Kino inson tafakkurini qisman bo'lsa ham o'zgartiruvchi, dunyoqarashini kengaytiruvchi, unga ma'naviy ozuqa, ruhiy madad berib, ezgulikka chorlab turuvchi san'at turidir. Unda tomoshabin o'z armoni va orzu-umidlarini xayolan bo'lsa-da, ro'yobga chiqara oladi: fil`m qahramonlari bilan birga voqealar jarayonida hamohang yashaydi, quvonadi, yig'laydi, kuladi, kuyunadi, achinadi, havas qiladi va, eng asosiysi, yaxshilik hamisha g'olib bo'lishiga ishonib yashaydi.

O'zbekiston kino arboblari uyushmasi raisi, O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan artist, “Do'stlik” ordeni sohibi Matyoqub MATCHONOV hayotini teatr va kino san'atiga bag'ishlagan iste'dodli san'atkor. U faoliyati davomida shu paytgacha yuzga yaqin betakror va hayotiy obraz yaratgan. Uning ishtirokidagi fil`mlarni hamisha sevib, maroq bilan tomosha qilamiz. Ustoz san'atkor bilan suhbatimiz ham samimiy va dilkash kechdi.

Matyoqub aka, suhbatimizni davlatimiz rahbarining “O'zbekfil`m”ga tashrifi, kinoijodkorlar bilan uchrashuvidagi taassurotlaringiz bilan bosh­lasak.

— Bilasizmi, uchrashuvdan ma'lum bo'ldiki, davlatimiz rahbari kino yangiliklarini e'tibor bilan kuzatib boradi. Aslida Prezidentimiz 2017 yil avgustda yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan bo'lgan uchrashuvdayoq kino sohasi vakillari uchun Uchinchi Renessans davri boshlangandi. O'shanda ham yangi O'zbekistonning shakllanishida o'zbek milliy kinematografiyasining roli haqida xolis fikr bildirgan. 2018 yilda “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorning qabul qilinishi esa fikrimizning dalilidir. Ilgarilari davlat byudjeti mablag'lari hisobidan yiliga 5-6 ta fil`m ishlab chiqarilardi. 2018 yildan 2020 yilga qadar esa 50 dan ziyod badiiy fil`m ishlandi. Ularning o'ndan ziyodi tarixiy janrdagi kartinadir. “O'zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Ilhaq” tarixiy badiiy fil`mi ham Prezidentimiz tashabbusiga ko'ra joriy yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o'zbek milliy telekanallarida prem`era sifatida namoyish qilindi.

“O'zbekfil`m” kinostudiyasi rekonstruktsiya qilingani bizni bag'oyat quvontirdi. 2021 yilda avvalgidan-da ko'rkam “Kinochilar uyi”ning bunyod etilishi va ko'plab yangi tashabbuslar Prezidentimizning kino san'atiga bo'lgan hurmati va ishonchining yorqin namunasidir. Avvallari pavil`onlarda muayyan bir fil`mning yozgi epizodlari olinsa, ayozli kunlarda sovuqdan diydirab-qaltirab o'tirardik. Bugungi kunda hamma sharoitlar bisyor. Hozirdan mo''jazgina kino shaharchasi qad rostlayapti. Uning ichida kinoakademiya, kinomaktab va kinoijodkorlarning yashashi uchun imtiyozli uy-joylar quriladi. Bularning barchasi yayrab ijod qilish uchun katta imkoniyatdir.

“Xalqning ichiga kiringlar, yorug' va issiqqina xonada o'tirib olib to'qima stsenariylar yozmasdan, xalq bilan muloqot qilib, ularning dardini eshiting­lar”, deya ta'kidlagan Prezidentimiz soha vakillariga mas'uliyatni teranroq anglash va o'z iste'dodini yorqinroq namoyish etish borasida nurli va yorug' bir yo'lni ochib berdi. SHunday emasmi?

— Ha, albatta, oldimizga aniq vazifalar qo'yildi. Biz bu tashabbuslarni to'la qo'llab-quvvatlaymiz. Xalqimizga tariximizni milliy fil`mlarimiz orqali ko'rsatadigan vaqt keldi. Ishonamanki, kinochilar buning uddasidan chiqishadi. Bilasizmi, men ko'p xorijiy davlatlarda ijodiy safarlarda bo'lganman. Lekin birorta mamlakatda kinochilarni bu qadar qo'llab-quvvatlanganini ko'rmaganman. YAqinda Qirg'izistonda bo'lib o'tgan xalqaro festivalda ham qatnashdim. Ular bilan savol-javob jarayonida O'zbekistonda fil`mlar xarajati davlat byudjeti tomonidan qoplanishini eshitgan hamkasblarimiz bunga ishonishmadi. “O'zbekkino” Milliy agentligi dekabr` oyidan boshlab “Qishki prem`eralar mavsumi”ni e'lon qildi. Turli janrdagi yangi fil`mlarni tomoshabinlarga havola etishni rejalashtirdi.

Tarixiy janrdagi fil`mlarni suratga olish ham yildan-yilga ko'payib borayotir. e'tirof etish kerakki, bugun “O'zbekkino” yoshlarga katta e'tibor bermoqda. Avlodlar almashinishi tabiiy, davr talabi. YOsh kinoijodkorlarni qo'llab-quvvatlash, ularga yangi loyihalarni ishonib topshirish yaxshi samara beradi, degan umiddaman. Bu yil agentlik tomonidan “Debyut” festivali o'tkazilib, 18 ta yosh rejissyor uchun grantlar ajratildi. Bu ham yosh kinoijodkorlarga ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor namunasidir. Ayni paytda o'zbek san'atining darg'alari, ustoz san'atkorlar haqida ijodiy portretlar qilyapmiz.

Prezidentimiz bilan uchrashuvda gonorar masalasi ham ko'tarildi. Tizim eski holatda qolib ketgan, shu bilan birga, ijodkorlarning mehnat staji bilan bog'liq masalalar o'rtaga tashlandi. Bularning hammasi, nasib qilsa, ko'rib chiqiladi. Kinochilar birlashib, hamjihatlikda ishlashimizni, xalqimizga yaxshi asarlar taqdim etishimiz zaruratini bugun davrning o'zi taqozo qilmoqda.

Siz rahbarlik qilayotgan va “Oltin humo” kinotaqdimotini o'tkazish tashabbusi bilan chiqqan O'zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasining asosiy faoliyati nimalardan iborat va o'tgan 2 yil davomida qanday ijodiy ishlar amalga oshirildi?

— Prezidentimizning 2018 yil 24 iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan, O'zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi nodavlat notijorat tashkilot sifatida qayta tashkil etildi. Uyushmaning asosiy vazifasi mamlakatimiz kino sohasida xizmat qiladigan ijodkorlarni uyushtirish, ularning ijodiy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilishdan iboratdir. Qolaversa, milliy kinematografiya yo'nalishlarini belgilash, yangi badiiy jamoalar tuzish, boy an'analarga tayangan holda jahon andozalari darajasidagi zamonaviy milliy kino san'ati maktablarini yaratish, o'zbek kino arboblari, etuk kino mutaxassislari tajribasini ommalashtirish ham tashkilotimizning ustuvor vazifalari sirasidandir.

So'nggi ikki yilda milliy va xalqaro hamkorlar hamda mutaxassislarni jalb qilgan holda dolzarb mavzularda konferentsiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa bir qancha nufuzli tadbirlarni uyushtirdik. Respublika oliy ta'lim muassasalarida yoshlar va taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, “Qora vabo”, “Tinchlik ortida” singari fil`mlar namoyishi tashkil etilgani shular jumlasidandir. SHuningdek, uyushmamiz yosh kinoijodkorlarni qo'llab-quvvatlash, ularning sohaga bo'lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabalari uchun stipendiya joriy qildi. Alohida ta'kidlashni xohlar edim, 2019 yilda tantanali ravishda o'tkazilgan “Oltin humo” milliy kinotaqdimoti kinoijodkorlar va kinomuxlislar uchun chinakamiga bayram bo'ldi. Kino sohasining haqiqiy jonkuyar iste'dodlari o'n olti nominatsiya bo'­yicha taqdirlandilar. “Oltin humo” milliy kinotaqdimotining an'anaviyligini ta'minlashga qaror qilganmiz.

Yil yakuniga qadar milliy kinotaqdimotni o'tkazish niyatimiz ham bor. Bu tadbir pandemiya tufayli biroz orqaroqqa surildi. Pandemiya davrida uyushmamiz o'z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda moddiy-ma'naviy yordamga muhtoj kinoijodkorlarga yordam ko'rsatib kelmoqda. Bundan tashqari, yana ko'plab loyihalarimiz mavjud. Xususan, 2021 yilda Xudoybergan Devonov nomidagi Markaziy Osiyo davlatlari yosh kinoijodkorlarining xalqaro kinofestivalini tashkil etishga tayyorgarlik ko'rmoqdamiz.

YAngi fil`m yaratish mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli ish. YUtuqlar bilan birga kamchiliklar ham bo'lishi tabiiy. So'nggi vaqtlarda g'oya va saviya jihatdan sayoz fil`m va seriallar birmuncha ko'paydi. Ayniqsa, adabiy til qoidalariga deyarli rioya qilinmayapti. Voqealar mavzusi deyarli bir xil, konflikt biroz sustroq, asar mohiyati yuzakiroq, qahramonlarning ijrosi o'xshamagan. Bunday kinokartinalar tomoshabin ongiga, o'zbek kinoindustriyasi taraqqiyotiga zarar bermasmikin?

— Guruchning ichida kurmagi ham bo'ladi. Busiz iloji yo'q. Kino olamida ham shunday. Ba'zi kinoijodkorlarimiz etarli ijodiy tayyorgarlik ko'rmay turib ishlab chiqarish jarayoniga kirishib ketadilar. Buning oqibatida kinoning ayrim tomonlarida kamchiliklar yuzaga chiqib qoladi. Bugungi tomoshabinning didi, dunyoqarashi, hayotga bo'lgan munosabati boshqacha. Ularga qahramonlarimizni ro'yi-rost, bo'y-basti bilan ko'rsata olishimiz kerak. YAratilayotgan tarixiy fil`mlarimiz esa yaqin kelajakda yuqoridagi savollaringizning barchasiga mukammal javob bo'la oladi. SHuning uchun ham tarixiy fil`mlar yaratishimiz lozim. Tomoshabinga ibrat bo'ladigan ulug' ajdodlarimiz obrazini gavdalantira oladigan, qadriyatlarimizni qadrlashga o'rgatadigan fil`mlarimiz ham juda ko'p aslida.

Asl san'at insonlarni yuksak ideallarga undaydi. Demak, so'zimiz ham, amalimiz ham shunga monand bo'lishi zarur. Dastavval fil`mlarga milliylikni, o'zbekona ruhni, mamlakatimiz havosini olib kirishimiz zarur va bu borada keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Kino san'atimiz ustalarining bebaho tajribasiga tayangan holda milliy kinoga nisbatan nafaqat xalq muhabbatini, balki tarixiy shon-shuhratini qayta tiklashimiz darkor va bunga, albatta, yaqin kelajakda erishamiz.

Gulichehra DURDIEVA

suhbatlashdi