Kitob tumanidagi Bashir qishlog‘ida ziyorat turizmi, ekoturizm va agroturizm rivojlanmoqda

    Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Bashir qishlog‘i turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda.

    Ushbu qishloqda «Hazrati Bashir» ziyoratgohi joylashgan. Ziyoratgoh nomi shu joyda yashab o‘tgan avliyo Hazrati Sulton Said Ahmad Bashir (1368-1464) nomi bilan bog‘liq.

    “Uzbektourism.uz” veb-sayti maʼlumotiga ko‘ra, 2022 yilda «Hazrati Bashir» ziyoratgohiga 400 mingdan nafardan ortiq mahalliy va xorijiy turist kelgan. Ushbu maskan nafaqat betakror tabiati, balki o‘ziga xos tarixi bilan ham eʼtibor jalb qilib keladi.

    Hazrati Bashir qishlog‘i Qashqadaryo daryosi bo‘yida joylashgan. Baland-baland chinorlar qishloqqa ko‘rk berib turadi. Hudud tog‘ tizmalari bilan tutashib ketgan. Shuning uchun bu yerga yoz oylari yurtimizning turli viloyatlari va xorijiy mamlakatlardan sayohatchilar keladi. Qishloqda ziyorat turizmi, ekoturizm va agroturizm rivojlangan.

    Taʼkidlash joizki, joriy yilda qishloqqa keladigan sayyohlar sonini 700 mingga yetkazish va qishloqni turizm qishlog‘iga aylantirish uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Hozirda qishloqda 20 dan ziyod oilaviy mehmon uyi faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun hududda ko‘proq qolish hamda mahalliy xalq turmush arzi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. So‘lim tabiat, musaffo tog‘ havosi, shifobaxsh chashma, mehmondo‘st qishloq odamlari, ekologik toza mevalar, xushxo‘r taomlar va qalblarga sokinlik bag‘ishlovchi ziyoratgoh sayyohlarni o‘ziga jalb qilishi shubhasiz.

    Maʼlumot uchun, Qashqadaryodagi Varganza qishlog‘i viloyatdagi birinchi agroturizm qishlog‘i hisoblanadi. Bu yerda 2019 yilda birinchi marta “Anor” xalqaro agroturizm festivali bo‘lib o‘tgan va qishloqqa «agroturizm qishlog‘i» maqomi berilgan.