Kelajakni loyihalash: “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida rivojlanishning muhim istiqbollari

    Mamlakatimizda 14 Dekabr 2023 1279

    Joriy yil 12-dekabrda Toshkent shahrida “Kelajakni loyihalash: “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida rivojlanishning muhim istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Mazkur anjuman boshidanoq mamlakatdagi transformatsiya jarayonlari, mavjud muammolar, rivojlanishning istiqbolli yoʻnalishlarini texnologiya va geosiyosiy voqelikning global tendensiyalarini hisobga olgan holda ekspertlik muhokamasi uchun ochiq maydonga aylandi.

    Anjumanda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi ustuvor dastur va loyihalarni tahlil va tadqiq qilish, ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish bilan shugʻullanuvchi keng koʻlamli milliy va xalqaro tashkilotlar, tuzilma va muassasalar vakillari, jumladan ekspertlar, yetakchilar, menejerlar va rahbarlar ishtirok etdi.

    Taʼkidlangandek, 2017-yildan boshlab Oʻzbekiston keng koʻlamli tub oʻzgarishlar yoʻlini bosib oʻtdi. Bugungi Oʻzbekiston nafaqat zamonaviy jahon tendensiyalari yutuqlarini qabul qiladigan va moslashtiradigan, balki oʻzi ham kamida mintaqaviy kun tartibini shakllantirguncha yuzaga chiqadigan harakatchan, yangiliklarga ochiq hamda dunyo hamjamiyatining doimiy ravishda rivojlanib boruvchi aʼzosini oʻzida aks ettiradi.

    Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jadallashgan va Oʻzbekiston yangi taraqqiyot yoʻliga qadam qoʻymoqda, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, taʼlimiy, ilmiy muhitning oʻzi esa ancha murakkab va serqirra boʻlib boryapti.

    Bu oʻrinda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qabul qilinishi va “inson – jamiyat – davlat” tamoyilga asoslangan islohotlar falsafasining keyingi evolyutsiyasi tabiiy koʻrinadi.

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi kelgusi yetti yilda iqtisodiyot, ijtimoiy farovonlik, siyosat va xavfsizlik sohalarida koʻp qirrali islohotlarni rejalashtirishning asosiy platformasiga aylandi. Unda jamiyatda intellektual resurslarni birlashtirish, sohaviy va tarmoq reja va dasturlarini muvofiqlashtirish, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni taqozo etuvchi ulkan maqsadlar qoʻyildi.

    Toshkentda boʻlib oʻtgan anjuman turli manfaatdor tomonlar oʻrtasida fikr va tajriba almashish, islohotlar jarayoni va uning mintaqaviy va global ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatga mumkin boʻlgan taʼsirini har tomonlama tushunishga xizmat qildi.

    Xususan, taʼkidlangandek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishida jami 17 ta maqsadlar belgilangan. Jumladan kelgusi 7 yillikda iqtisodiyotimizni 2 barobar oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirish maqsad qilingan.

    Iqtisodiy taraqqiyot boʻyicha taniqli ekspertlarning fikricha, mavjud salohiyatni inobatga olgan holda Oʻzbekiston iqtisodiyoti keyingi oʻn yilliklarda mintaqadagi eng rivojlangan iqtisodiyotni qurishi va nafaqat oʻzi balki qoʻshni davlatlarni ham oʻrta rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishi mumkin. Ushbu maqsadlar uchun 2030-yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalar talab etiladi. Bundan 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobiga, 40 milliard dollarni – davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish koʻzda tutilgan.

    Tadbir uchta asosiy yoʻnalishni qamrab oldi. Bular:

    - iqtisodiy oʻsish va transformatsiya strategiyalari;

    - inklyuziv va barqaror jamiyat qurish;

    - energetika va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish strategiyalaridir.

    Muhokamalar davomida aytilgandek, Oʻzbekistonda oʻzgarishlar markazida inson, uning huquq va qonuniy manfaatlari turibdi. Inson kapitaliga, bilim va innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri, uning raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatni barqaror rivojlantirish sharti sifatida qarab kelinyapti.

    Ekspertlarning fikricha, tabiiy va energiya resurslaridan barqaror va samarali foydalanishga asoslangan “yashil” iqtisodiy oʻsishning Milliy strategiyasi atrof-muhit ifloslanishini minimal darajaga tushirish orqali tabiiy ofatlar hamda iqlim oʻzgarishiga chidamliligini oshirishga qaratilgan.

    Muhokama yakunlari boʻyicha “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga yanada samaraliroq, resurs tejamkorlik bilan erishish, islohotlar jarayonlariga ilgʻor ilmiy, uslubiy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Progressiv islohotlar markazi matbuot xizmati.

    Tadbir Progressiv islohotlar markazi tomonidan Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti, Yevropa – Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bilan birgalikda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi koʻmagida tashkil etildi.

    Konferensiya ishtirokchilari mulohazalari:

    Mirshohid Aslanov, Progressiv islohotlar markazi direktori:

    — Bizning tobora murakkablashib borayotgan dunyomizda boshqaruv va ijtimoiy dinamika masalalari har qachongidan ham mustaqil “aql markazlari”ning tajribasini talab qiladi.

    Progressiv islohotlar markazi jamoatchilik ishtiroki, faol akademik munozara va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun platforma yaratishga intiladi.

    Biz Oʻzbekistonni ushbu strategiya va Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq iqtisodiyotning barcha tarmoqlari mutanosib va ​​barqaror rivojlanayotgan, koʻp qirrali sinovlarga chidamli, tinch va xavfsiz mintaqa qurishda faol pozitsiyani egallagan ilgʻor va rivojlangan davlat sifatida koʻramiz.

    Adrian Nil, Yevropa Ittifoqining Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash va soha bilimlarini oshirish dasturi (ASK Faility) rahbari:

    — Oʻtish davri sekin kechadigan jarayon, ayniqsa, qishloq xoʻjaligida, oʻzgarishlarning natijasi va oqibatlarini darhol emas, uch-toʻrt yildan keyin sezasiz. Bugungi kunda butun dunyo, jumladan, Oʻzbekiston ham oziq-ovqat tizimlarining global beqarorlashuviga duch kelyapti. Shuni taʼkidlash joizki, suvning deyarli 85 foizi yomon tizimlar va infratuzilma tufayli yoʻqoladi.

    Soʻnggi yillarda suvni tejash, chorvachilik, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha strategiyalarni oʻz ichiga olgan qator hujjatlar qabul qilingan boʻlsada, ularning aksariyati muvofiqlashtirilmagani ularni samarali amalga oshirish va koʻzlangan maqsadlarga erishishga toʻsqinlik qilyapti. Barcha omillarni oʻrganish, vaziyatni obyektiv va batafsil tahlil etish va manfaatdor tomonlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari orqali vaziyatni oʻzgartirish mumkin.

    Progressiv islohotlar markazi.