Kitobni qanday oʻqish kerak?

    Bilasizmi? 29 Iyul 2020 10266

    1940-yil amerikalik faylasuf va pedagog Mortimer Adler “Kitobni qanday oʻqish kerak?” deya savol qoʻyib, shu nomdagi kitobini yozadi.

    Oradan sakson yilcha vaqt oʻtib, qanchadan qancha qoʻllanmalar, yoʻriqnomayu tavsiyalar chop etilganiga qaramay hali ham bu kitob dovrugʻini, ahamiyatini, oʻrnini yoʻqotgan emas. Ahli kitobxon uchun bunday savol har doim koʻndalang turishini hisobga olib, M.Adlerning ayrim tavsiyalarini keltirishni joiz topdik.

    Kitobni qanday oʻqish kerakligi boʻyicha har kimning tanlovi, didi, fikri turfa va oʻziga xos, ammo buni ham bilib qoʻyish aslo zarar qilmaydi...

    Adlerning fikricha, oʻqishning 4 turi mavjud:

    1. Boshlangʻich oʻqish

    Bu boshlangʻich maktablarda oʻqitiladigan oʻqish darajasi. Agar siz ushbu matnni oʻqiyotgan boʻlsangiz, buni qanday qilish kerakligini allaqachon bilasiz.

    2. Tekshirib oʻqish

    Bizga azaldan birrovga koʻz yugurtirish va yuzaki oʻqishni yomon odat deb oʻrgatishgan. Lekin har doim ham unday emas. Ushbu vositalardan samarali foydalanish tushunishni kuchaytirishi mumkin. Tekshiruv orqali oʻqish bizga muallifning rejasini koʻrib chiqish va chuqur oʻqish tajribasining mohiyatini baholashga imkon beradi.

    3. Tahlil qilib oʻqish

    Bir paytlar Frensis Bekon “Baʼzi kitoblarni tatib koʻrish kerak, boshqalarini yutib yuborish kerak, baʼzilarini chaynash va hazm qilish kerak” deb taʼkidlagandi.

    Tahliliy oʻqish — bu puxta oʻqish.

    4. Qiyoslab-chogʻishtirib, batafsil taqqoslab oʻqish

    Bu eng qiyin oʻqishdir. Qiyoslab-chogʻishtirib oʻqish bir xil mavzudagi koʻplab kitoblarni oʻqishni va fikrlarni taqqoslab, qarama-qarshilarini sinchiklab kuzatishni anglatadi.

    Xoʻsh, bunday oʻqish kitobxonga qanchalik yordam beradi? Kitob oʻqish qoidasiga rioya etish shunchalik muhimmi? Mutolaa degani kitob varaqlashdan nechogʻlik farq qiladi? Keling, ayrim bosqchilarni koʻrib chiqamiz...

    Oʻqishning tekshirib oʻqish bosqichida kitob sarlavhasini oʻqing, avra-astarini, orqa-oldini tekshiring;

    Kitobning birinchi sahifasini diqqat bilan koʻzdan kechiring;

    Badiiy adabiyotlarga duch kelganda sarlavhalarni nazardan oʻtkazib (xuddi skanerdek), yakuniy bobni sinchiklab oʻqing;

    Kitobdagi ayrim sharhlarni erinmay oʻqib chiqing.

    Tahlil qilib oʻqishda eng avval muallif va u yozgan boshqa asarlar bilan andak qiziqib koʻring;

    Soʻng birrov koʻz yugurtirib, satrlardagi maʼnoni ilgʻab oling;

    Uchinchi qiladigan ishingiz – kitobni toʻligʻicha, ammo tezroq oʻqib tugatish;

    Mabodo biror soʻz, jumla yoki fikrga tushunmasangiz, qandaydir maʼlumot anglashilmay qolsa, darrov atrofdan najot izlang. U xoh lugʻat, ensiklopediya boʻlsin, xoh muallimingiz.

    Shundan soʻng, quyidagi savollarga imkon boricha javob berib koʻring:

    a) qoʻlimdagi kitob oʻzi nima haqida?

    b) voqealar rivoji nimaga ishora qilmoqda?

    s) asar haqiqatga yaqinmi: butunichami yoki qisman?

    d) bu aslida nima, ahamiyati qanday? Menga nima beradi?

    Asarni tugatgach, andak tanqidiy fikrlab, oʻylaganlaringizni boshqalar bilan baham koʻring! Ishonavering, foydasini sezasiz.

    Nihoyat, talabchan kitobxon darajasiga yetganingizda oʻqish – bu savollarni toʻgʻri tartibda berish va ularga javob qidirish bilan nihoyalanadi.

    Darvoqe, yana oʻqish payti turfa qaydlar yozish, muddat va belgilar qoʻyib oʻqish, qoʻlingizdan kelsa, shapaloqdek taqrizcha yozib, bir chetga olib qoʻyish, iqtidoringiz boʻlsa, suvrat-puvrat chizib qoʻyish ham ziyon qilmaydi. Bari sizning foydangizga ishlaydi...

    Hamisha dunyoqarashingizni oʻstiradigan, ruhingizni tozartiradigan, fikringizni charxlaydigan kitoblarni oʻqing! Har doim!