashnayveradi.

Munojat MOʻMINOVA,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri