Kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, Kodeks 73-moddasining 4-qismida koʻrsatilgan shaxs (bundan umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar mustasno) ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtash davrida unga tayinlangan jazoni oʻtash muddati qisqartirilishi mumkin.
Bunda mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblarni oʻqiganligi fakti tasdiqlanishi lozim.
Muddat har bir oʻqilgan kitob uchun 3 kunga, biroq 1-yilda koʻpi bilan 30 kungacha qisqartirilishi mumkin.
Kitob oʻqiganlik faktini aniqlash uning jazoni ijro etish muassasa maʼmuriyatiga bergan arizasiga asosan, jazoni ijro etish muassasasi xodimlari, jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiya yigʻilishi yiliga kamida 2-marta oʻtkaziladi.
Imtihon natijalari boʻyicha komissiya tomonidan mahkumning kitob oʻqiganligi faktini tasdiqlash haqida xulosa qabul qilinadi.
Xulosaning koʻchirma nusxasi prokurorga yuboriladi, mahkumga imzo qoʻydirib topshiriladi, shuningdek mahkumning himoyachisiga uning soʻroviga koʻra beriladi.
Mahkumning kitob oʻqiganligi faktini tasdiqlash haqida xulosa qabul qilinganda muassasa maʼmuriyati sudga jazoni oʻtash muddatini mahkum tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirish toʻgʻrisida taqdimnoma yuboradi.
Mahkum tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan uning jazoni oʻtash muddatini qisqartirish sud tomonidan amalga oshiriladi.