“Kelajak soati” — ona tiliga muhabbat darsi

    Toshkentdagi 248-maktabda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov tomonidan “Kelajak soati” darsi oʻtkazildi.

    21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi 248-umumtaʼlim maktabida “Kelajak soati” darsi boʻlib oʻtdi.

    Darsni “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dosyent, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorov olib bordi.

    Tadbir davomida ona tilimizning inson hayotidagi oʻrni, uning maʼnaviy va siyosiy qudrati, xalq tafakkuri va milliy ongni shakllantirishdagi roli haqida mulohazalar bildirildi.

    Salim Doniyorov oʻz maʼruzasida oʻzbek tilining buyuk ijodkorlar merosidagi oʻrni, uning jozibasi va soʻz boyligi, shuningdek, dunyo tillari orasida tobora keng eʼtirof etilayotgani haqida soʻzlab, yoshlarni ona tiliga ehtirom va faxr tuygʻusi bilan yondashishga chorladi.

    Multimedia vositalari asosida tashkil etilgan “Kelajak soati” darsi interaktiv va doʻstona muhitda oʻtdi. Viktorina savollari orqali oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalari sinovdan oʻtkazilib, faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

    Bu kabi uchrashuvlar yoshlar ongida ona tilimizga boʻlgan muhabbat, tilga hurmat ruhining shakllanishida muhim oʻrin egallaydi.