Jahon minbarlarida yangrayotgan ona tilim

    Til – shunchaki soʻzlar yigʻindisi emas. U – millatning ruhi, uning ming yillik tarixi, madaniyati, oʻzligi va tafakkurining betakror koʻzgusidir.

    Davlat mustaqilligining eng muhim ramzlaridan biri ham – bu uning davlat tilidir. Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur”. Barchamizni birdek quvontiradigani shuki, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi bilan ana shu oyinai hayotimizga eʼtibor tubdan oʻzgarib, uning jamiyatdagi oʻrni va nufuzi tobora mustahkamlanib bormoqda.

    Mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat zamirida milliy oʻzlikni anglash, Vatan taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish kabi ezgu maqsadlar mujassam. Bu – Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyot yoʻlidagi eng ustuvor vazifalardan biridir. Davlat tilini rivojlantirish borasidagi tarixiy farmon va qarorlarning qabul qilinishi ona tilimiz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichini boshlab berdi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ushbu yoʻnalishdagi amaliy harakatlar rivoji uchun katta yoʻl ochdi. Bu saʼy-harakatlar shunchaki qogʻozlarda qolib ketmayapti, biz ularning amaliy ifodasini kundalik hayotimizda, koʻchalarimizda, insonlar muloqotida koʻrib, his qilib turibmiz. Bu oʻzgarishlar, avvalo, yosh avlod qalbida ona tiliga boʻlgan mehr va hurmat tuygʻularini shakllantirishda, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.

    Shahar kezarkanmiz, atrofga nazar solsak, koʻzimiz naqadar yoqimli oʻzgarishlarga tushadi. Ilgari xorijiy soʻzlar bilan toʻldirilgan peshtaxtalar oʻrnida bugun jarangdor oʻzbekcha nomlarning paydo boʻlayotgani dillarga iliqlik ulashadi. Bir paytlar faqatgina chet el soʻzlari bilan atalgan tadbirkorlik subyektlari, doʻkonlar va xizmat koʻrsatish maskanlari endilikda oʻzimizning maʼnodor va goʻzal soʻzlarimizni tanlayotgani milliy gʻururimizning amaldagi tantanasi sanaladi. “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yozuv bilan birga, “Orzu”, “Ishonch”, “Saodat”, “Baraka” kabi sof oʻzbekcha nomlarni koʻrganda, beixtiyor qalbingizda shu yurtga, shu elga boʻlgan muhabbatingiz yanada ortadi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatda sogʻlom mafkuraviy muhitni yaratishga xizmat qiladi.

    Tadbirkorlarimizning bu kabi tashabbuslari ularning nafaqat oʻz faoliyatiga, balki Vatan kelajagiga va milliy qadriyatlarimizga ham chuqur hurmat bilan yondashayotganidan dalolat beradi. Ular davlat siyosatini nafaqat soʻzda, balki amalda ham qoʻllab-quvvatlayotgan fidoyi insonlardir. Bu jarayon oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq, albatta. U jamiyatimizdagi maʼnaviy uygʻonishning, oʻzligimizga qaytishning yorqin ifodasidir.

    Ayniqsa, umumiy ovqatlanish shoxobchalaridagi oʻzgarishlar tahsinga loyiqdir. Toshkentimizning markaziy koʻchalarida sayr qilar ekansiz, milliy ruh ufurib turgan “Beshqozon”, “Afsona”, “Oʻzbegim”, “Tandir” kabi nomli tamaddixonalarga koʻzingiz tushadi. Ularga kiriboq, oʻzbekona mehmondoʻstlik va milliy kolorit muhitiga shoʻngʻiysiz. Eng quvonarlisi, koʻplab restoran va kafelarda taomnomalar nafaqat boshqa tillarda, balki birinchi navbatda davlat tilida, goʻzal va bexato uslubda taqdim etilayotganidir. Sevimli taomlarimizning nomini oʻz tilimizda oʻqib, uning taʼmini his qilish oʻzgacha zavq bagʻishlaydi. Bu kichik, ammo muhim jihat xizmat koʻrsatish madaniyatining yuksalayotganini koʻrsatish barobarida, yurtimizga kelgan xorijiy mehmonlarga ham oʻzbek tilining naqadar boy va jozibador ekanini namoyon etish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Bu holat mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantirishga ham munosib hissa qoʻshmoqda. Menyudagi har bir soʻz, har bir jumlada tilimizning nafosati aks etib tursa, ajab emas. Bu, oʻz navbatida, tilimizning kundalik isteʼmoldagi mavqeini mustahkamlab, uning hayotiyligini taʼminlaydi.

    Albatta, erishilgan yutuqlar bilan birga, davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratishimiz lozim boʻlgan masalalar ham mavjud. Baʼzan poytaxtimiz va boshqa shaharlarimizdagi ayrim joy nomlariga koʻzimiz tushganda, koʻngilda bir oz xijolat paydo boʻladi. Nega goʻzal va betakror oʻlkamizda, boy tarixga ega diyorimizda xorijiy nomlar bilan atalgan turar-joy majmualari, savdo markazlari hamon uchrab turibdi? Axir, bizning tilimizda har qanday zamonaviy, hashamatli inshootga ham munosib, jarangdor va maʼnoli nom topish mumkinku. Tarixga nazar tashlasak, ajdodlarimiz har bir qishloq, mahalla, guzar yoki tepalikka shunchaki nom qoʻymagan. Har bir toponim zamirida chuqur maʼno, tarixiy voqelik yoki oʻsha joyning oʻziga xos xususiyati yashiringan boʻladi. “Chinor”, “Oqtepa”, “Gulzor”, “Koʻkcha” kabi nomlarning oʻziyoq kishida muayyan tasavvur uygʻotadi. Sovet davrida mafkura talablaridan kelib chiqib oʻzgartirilgan koʻplab tarixiy nomlarning mustaqillik yillarida qayta tiklangani muhim qadam boʻldi. Endilikda, yangi bunyod etilayotgan inshootlarga nom berishda ham ana shu anʼanalarga sodiq qolish, milliy ruhni birinchi oʻringa qoʻyish maqsadga muvofiqdir. Joy nomlari – millatning hududiy pasporti, uni begona va tushunarsiz soʻzlar bilan toʻldirish esa milliy oʻzlikni anglash jarayoniga ziddir va mafkuraviy immunitetimizga raxna solishi mumkin.

    Bugungi globallashuv davri oldimizga yangi va murakkab vazifalarni qoʻymoqda. Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan bir paytda oʻzbek tilining virtual olamdagi oʻrnini mustahkamlash milliy xavfsizlik darajasidagi gʻoyat dolzarb masalaga aylanmoqda. Hozirda koʻplab neyrotarmoqlar va aqlli tizimlar yaratilmoqda, ammo ularning aksariyati uchun oʻzbek tili hali ham “begona” yoki “kambagʻal” til boʻlib qolmoqda. Sunʼiy intellekt bilan oʻzbek tilida muloqot qilganda, baʼzan uning soʻzlarni tushunishda, jumla tuzishda qiynalayotganini, maʼno va mantiqni ilgʻay olmayotganini kuzatamiz. Bu holat bir tomondan tilimizning murakkab va serqirra tabiatidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, dasturchi va tilshunos olimlarimiz oldida hali ulkan vazifalar turganini koʻrsatadi.

    Oʻzbek tilining xalqaro axborot maydonidagi, internet va zamonaviy texnologiyalardagi ishtirokini kengaytirish uchun fundamental tadqiqotlar, yirik hajmdagi raqamli lugʻatlar, matn korpuslari va lingvistik platformalar yaratish hayotiy zaruratga aylangan. Bu “Raqamli Oʻzbekiston” strategiyasining ajralmas qismi boʻlmogʻi lozim. Tilimizning butun boyligini, uning grammatik va leksik imkoniyatlarini sunʼiy intellektga “oʻrgatish” orqali biz uning kelajagini taʼminlaymiz va uni jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismiga aylantiramiz. Shu bois yosh dasturchilarimiz va olimlarimiz bu yoʻnalishda faol ish olib borishlari, davlatimiz esa ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi lozim. Bu – shunchaki xohish-istak emas, balki kelajak oldidagi strategik vazifadir. Zero, kelajak avlod oʻz ona tilida eng zamonaviy texnologiyalardan bemalol foydalana olish imkoniyatiga ega boʻlishi shart.

    Tilga eʼtibor – elga eʼtibor. Bu shunchaki shior emas, balki millatning maʼnaviy yuksalishi va davlatning barqaror rivojlanishining asosiy shartlaridan biridir. Farzandlarimizga ona tilimizning bor goʻzalligi va jozibasini his ettirish, ularni oʻz tilida erkin va ravon fikrlaydigan, badiiy adabiyotni sevib mutolaa qiladigan insonlar etib tarbiyalash har bir ota-ona, har bir ustoz va ziyolining muqaddas burchidir. Munis onalarimizning allalari bilan qon-qonimizga singgan, bobolarimizning oʻgitlari bilan shuurimizga oʻrnashgan ona tilimizni koʻz qorachigʻidek asrash, uni boyitish va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish barchamizning davlat va jamiyat oldidagi ezgu maqsadimizga aylansin.

    Oʻzbek tili – bizning faxrimiz, gʻururimiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan uning dovrugʻi yuksak minbarlardan, xalqaro anjumanlardan baralla yangramoqda. Dunyoning turli burchaklarida oʻzbek tilini oʻrganishga, Navoiy va Bobur sheʼriyatini asl nusxada oʻqishga boʻlgan qiziqish ortib borayotgani mamlakatimizning ortib borayotgan xalqaro nufuzidan dalolat beradi va bizga cheksiz mamnuniyat bagʻishlaydi.

    Muhayyo ISMOILOVA,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Toshkent shahar boʻlimi rahbari