Har bir xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o'zligi, madaniy­ma'rifiy olami, milliy g'oyasining asosi hisoblanadi. Shu bois, mustamlakachilar biror yurtni o'ziga qaram qilmoqchi bo'lsa, avvalo, uni tili, dini, tarixi, madaniyati va milliy g'ururidan judo etishga uringan.  Davlatimiz rahbari yangi O'zbekiston milliy g'oyasi xususida to'xtalib, ta'kidlaganidek, “Biz yaratayotgan yangi O'zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g'oyasi bo'ladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”.

Tarixga nazar solsak, buyuk ma'naviy qadriyat sanalgan til doim himoyaga muhtoj bo'lgan. Xususan,  qoraxoniylar davrida,  arab tili ilm­fan tili sifatida e'tirof etilgan bir paytda Mahmud Koshg'ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy kabi allomalarimiz tilimizning qaddini tikladi. Koshg'ariy ta'biri bilan aytganda, ikki uloqchi ot singari poygada o'zbek tilining arab tilidan o'zib ketishini ta'minladi. 

Tilimiz Amir Temur va temuriylar saltanatida rivojlanishning yangi, yuksak pog'onasiga ko'tarildi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy fors­tojik tili badiiy adabiyot tiliga aylangan, ikkinchi tomondan, arab tili ta'siri hamon saqlanib turgan kezlarda umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o'rin olgan “Xamsa”, “Mahbub ul-­qulub”, “Munshaot”, “Vaqfiya”, “Muhokamat ul­-lug'atayn” kabi o'lmas asarlari bilan o'zbek adabiy tilining badiiy va ilmiy asarlar yaratish, shuningdek, davlat ishlari, diplomatik munosabatlarda foydalanish uchun boy imkoniyatlarga ega ekanini ham nazariy, ham amaliy tomondan isbotlab berdi, uning shuhratini dunyoga tarannum etdi.

So'z mulkining sohibqironi “Muhokamat ul­-lug'atayn” asarida o'zi to'g'risida gapirib, she'r yozishni fors tilida boshlaganini aytadi. Lekin tushunish yoshiga etib, turkiy til haqida fikr yuritish ehtiyoji tug'ilgach, uning ko'z o'ngida zebu ziynatlari son­sanoqsiz o'n sakkiz ming olamdan ortiq olam namoyon bo'lgani, fazilat va etuklikda chek­chegarasi bo'lmagan to'qqiz falakdan ortiq falak ko'rgani, dur va gullari yulduzlardan ravshanroq xazina va gulshanni uchratgani, ammo bu olamga hech kimning qadami etmagani va qo'li tegmagani haqida yozadi.

O'zbek tili XIX asrning ikkinchi yarmidan rus tiliga to'qnash keldi. Mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramay, ona tilini millatning ruhi, milliy meros, ma'naviy qadriyatlarning vositachisi sifatida ko'rgan, o'z hayotini xalqimizning ma'naviy kamolotiga, ona tilimizning ravnaq topishiga bag'ishlagan Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon singari ulug' ma'rifatparvarlarning nomlarini xalqimiz doimo hurmat bilan eslaydi.

Quvonchlisi, davlatimiz rahbari 2020 yil 23 sentyabr` kuni BMT Bosh Assambleyasining videoanjuman shaklida o'tgan 75­sessiyasida ilk marta o'zbek tilida ma'ruza qildi. Kuni kecha BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-­sessiyasida ham Prezidentimiz O'zbekiston tomonining tashabbus va takliflarini ona  tilimizda bayon qilib berdi. Bu, o'z navbatida, tilimiz taraqqiyoti yangi bosqichga qadam qo'yganidan dalolat beradi.

Prezidentimizning nufuzli tashkilotda ikkinchi bor davlat tilida chiqish qilishi yuksak xalqaro minbarlarda o'zbek tilida nafaqat nutq so'zlash, balki xalqaro ijtimoiy­-siyosiy, iqtisodiy, diplomatik munosabatlarda davlat tilidan foydalanish lozimligini namoyon etadi. Bir so'z bilan aytganda, tilimiz siyosiy­-huquqiy, ijtimoiy-­iqtisodiy, ma'naviy­-ma'rifiy jabhalarda faol qo'llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangray boshladi.

Bugungi globallashuv davri har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o'z milliy manfaatlarini ta'minlash, bu borada, avvalo, o'z madaniyati, azaliy qadriyatlari, ona tilini asrab-­avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishni kun tartibiga qo'ymoqda. Shu ma'noda, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an'ana, qadriyatlarimizga muhabbat hamda sadoqat ruhida tarbiyalashda o'zbek tilining ahamiyati tobora ortib borayotganini ko'rsatadi. Bu, o'z navbatida, xalqimizning milliy ruhi va g'ururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda to'laqonli joriy etishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilingan “Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori bilan shoir tug'ilgan qutlug' 9 fevral` sanasini har yili adabiyot va ma'rifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash an'anasi yo'lga qo'yildi. Ayni paytda, mazkur qarorda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish, Alisher Navoiy ordenini ta'sis etish, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan, shoir qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo'lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralarini ko'rish, allomaning qo'lyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini tayyorlash, Alisher Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani bo'yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasini yaratish, mutafakkir asarlarini uzluksiz o'qitish kontseptsiyasini ishlab chiqish kabi ustuvor masalalar qo'yilgan.

O'zbekiston Prezidentining 2021 yil 4 fevral` kuni imzolangan “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan ushbu fond zimmasiga Alisher Navoiy hayoti, yuksak insonparvarlik g'oyalari va ilmiy­adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng o'rganish va targ'ib qilish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, ularni respublikada va chet ellarda nashr etish, shoir ijodini o'rganayotgan, jumladan, xorijiy davlatlardagi ilmiy­ijodiy markazlar bilan hamkorlik qilish, har yili Alisher Navoiy tug'ilgan sana — 9 fevral` kuni xalqaro konferentsiya (simpozium) va “Navoiyxonlik kunlari”ni tashkil etish va o'tkazish singari vazifalar yuklatildi. Bularning barchasi Navoiy dahosiga, u asoslagan tilga bo'lgan ehtiromning yana bir yorqin ifodasidir.

To'g'risini aytish kerak, qayd etilgan ishlar barobarida talaygina muammolar ham mavjud. OAV, internet, xususiy ko'ngilochar nashrlar, telekanal va radiokanallar, ba'zi idora hamda tashkilotlarda davlat tili qoidalariga amal qilmaslik, qahvaxona, to'yxona, do'konlar, turli firmalar va mas'uliyati cheklangan jamiyatlar, xizmat ko'rsatish shoxobchalarining chet tilida nomlanishi, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank­moliya tizimi, yurisprudentsiya, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilining to'laqonli qo'llanmayotgani, davlat tilida ish yuritish, yozuvni me'yorlashtirish, sohaga doir terminologik va izohli lug'atlarni yaratish, ona tilini o'qitish, o'zbek tili shevalari borasidagi izlanishlarni jadallashtirish kabilar bilan bog'liq qator muammolar borki, ularni bartaraf qilmasdan turib, ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmaydi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 20 oktyabrda imzolangan “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora­tadbirlari to'g'risida”gi farmonida mazkur muammolarning tizimli echimi ko'rsatib berildi. Farmonga muvofiq, 2020­2030 yillarda o'zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi hamda asosiy yo'nalishlari tasdiqlandi. Kontseptsiyada mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarga davlat tilini o'rganish uchun qulay shart­sharoitlar yaratib berish, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o'zbek tilini o'rganish istagida bo'lgan chet el fuqarolari uchun o'zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish hamda ularni keng miqyosda tarqatish, o'zbek tilini o'rgatish bo'yicha maxsus kurslarni tashkil etish singari yo'nalishlarning o'rin olishi ona tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obro'­e'tiborini tubdan oshirishga ko'maklashadi. Shu bilan birga, farmonda 2025 yilga qadar davlat maktabgacha ta'lim tizimida o'zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga etkazish, 2030 yilga qadar umumta'lim maktablarida o'quv yillari uchun tayanch o'quv rejalarida ona tili fanini o'qitish ko'lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish, oliy ta'lim muassasalarida o'zbek tili kafedralari sonini 2025 yilga qadar 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga, 2030 yilga qadar xorijiy oliy ta'lim muassasalarida o'zbek tilini o'rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko'paytirish, 2025 yilga qadar “O'zbek tilining do'stlari” klublari sonini 30 taga, 2030 yilgacha esa 40 taga etkazish ko'zda tutilgan, 2020 yilda o'zbek tilining lug'at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy­terminologik, izohli lug'at yaratish ham asosiy yo'nalishlar qatoridan o'rin olgan. Bir so'z bilan aytganda, farmonda o'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro'­e'tiborini tubdan oshirish, unib­o'sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlash, yurtimizdagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o'zbek tilini o'rganish uchun shart­sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo'nalish va istiqboldagi vazifalar aniq ifodasini topdi.

2021 yil 12 yanvarda O'zbekiston Prezidenti raisligida o'tgan Xavfsizlik kengashi yig'ilishida harbiy ta'lim tizimida boshlangan islohotlarni uzviy davom ettirish, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari faoliyatini takomillashtirish, ularda ta'lim olayotgan o'quvchilar qalbida asrlar davomida shakllangan milliy ruh, ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg'usini har tomonlama kuchaytirish, buyuk ajdodlar, jumladan, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarning harbiy mahoratidan keng foydalanish muhimligi e'tirof etildi.

Shundan kelib chiqqan holda, mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga davlat tilini keng tatbiq etish hamda  harbiy terminologiyani  boyitish masalalari bo'yicha ishchi guruh faoliyati yo'lga qo'yildi. Binobarin, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish tizimida, shuningdek, harbiy idora hamda muassasalardagi me'yoriy hujjatlar, ichki qoida, nizomlar, ko'rgazmali qurollar, targ'ibot materiallarini davlat tili talablariga moslashtirish, xalqimizning harbiy merosi, tarixiy harbiy terminlarni o'rganish, harbiy sohadagi atamalarning o'zbek tilidagi muqobillarini topish, yangi lug'atlar va qomuslar tayyorlash kabi masalalar harbiy tuzilmalar faoliyatida davlat tili so'z boyligidan to'liq hamda to'g'ri foydalanish, uning harbiy til sifatidagi nufuzini oshirish imkonini beradi.

Darhaqiqat, bugun “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” qadam tashlayotgan, har jabhada qiladigan ishlarimiz, ta'lim­tarbiya va kadrlar siyosati — barchasi Uchinchi Renessans uchun shart­-sharoit yaratishga qaratilgan mamlakatimizda davlat tili masalasi milliy g'oyamizning asosiy tamoyillaridan biri sanaladi. Shuning uchun mamlakatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, bugungi kunda biz  yangi O'zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz. Chunki necha asrlar osha ajdodlarimizdan bizga bezavol o'tib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qayg'urish — bu millatning o'zligini anglashi, uning ma'naviy kamolotini yuksaltirish uchun kurash demakdir. Davlat tilining obro'­e'tibori butun xalq, butun jamiyatning obro'­-e'tiboridir.

Xulosa shuki, milliy ma'naviyatimizning o'zagi hisoblangan, bugun bizning kimligimizni butun jahonga namoyish qilayotgan boy tilimizni asrab­avaylash, taraqqiy ettirish, qolaversa, uning xalqaro miqyosdagi obro'sini yuksaltirish, yurtimiz va xorijda o'rganish bo'yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, milliy hamda umumbashariy tushunchalar asosida rivojlangan tillar qatoriga qo'shish ajdodlarimizning boy merosi,  milliy va ma'naviy qadriyatlar umrboqiyligini ta'minlaydi.

Baxtiyor ABDUSHUKUROV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti o'zbek filologiyasi fakul`teti dekani,

filologiya fanlari doktori, professor