Bugun dunyo globallashuv yoʻlida. Har kuni yuzlab yangi atamalar va xorijiy soʻzlar tilimizga kirib kelmoqda. Bu tabiiy jarayon, ammo uning xavfi shundaki — agar tilimizning tabiiy jozibasi yoʻqolsa, oʻzligimiz ham soʻnib boradi.
Tilni asrash degani chet soʻzlarni toʻsish emas, balki ularning oʻzbekcha muqobillarini yaratish va amalda qoʻllashdir. Chunki har bir yangi soʻz millat ongining bir boʻlagi, fikrlash tarzining koʻzgusidir.
Koʻpincha “bu soʻzni oʻzbekchada aytolmaymiz, ruscha yoki inglizchada chiroyli chiqadi” degan fikrni eshitamiz. Lekin bu notoʻgʻri. Til – tashqi koʻrinish emas, ichki mazmundir. Agar soʻzni samimiy va toʻgʻri ishlatsak, u har qanday xorijiy atamadan chiroyliroq yangraydi.
Til va kitob – ikki qanot
Oʻzbek tilining boyligi — kitobda. Kitob oʻqimagan joyda soʻz soʻnib boradi. Hozirgi avlod internet va qisqa videolarga koʻproq berilib, kitobdan uzoqlashmoqda. Natijada soʻz zaxirasi ham kamaymoqda.
Bola kitob oʻqisa, uning nutqi ravon, tafakkuri boy boʻladi. Kitob — tilning nafasi, qalbini sogʻlom saqlab turadigan maʼnaviy ozuqadir.
Tilsiz millat boʻlmaydi
Tilsiz millat — tanasiz ruh kabi. U nafas ololmaydi, fikr qilolmaydi, tarix yaratolmaydi. Har bir buyuk davlat oʻz tili bilan buyuk boʻlgan: ruslar tilini asragan, inglizlar dunyoga taʼsir etgan, yaponlar texnologiyani ham ona tilida yaratgan.
Shuning uchun tilni asrash — milliy mustaqillikni asrash demakdir. Millatning yuragi til bilan uradi, uning nafasi ham soʻz bilan chiqadi.
Har bir inson – til posboni
Tilni hech kim kelib asrab bermaydi. Uni har bir inson asraydi:
- Ona bolasi bilan sof oʻzbekcha gaplashsa – til tirik.
- Oʻqituvchi darsni ona tilida oʻtsa – til tirik.
- Muhandis, shifokor, yozuvchi oʻzbekcha fikrlasa – til tirik.
Tilni tirik saqlash farmon bilan emas, muhabbat bilan boʻladi.
Yoshlar va ona tili masʼuliyati
Yoshlar zamonaviy texnologiyalar va chet tillarni oʻrganish bilan birga, ona tiliga ham muhabbat bilan qarashlari kerak. Chet tilini bilish afzallik, ammo ona tilini bilish — burch.
Til — faqat soʻz emas, u insonning qalbidan chiqqan hisdir. U ona qoʻshigʻidagi “jonim bolam” degan soʻzda, bobo hikmatlarida, xalqning ogʻzaki xotirasida yashaydi.
Xulosa qilib aytganda, til — millatning abadiy qoʻrgʻoni. Agar bu qoʻrgʻonni himoya qilmasak, millatning oʻzi ham himoyasiz qoladi.
Ona tili – millatning tirik nafasi, elning ruhiy suyanchi va kelajakning kalitidir.
Zulxumor Akbarova








