Barchaga ayonki bugun kimyo fanining yutuqlari va joriy etilayotgan yangiliklari xalq xoʻjaligining barcha jabhalariga keng kirib bormoqda. Albatta bu jarayonning ikki tomoni borligiga eʼtibor qaratmoqchimiz. Biri u talaygina qulaylik yaratayotgan boʻlsa, ikkinchi tomoni inson sogʻligʻiga yetkazayotgan zarari, deb aytish mumkin.
Oddiygina kundalik turmushda foydalanilayotgan yuvuvchi vositalar uy bekalarining ishini yengil qilib, beminnat yordamchisiga aylandi. Bogʻ va dalalardagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirishda turli kasalliklar va zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashdagi erishilayotgan yutuqlar aniq va ularni inkor etish mumkin emas.
Yana bir jihatga eʼtibor qaratish muhim hisoblanadi. Hech kimga sir emas bugungi kunda yangi-yangi qurilish materiallari koʻpayib, soha xodimlariga sezilarli qulayliklar yaratilmoqda. Zamonaviy turar joylar, bino-inshootlar qurilishi koʻpaygani sababli turli qurilish materiallaridan foydalanishga ehtiyoj ortmoqda. Baʼzi qurilish materiallarining atrof-muhitga zaharli taʼsirlari boʻlishi tashvishlanarli hol. Shu bilan birga yuvuvchi moddalardan notoʻgʻri foydalanish oqibatida foydalanuchilarga zarar yetayotgani ham kuzatilgan holga aylandi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tarkibida qolayotgan zaharli ximikatlarning qoldiq miqdorining meʼyoridan yuqori boʻlishi oqibatida odam organizmida yigʻilib qoladi. Bu esa qaytarib boʻlmaydigan darajadagi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Xoʻsh, inson nima qilsa ularning foydasi koʻp, zarari kam boʻladi? Qanday qilib ehtiyot boʻlish mumkin? Bu kabi savollarga javob oddiy. Yaʼni ulardan toʻgʻri, belgilangan yoʻnalish va meʼyorida foydalanishni bilish va amal qilishi lozim. Maʼlumki, tibbiyotda doza degan tushuncha bor, aynan shu kimyoviy vositalardan foydalanish meʼyorlarini bilish juda ham muhim hisoblanadi.
Yana bir muhim muammo shundaki aholi bu kimyoviy vositalarni nima uchun yaratilgani, qaysi yoʻnalishlar va ulardan qanday foydalanish kerakligi haqida tushunchaga ega emaslar. Ayniqsa uy bekalarimiz turmush yumushlarida yuvish vositalaridan foydalanayotganida rezina qoʻlqop kiyishni unutadilar. Bu esa salomatligiga taʼsir koʻrsata boshlaydi. Aynan shu jihatlarga eʼtibor qaratish orqali salomatligimizni asray olamiz.
Shu oʻrinda kimyoviy vositalarni qoʻllashdan oldin ularning oʻram qogʻozlaridagi xavfsizlik talablarini diqqat bilan oʻqib chiqib, keyin foydalanishni maslahat beramiz. Asosiy esa ularga amal qilishni unutmang.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi xizmatining
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi