Bu voqealar bizning kundalik faoliyatimizga, xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalarga qay darajada ijobiy taʼsir koʻrsatishi haqida oʻyladim va baʼzi fikrlarim bilan oʻrtoqlashgim keldi.
Har qanday davlatlararo mustahkam aloqalar, avvalo, samimiy qoʻshnichilik va oʻzaro hurmatdan boshlanadi. Davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyo yetakchilari bilan navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish uchun maxsus yigʻilishda qatnashgani mintaqamizda ana shunday sogʻlom va ishonchli muhit tobora mustahkamlanib borayotganini koʻrsatadi. Xabarlarda yil yakuniga qadar parlamentlararo forumlar, madaniy-gumanitar tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgani aytildi. Bu biz uchun juda muhim. Chunki siyosatchilar va tadbirkorlar oʻzaro kelishuvlarga erishsa, madaniyat ahli odamlarning qalblarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Tinch va doʻstona muhitdagina ijodkor ilhomlanadi, sanʼat rivojlanadi, madaniy meros asrab-avaylanadi.
Tashrifning eng hayajonli lahzalaridan biri, shubhasiz, Yurtboshimizga Turkmanistonning yuksak davlat mukofotining topshirilishi boʻldi. Bu shunchaki rasmiy marosim emas, balki ikki qardosh xalqning bir-biriga boʻlgan chuqur hurmatining, tarixiy rishtalari mustahkam ekanining samimiy ifodasi hisoblanadi. Prezidentimizning bu mukofotni butun Oʻzbekiston xalqiga koʻrsatilgan ehtirom deb bilishini aytgani esa har birimizga gʻurur bagʻishlaydi. Bu kabi voqealar bizni yanada ahil boʻlishga, umumiy ildizlarimizni qadrlashga undaydi.
Anjumanda dengizga chiqish imkoni boʻlmagan mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekiston uchun transport yoʻlaklari masalasi qanchalik dolzarb ekani yana bir bor taʼkidlandi. Albatta, logistika xarajatlari, yuklarni yetkazib berishdagi qiyinchiliklar iqtisodiyotga katta taʼsir qiladi. Lekin men bu masalaning boshqa bir jihatini ham koʻraman. Yangi yoʻllar, temir yoʻllar qurilishi – bu nafaqat yuklar, balki odamlar, gʻoyalar va madaniyatlar almashinuvi uchun ham keng imkoniyat demakdir. “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” yoki “Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston” kabi yirik loyihalar zamonaviy “Ipak yoʻli”ning yangi shoxobchalari desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu yoʻllar orqali yurtimizga koʻproq sayyohlar keladi, bizning hunarmandlarimiz, rassomlarimiz, musiqachilarimiz ham oʻz ijodlarini olis yurtlarga osonroq yetkaza oladilar. Bu oʻzaro madaniy boyishga, bir-birimizni yaxshiroq tushunishga olib keladi. Transport aloqalari qanchalik qulay boʻlsa, muzeylarimiz oʻrtasida koʻrgazmalar almashish, teatrlarimizning gastrol safarlarini uyushtirish, yoshlarimizning qoʻshni mamlakatlardagi festivallarda ishtirok etishi shunchalik osonlashadi, degan fikrlar xayolimdan oʻtdi.
Avazada oʻtkazilgan milliy kunlar koʻrgazmasi haqidagi xabarni oʻqib, ayniqsa, quvondim. Anʼanaviy oʻzbek hovlisi shaklida qurilgan pavilonimizda milliy madaniyatimiz, hunarmandchiligimiz namoyish etilgani ajoyib tashabbus. Bunday tadbirlar yuzlab siyosiy anjumanlardan koʻra koʻproq samara berishi tayni. Chunki odamlar bir-birining milliy libosini, musiqasini, taomini, amaliy sanʼatini oʻz koʻzi bilan koʻrganda, ular oʻrtasida soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan bir yaqinlik, mehr paydo boʻladi. Bu bizning kimligimizni, mehmondoʻstligimizni, maʼnaviy boyligimizni soʻzsiz namoyon etishning eng yaxshi usuli sanaladi. Mintaqamiz xalqlarining madaniyati shu qadar bir-biriga yaqinki, bunday tadbirlar umumiy qadriyatlarimizni qayta kashf etishga yordam beradi.
Yana bir muhim jihat – Yurtboshimizning BMT Bosh kotibi bilan uchrashuvi va unda Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining navbatdagi sessiyasiga tayyorgarlik masalasi muhokama qilinganidir. Bunday nufuzli tadbirning aynan qadimiy Samarqandda oʻtkazilishi – mamlakatimizga bildirilgan katta ishonch. Bu biz, madaniyat sohasi vakillari zimmasiga ham ulkan masʼuliyat yuklaydi. Biz nafaqat Oʻzbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning boy va takrorlanmas madaniyatini, tarixiy obidalarini, bugungi yutuqlarini butun dunyoga munosib tarzda koʻrsatishimiz kerak boʻladi.
Umuman olganda, Prezidentimizning bu tashrifi va ilgari surgan tashabbuslari shunchaki siyosiy yoki iqtisodiy qadamlar emas. Ular mintaqamizda barqaror tinchlikni taʼminlash, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash va madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Bizning vazifamiz esa ana shu jarayonlarda faol ishtirok etib, madaniyatning biriktiruvchi kuchidan unumli foydalanish, bu aloqalarni yanada jonlantirish va mazmunan boyitishdan iborat. Zero, iqtisodiyot insonning moddiy farovonligini taʼminlasa, madaniyat uning maʼnaviy dunyosini toʻldiradi. Bu ikki yoʻnalish bir-birini toʻldirib rivojlangandagina jamiyatda yuksalish boʻladi.
Muhayyo ISMOILOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Toshkent shahar boʻlimi rahbari
Hamkorlik materiali









