- Kim u?
- Men, Sultonbekman, ona!
- Voy, bolam, keldingmi, eshik ochiq...
Onaizorning koʻngli diydor fursati yaqinligini sezgandi. Jazo muddatini oʻtayotgan oltmishdan ziyod fuqaro afv etilgani haqida televizordan eshitgan va nabirasining internetga ulangan telefonidagi xushxabar unga sira tinchlik bermadi. Darrov uydagilarni tayyorgarlikka undadi, kechasi bilan hovlini saranjom-sarishtalash bilan ovora boʻldi. Vujudi tolib, birozgina dam oldi, lekin ruhiyatida qandaydir yengillik va ajib bezovtalik oʻrmalardi. Cholini barvaqt uygʻotib, bomdod namoziga tahorat olib, qoʻlini duoga ochib uzoq oʻtirdi. Xayoli tashqarida, dilbandining bosayotgan qadami singari volidai muhtaramaning yurak urishi ham tezlasha boshladi, hayajoni ortdi. Va nihoyat, necha yillik orzusi ushaldi, Yaratganga iltijolari roʻyobga chiqdi. Oʻgʻli sogʻ-salomat roʻparasida.
Mana, bir haftadirki, bu xonadonda shodiyona hukmron. Jazoni ijro etish muassasasidan muddatidan ancha erta qaytgan Sultonbek Muhiddinov oʻz oilasi davrasida. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 31-yanvar kuni imzolangan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmoni eshikka termilgan qorakoʻzlarga roʻshnolik ulashdi.
Mamnun va charogʻon chehralarni koʻrish, dilsoʻzlarini qogʻozga tushirish uchun Namangan shahrining “Farovon” mahallasida yashovchi Muhiddinovlar xonadoniga shoshildim. Quvonch koʻz yoshlari hali qurimagan chevar onaxonning mehmonlar tashrifidan xursandligi cheksiz.
- Muxbir bolam, Allohga shukurki, endi bundan keyin qancha umr nasib etsa, nonimni xotirjamlik bilan yeyman. Qoʻni-qoʻshni va qarindoshlar oldida yuzimiz yorugʻ boʻldi, - deydi Margʻuba opa Najmiddinova - Ilohim, hammaning farzandi bagʻrida oʻynab-kulib yursin. Eh, bu baxtiyor damlarni yigirma yil kutdik. Avvaliga ishonmadim, lekin oʻsha 63 nafar mahkumning orasida Sultonbegim borligini Xudoyim dilimga soldi. Uch yil burun jazo muddati qisqargandi, hozir esa butunlay ozod boʻldi. Yuraklarga quvvat bagʻishlaydigan muhim qarorni chiqargan, imkon bergan, kechirgan, mehribon Yurtboshimizning aziz boshlari omon boʻlsin, ularni faqat duo qilamiz...
Koʻp yillar yuk mashinasini boshqarib, haydovchilik kasbi bilan pensiyaga chiqqan otaxon Abdulhamid Muhiddinov hayoti davomidagi mushkul voqealar toʻgʻrisida soʻzlay ketdi. U bugungi dorilamon kunlarning, tinchlikning, halol mehnatning qimmati balandligini, ota-onaning jigarbandi uchun duosi ijobat boʻlishini qayta-qayta taʼkidladi. Shundan soʻng sobiq mahbus Sultonbek akani suhbatga tortdim.
- Kosibchilikdek guldek hunarim bilan roʻzgʻor tebratayotgandim. Nimadir boʻldi-yu, egri yoʻlga burildim, qattiq qoqildim. 2002-yili sentyabr oyida diniy ekstremizm oqimiga qoʻshilganim aybi bilan 30 yilga “kesilgandim”. Panjara ortida 20 yil oʻtirdim. Dastlab uch yilga qisqardi. Muddatim tugashiga 7 yil bor edi, bugun esa tamoman erkinman. Aytmasam boʻlmaydi, biz uchun sharoitlar yetarli taʼminlandi. Oziq-ovqatdan kamchilik boʻlmadi. Badiiy va huquqiy kitoblar, ijtimoiy-siyosiy, diniy gazeta-jurnallar oʻqidim, turli maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlarda faol qatnashdim. Televizor orqali Oʻzbekistonimizdagi yangiliklarni kuzatib bordim. Xato fikrlarim yaxshi xulosalarga almashdi. Umrning gʻanimatligini, Vatanning, oilaning, ozodlikning, sogʻinch tuygʻusining qadriga yetdim. Darvoqe, tugʻilib oʻsgan Namanganimizga kelib, ochigʻi, koʻchalarni tanimadim. Shahrimiz qiyofasi juda oʻzgaribdi, baland imoratlarni tiklayotgan texnikalaru usta quruvchilarga havas bilan boqib, ulkan bunyodkorlik ishlariga oʻz hissamni qoʻshsam deyman.
Sultonbek aka qamoqqa olinganida toʻngʻich oʻgʻli besh oylik goʻdak edi. Turmush oʻrtogʻi bilan muqaddas rishtalari uzilmagan ekan, uchrashib turishdi. Shu davrda yana bir oʻgʻil, bir qiz koʻrishdi. U musibatdan qiynalsa-da, sabr bilan vorislarini tarbiyalab ulgʻaytirgan ota-onasi roziligi, ayoli va uch farzandi kamoli hamda jamiyat rivoji uchun jamiki kuch-gʻayratini sarflashga, yangi hayot boshlashga ahd qilgan.
Oʻzini xuddi onadan yangi tugʻilgan chaqaloqdek his etayotgani, orzu-armonlari, kelajakdagi ezgu niyatlari bilan oʻrtoqlasharkan, unga ishonch bildirgan davlatimiz rahbariga gazeta orqali alohida rahmatu minnatdorligini yetkazib qoʻyishimizni soʻradi. Xayrlashish chogʻida samimiy ohangda qoʻshimcha qildi: “Uka, kimning aybi boʻlsa, rostdan afsuslanib, qalbdan kechirim soʻrasa, davlatimiz ham, Prezidentimiz ham afv etarkan. Shu gapimni albatta yozing. Chunki mendek adashgan boshqalar ham oʻqishini, tushunishini va yaxshi tomonga oʻzgarishini istayman...”.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.