Dunyoda pandemiya paytida oʻrnatilgan cheklovlar birin-ketin kamayayotgani tufayli turizm industriyasi tiklana boshlayapti. Jumladan, joriy yilning birinchi choragida yurtimizga xorijdan 610 ming nafar yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobardan ortiq sayyoh kelgan. Keyingi oylarda yanada koʻp turistlar kelishi kutilyapti. Bu maʼlumotlar Prezidentimiz raisligida shu yil 26-aprel kuni turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish choratadbirlari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida alohida qayd etildi.
Chet elliklarning mamlakatimiz tarixi, meʼmorchilik obidalari, moziydan soʻylovchi osori atiqalariyu, ziyoratgohlariga qiziqishi yuqori. Biroq ular boradigan manzillar hali-hamon sanoqliligicha qolmoqda. Davlatimiz rahbari mazkur yigʻilishda mamlakatimizda turizm salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish imkonini beradigan, Chimyon, Bildirsoy yoki Zomindan kam boʻlmagan, lekin salohiyati hali ishga solinmagan turistik manzillar koʻpligini taʼkidladi. Haqiqatan, bunday manzilgohlar yurtimizda serob. Ularni izlab topish, sayyohlik imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish kerak, xolos.
Bu borada Prezidentimizning shu yil 30-aprel kuni qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyatga ega. Boisi, mazkur qaror bilan turizm infratuzilmasini yaxshilash orqali sayyohlarga yanada qulay sharoitlar yaratish, ichki turizmni rivojlantirish, yurtimizning ayni yoʻnalishdagi imkoniyatlaridan samarali foydalanishga oid ustuvor vazifalar belgilandi.
Kitob tumani yurtimizning eng soʻlim va bahavo goʻshalaridan ekanini koʻpchilik yaxshi biladi. Hududni uch tomondan baland togʻlar oʻrab turadi. Koʻzlangan manzil — viqorli va goʻzal togʻlar orasidagi Imkana qishlogʻiga tuman markazidan 12 kilometrdan ziyodroq yoʻl bosib boriladi. Qishloq dengiz sathidan 900 metr balandda joylashgan boʻlib, odamlar orasida “Xoʻjaimkana”, “Xoʻja ilmkoni” nomlari bilan mashhur.
Aholisining aksariyati bogʻdorchilik, chorvachilik, hunarmandchilik bilan shugʻullanadi. Qishloq ahli hududda yurtimizdagi eng ulkan keksa chinor daraxti hamda qadimiy suv inshooti borligi bilan faxrlanadi. Sharqiy tomonida yastanib yotgan Qoraxon togʻi etaklaridan sizib chiquvchi katta-kichik oʻnlab buloq birlashuvidan hosil boʻlgan chogʻroq ariq qishloqni suv bilan taʼminlaydi.
Aytishlaricha, azaldan qishloq bilan buloqlar orasini balandligi ellik-oltmish metrlik tabiiy tepalik toʻsib turgan. Shu bois, har ishda tadbirkor boʻlgan ota-bobolar buloq suvini tepalik ostidan qishloqqa olib oʻtishning oʻziga xos usulini oʻylab topgan. Jumladan, tepalik ustida 13 ta quduq qazilib, yerosti yoʻli orqali oʻzaro tutashtirilgan.
Hozir ham sayyohlarni lol qoldirayotgan ushbu quduqlar mahalliy aholi tilida koriz deb ataladi. Ular bundan 5-6 asr muqaddam bunyod etilgan. Hozir ham aholiga chashma suvini yetkazib berishga xizmat qilyapti. Ushbu buloqlar suvi juda musaffo, yoqimli va muzdayligi bilan eʼtiborni jalb etadi. Hayratlanarli jihati, qishda suvning harorati moʻtadillashadi. Toshlar ichidan chiqib kelayotgan buloq suvi yaqin atrofdagi uchta qishloqni ichimlik suv bilan taʼminlaydi.
Imkana qishlogʻida buloqlardan tashqari tabiatning yana bir durdona yodgorligi bor. U koʻhna chinor boʻlib, yoshi oʻn ikki asrni qoralagan. Uni tom maʼnoda xalqning benazir boyligi desa ham boʻladi. Chunki bugun ana shu koʻhna chinorni koʻrish, tabiat inʼom etgan moʻjizadan hayratlanish, moziy va bugun bilan yuzlashish uchun qishloqqa dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar keladi.
Mutaxassislarning eʼtiroficha, 1200 yoshga kirgan bu chinor yurtimizdagi eng keksa daraxt hisoblanadi. Uning kovagida 70-80 kishi tik yoki 25-30 kishi chordona qurib oʻtirsa boʻladi. Daraxt tanasidagi tabiiy yoriqqa eshik oʻrnatilgan. Asrlar oʻtishi bilan tana markazida keng oʻyiq hosil boʻlgan. Oʻyiq ichidagi “xona” devori yongʻindan qorayganini koʻrish mumkin. Rivoyat qilishlaricha, chinor daraxti ming yoshga kirsa, oʻzidan-oʻzi qizib, ichki qismi yonib ketarkan.
Chinorning aylanasi 18 kishi qulochiga teng yoxud 27 metrga yaqin. Daraxt bagʻrida hosil boʻlgan “xona” esa uzunasiga 5,8, eniga 4,2 metr. Uning ichida 25 bola bemalol davra qurib oʻtirishi mumkin. Shu bois, oʻtgan asr boshlarigacha undan sinfxona sifatida foydalanilgan. Qishloqlik qariyalarning guvohlik berishicha, avvallari chinor shoxlarida 35 ta laylak uyasi boʻlgan.
— 2014-yilgacha bu chinor hozirgi koʻrinishidan ancha viqorli va katta edi. Lekin yongʻin tufayli shu holatga kelib qoldi. Vaqt taʼsirida chinor tanasining asosiy qismi boʻlgan markaziy shoxi sinib tushdi. Lekin keyinchalik daraxt yangi novdalar chiqarib, oʻsishda davom etyapti, — deydi qishloqning yoshi ulugʻlaridan Usmonxon bobo Hoshimov. — Esimda, koʻklam adogʻida koʻp laylaklar uchib kelib, chinorga in qurardi. Shoʻro davrida orada bir muddat laylaklarning bu yerdan qadami uzildi. Ming qatla shukr, mustaqil boʻlib, milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklandi. Ayniqsa, hozir ulugʻ avliyolar va allomalar nomi bilan bogʻliq ziyoratgohlarga eʼtibor kuchaygan. Ming yillarni ortda qoldirib yashayotgan chinorimizga yana laylaklar kelib, in qura boshladi...
Bu qishloqda tabiat moʻjizalari bilan birga, muqaddas qadamjolarga ham duch kelasiz. Kitob tumani hududi qadimiy obidalarga boy. U yerda 174 ta madaniy obida boʻlib, shundan 6 tasi ziyoratgoh. Ayniqsa, tuman hududida joylashgan tarixiy meʼmoriy obidalardan Hazrati Sulton va Hazrati Bashir ota maqbaralari, olim va shayx Xoʻja Abdulboqi nomi bilan bogʻliq Xoʻja Imkanagiy xonaqohi juda mashhur.
— Imkana qishlogʻini Soʻfi Olloyor va Boborahim Mashrab taʼriflagan, — deydi Hazrati Mavlono Xoʻja Imkanagiy ziyoratgohi masʼul xodimi Lochin Jalilov. — Tarixiy manbalarga koʻra, Alisher Navoiy hazratlari Zarafshon togʻ tizmalaridan oʻtayotib, hali mana shu qishloq ilmning oʻchogʻi, koni boʻladi, degan. Hazrat zikr etganidek, bu qishloq hozir ulugʻ donishmand, shayx, tasavvuf ilmining zabardast targʻibotchisi, koʻplab ilmlarni egallagan piri komil Mavlono Abdulboqi Xoʻja Imkanagiy ibn Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshivoriy (1512-1600) nomi bilan bogʻliq.
Hujjatlarda yozilishicha, Xoja Imkanagiy 1512-yili termizlik sayyidlar oilasida dunyoga kelgan. Oʻsha yillari yuz bergan notinchlik sabab Mavlono shu qishloqqa koʻchib kelgan va Kesh viloyatida naqshbandiya tariqatining Imkana maktabiga asos solgan. Allomaning saʼy-harakati bilan naqshbandiya tariqati olis Hindiston hududiga ham yetib borgan va Sirhind maktabi yuzaga kelgan.
Manbalarda keltirilishicha, Mavlononing padari buzrukvori Darvesh Muhammad davridayoq qishloqda masjid, xonaqoh va maktab faoliyat koʻrsatgan. Keyinchalik ashtarxoniy hukmdorlar Xoʻja Imkanagiy hurmatiga Imkana qishlogʻida yirik meʼmoriy inshootlar majmuasini quradi. Oʻz davrida qishloq madrasasida 400 dan ortiq talaba diniy va dunyoviy ilmlardan bahramand boʻlgan. Biroq Ikkinchi jahon urushidan oldingi va keyingi yillarda mavjud madrasa va masjidlar buzib tashlanadi.
Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan asrning 30-yillarigacha majmua vayronalari saqlangan. Keyinchalik bino gʻishtlari maktab, zavod qurilishiga tashib ketilgan. Oʻz davrida majmua tarkibida beshta masjid, 43 xonali madrasa, shuningdek, oʻziga xos yirik arkli gʻishtin koʻprik boʻlgan. Hozir majmuadan faqat xonaqoh binosi saqlanib qolgan. Manbalardan birida yozilishicha, koʻp yillar musulmonlar diniy quvvatni Mavlono Xoʻja Imkanagiy maskan topgan Xoʻja ilmkoni qishlogʻidan olgan. Hatto hukmdorlar ham u kishining ziyoratiga kelgan.
Qishloq ilmning markazi boʻlgani sababli Buxoro amirligi qozisi va mirzosi ushbu joydan tanlangan. Madrasalardagi mufti, rais, qozikalon singari oʻnlab lavozimlar egalari, jumladan, bozordagi tarozibonlar ham Hazrat Imkanagiy maktabini tugatgan ilm ahli orasidan tanlab olingan. Chunki Xoʻja Imkanagiy madrasasida diniy va dunyoviy ilmlar nihoyatda chuqur oʻqitilgan.
..Koʻhna chinor haqida yana bir gap. Mavlono bu qishloqqa 1545-1550-yillarda kelgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Oʻsha kezda u kishining boshpanasi boʻlmagan. Chinor Mavlonoga ham boshpana, ham madrasa boʻlib xizmat qilgan. Asosiysi, pirning maslagi, maqsadi xalqni ilmli qilish, odamlarni ezgulikka boshlash boʻlsa, chinor bu borada maktab vazifasini bajargan.
— Ziyorat va sayohat qilib ruhiyatimizda ajib yengillik sezdik. Kayfiyatimiz koʻtarildi. Bu zaminda tugʻilib oʻsgan koʻplab allomalar islom olamida chuqur iz qoldirgan. Ularning tarixi bilan tanishmiz. Bunday ajdodlaringiz bilan haqli ravishda faxrlansangiz arziydi. Samarqand va Buxoroda boʻldik, hozir bu muborak zot qabrini ham ziyorat qildik. Ulugʻ chinorni koʻrib hayratimiz oshdi. Yurtingizga tashrifimiz shu paytgacha qilgan sayohatlarimizning eng goʻzali boʻldi, — deydi turkiyalik Mehmet Chan.
Xuddi shunday fikrlarni britaniyalik, pokistonlik, arabistonlik mehmonlar ham katta hayajon bilan aytdi.
— Xoʻja Imkanagiy qabrini ziyorat qilish orzuim edi, — deydi navoiylik Inobat Ismoilova. — Bundan bir necha yil oldin bir kitob oʻqidim. Unda nomi keltirilgan ulugʻ insonlar orasida Mavlono haqidagi bitiklar chuqur taassurot qoldirdi. Shunday muborak kunlarda oilamiz aʼzolari bilan u zotning qabrini ziyorat qilish nasib etdi. Ayniqsa, ming yillik chinorni koʻrib, koʻzimdan shashqator yosh oqdi. Nazarimda, qanchadan-qancha suronli davrlar silsilasiga koʻksini kerib, dosh berib kelayotgan bu qadimiy daraxt jasorat timsoli, moʻjizaning oʻzginasi. Qaniydi, dunyo sayyohlari shu yerga kelib, tabiatning bu benazir tuhfasini oʻz koʻzi bilan koʻrsa...
Imkana qishlogʻi hamda Xoʻja Imkanagiy ziyoratgohi oʻz bagʻrida tarixning koʻplab sir-sinoatlarini mujassam etgan. Shu bois, qadamjoga Turkiya, Eron, Pokiston, Arabiston, Misr, Indoneziya, Germaniya, Italiya, AQSHdan sayyohlar kelib, bu tabarruk oʻlkada bugun ham musulmon axloqi va madaniyatini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganidan hayratga choʻmib ketmoqda.
— Soʻnggi yillarda olib borilgan obodonchilik ishlari meʼmoriy yodgorliklar, ziyoratgohlar qiyofasini tubdan oʻzgartirib yubordi. Xususan, islom tarixiga mansub obidalar obodonlashtirilib, nuragan joylari qayta taʼmirlanib, davlat muhofazasiga olindi, — deydi Kitob tumani turizmni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Azimjon Qobilov. — Ziyoratchi sayyohlar, birinchi navbatda, osoyishtalik, poklik, obodlikka qaraydi. Shuning uchun tarixiy majmualarni obodonlashtirish jarayonida hududning iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar, noyob gullar ekilmoqda. Atrofda gulzor va yashil maysazorlar tashkil qilinyapti.
Bino-inshootlarni qurish va taʼmirlashda milliylik hamda zamonaviylikning uygʻunlashuviga eʼtibor qaratilmoqda. Sayyohlar uchun hududlarda mehmonxonalar, choyxonalar, savdo majmualari, avtoturargohlar barpo etilyapti. Ziyoratgohlarni oʻzaro bogʻlaydigan yoʻllar rekonstruksiya qilinib, zamonaviy infratuzilma shakllantirilmoqda. Buning natijasida tumanimizdagi meʼmoriy yodgorliklarni koʻrish istagida boʻlgan mahalliy va xorijiy turistlarning soni sezilarli darajada ortib bormoqda. Mamlakatimizning oʻtmishi va bugungi salohiyati, ijobiy qiyofasini jahon tanimoqda.
“Yurgan daryo, oʻtirgan boʻyra” deb bejiz aytilmagan. Imkana qishlogʻi boʻylab safarimiz behad maroqli kechgani rost. Bu yerda tarixiy joylarni, tabiat sir-asrorlarini, har bir kunidan mamnun boʻlib, mazmunli umr kechirayotgan odamlarni, oʻz shonli tarixi va bugunidan faxr tuyib izlanishda davom etayotgan mutaxassislarni koʻrdik. Yana bir karra anglab yetdikki, yurtimiz uzoq va boy tarixga ega. Buni oʻrganish uchun yillar kerak. Eng muhimi, qiziqib, oʻrganuvchilar ham bor. Aslida bu ham Vatanga muhabbat va faxr tuygʻusidan kelib chiqadi. Yurt shaydolari esa tarix va bugun toʻgʻrisida yana koʻplab yangi tilsimlarni kashf etadi.









