Kichik tadbirkorlarga moliyaviy yordamlar koʼrsatiladi

    “Tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlash davlat jamgʼarmasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

    Farmonga koʼra, 2022-yil 1-iyuldan Tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlash davlat jamgʼarmasi tomonidan kichik tadbirkorlar loyihalariga banklarning 5 milliard soʼmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kredit va lizinglari boʼyicha uning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʼp boʼlmagan qismini qoplash uchun 3 yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi.

    Jamgʼarma tomonidan tijorat banklari kreditlariga kafillik:

    - kichik tadbirkorlik subʼektlari loyihalariga ajratiladigan kreditlarning 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʼmdan oshmagan miqdorda;

    - 2025-yil 1-yanvargacha olis va borish qiyin boʼlgan, shuningdek, mehnat resurslari ortiqcha hududlardagi kooperatsiya asosida kichik biznesni va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʼmaklashish uchun mahallalarga biriktirilgan yetakchi kichik tadbirkorlik subʼektlariga, bundan tashqari, kasanachilikni rivojlantirish boʼyicha loyihalarga ajratiladigan kreditlarning 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard soʼmdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi.

    Jamgʼarma tomonidan kichik tadbirkorlik subʼektlariga kompensatsiya va kafillik banklarning faqat milliy valyutadagi kredit va lizinglari uchun beriladi.

    Moliyaviy yordamlar bitta tadbirkorning faqat bitta loyihasiga tatbiq etiladi hamda tadbirkor shartnoma amal qilgan kredit boʼyicha qarzdorlik toʼliq qaytarilganda, moliyaviy yordam olish uchun Jamgʼarmaga takroran murojaat qilishga haqli boʼladi.