“Kitobsevar millat” umummilliy g'oyasining ro'yobi yo'lida

    Bir-biridan go'zal dizaynga ega kitob ko'rgazmalari aro ko'zimiz quvnab borarkanmiz, bir nuqtada hayratimiz yanada ortdi.

    Qaynoq yozning ilk kuni jondan aziz bolajonlarimizning shodon kulgusi, o'ziga xos erkaliklari bilan boshlanadi. Zero, bu kun ularning kuni, olam-olam shodliklardan zavq oladigan, intiqib kutilgan bayrami. Poytaxtimizda bu yil 1 iyun – Xalqaro bolalar kuni G'afur G'ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida ilk bor tashkil etilgan “Bolalar kitob festivali” bilan yanada ko'tarinkilik kasb etdi.

    Bog'ga kirar ekansiz, oyoq bosishga-da qiyinlik tug'diradigan gavjumlikdan aslo asabiylashmaysiz. Aksincha, shu gavjum oqim sizni kitoblar ko'rgazmasi tomon ham etib borishidan quvonasiz. O'ylaganimizdek, “Bolalar kitob festivali”ning ochilish marosimiga jam bo'lgan bolajonlarning sanog'i yo'q. Respublika ma'naviyat va mar'rifat markazi tomonidan sovg'a tariqasida ular uchun olib kelingan kitoblar kimlargadir etmay qolgani ham ajablanarli emas. Zero, kitob olish uchun cho'zilgan qo'llar orasida bittaga qanoat qilmaganlari ham bo'ldi.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 28-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadi sifatida aholiga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g'oyasini ro'yobga chiqarish belgilangan. Bugungi kunga kelib mazkur g'oya targ'iboti yo'lida mutasaddilar bor salohiyatini ishga solib, mutolaa madaniyatini oshirishga bel bog'ladi. Jumladan, o'tgan davrda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida respublika bo'ylab 500 ga yaqin kitob-ko'rgazma yarmarkasi, kitobxonlik tanlovi, kitob festivali va boshqa mutolaani ommalashtirishga yo'naltirilgan tadbirlar o'tkazildi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Maktab va maktabgacha ta'lim vazirligi, O'zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida 1–3 iyun kunlari G'afur G'ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida o'tayotgan “Bolalar kitob festivali” bayram dasturi ham ana shunday tadbirlarning uzviy davomidir.

    Festivalning ochilish marosimida so'zga chiqqanlar bu tadbirni har yili an'anaviy tarzda tashkil etish, shu asnoda yoshlarning bo'sh vaqtlarini mazmunli va unumli o'tkazishga qaratilgan turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, kitob-ko'rgazma yarmarkalari, she'rxonlik va mutolaa kechalari, ekskursiyalar, aktsiyalar o'tkazish maqsad qilingani haqida alohida to'xtaldilar.

    – Bu galgi bayram doimgidan ajoyib bo'lyapti. Festival` Toshkent shahrida 3 kun davom etadigan bo'lsa, viloyatlarimizda navbatma-navbat uch oy davomida o'tkaziladi, – deydi Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Respublikamizdagi 380 dan ziyod nashriyotning barchasida bolalar uchun darsliklar, badiiy va turli mazmundagi boshqa adabiyotlar chop etilyapti. Dunyo yuzini ko'rayotgan har bitta kitob albatta bizga etib keladi va biz orqali bolajonlarga xizmat qiladi.

    Shu o'rinda bir xushxabarni aytish joiz. Buyuk Britaniyaning BBC kompaniyasining Madaniyat departamenti tomonidan bu yil ilk bor eng yaxshi bolalar adabiyoti yuzasidan katta so'rovnoma o'tkazildi. So'rovnomada 200 ga yaqin bolalar yozuvchilari, shoirlar, tahririyat vakillari, muharrirlar qatori biz, kutubxonachilar ham qatnashdik. Dunyoda eng zo'r bolalar nashri deb e'tirof etilgan asarlar ichida sevimli yozuvchimiz G'afur G'ulomning “SHum bola” asari ham e'tirof etildi. Asar 100 ta eng yaxshi kitoblar orasida 73- o'ringa loyiq topilgani esa o'zbek bolalar adabiyotining yuksak e'tirofi bo'ldi.

    Bayram dasturidan mamlakatimizdagi nashriyotlar tomonidan chop etilgan o'zbek va xorij adabiyotlari ko'rgazma-yarmarkalari, kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlar, estrada xonandalarining chiqishlari, kutubxonalarga sayohatlar, turli tanlovlar va aktsiyalar, mahoratli aktyor va aktrisalar ishtirokida kitob targ'iboti va mutolaaga oid sahna ko'rinishlari va boshqa qator madaniy tadbirlar o'rin olgan.

    Tadbir davomida Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, “SOS – O'zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi filiallari, alohida ta'limga ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari o'quvchilari uchun maxsus kitob aktsiyalari o'tkaziladi.

    — Festival doirasida barcha turdagi kitoblarimizga 10 foizli chegirma belgiladik. Shuningdek, 2 ta aksiya bilan ishtirok etyapmiz. Birinchisi, 7 ta kitobdan iborat 90 ming so'mlik to'plam. Ikkinchisi, 14 xil kitobni jamlagan 145 ming so'mlik to'plam. Mazkur to'plamlarimiz 8 yoshdan 11 yoshgacha bo'lgan bolalarga mo'ljallangan. Albatta, chegirma va aktsiyalarimiz ota-onalarda qiziqish uyg'otyapti. Bunday imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qilayotganlar soni ortayotgani quvonarli, — deydi “Akademnashr” nashriyotining savdo bo'yicha menejeri Marhabo Jo'rayeva.

    Bir-biridan go'zal dizaynga ega kitob ko'rgazmalari aro ko'zimiz quvnab borarkanmiz, bir nuqtada hayratimiz yanada ortdi. Bepul kutubxona —BOOK CLUB degan banner ortida ma'lumotnomaga o'xshash qog'ozlarni sanab turgan kamtargina yigitni suhbatga tortdik. Uning aytishicha, u faoliyat yuritayotgan bepul kutubxona loyihasi xomiylik asosida yo'lga qo'yilganiga 2 yil bo'ldi. Loyiha doirasida kitob sotib olishga imkoni yo'q kitobxonlarga istalgan kitob bir oy muddatga bepul beriladi. Bu tartib kitobxonning kitobni bir oyda qaytarishga roziligi haqidagi imzosiga asoslanadi. Agar o'quvchi kitobni yo'qotib qo'ysa yoki unga zarar yetkazsa o'rniga boshqa kitob olib kelib beradi.

    Mayli-da, imkoniyati doirasida xayrli ishga qo'l urib, odamlar ma'naviyatini oshirishga xizmat qilayotgan bunday fidoyi insonlarga rahmat aytdik. Ayniqsa, o'z tashabbuslari bilan festivalda ishtirok etayotganidan xursand bo'ldik.

    – Mamlakatning ma'naviy darajasini ko'rsatadigan muhim ko'rsatkichlardan biri o'sha xalqning kitobxonligi, bugun qanday kitoblarni mutolaa qilayotganligi bilan belgilanar ekan, xalqimiz orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarni ommaviy kitobxonlikka jalb etish borasida davlat siyosati darajasida bir qator amaliy ishlar bajarilayotgani bejiz emas, – deydi Toshkent davlat texnika universiteti kafedra mudiri, professor Qudrat Karimov. – Chunki, Prezidentimiz ham ta'kidlaganidek, bugun kitob o'qiyotgan bola ertaga o'nta televizor ko'rayotgan bolalarni boshqarishi aniq. Buni so'nggi yillarda o'tkazib kelinayotgan “Bolalar kitobi festivali” kabi tadbirlar orqali ham sezish qiyin emas. Bu yangi davrning “kitobxonlar avlodi“ni shakllantira oladi. Bu yoshlar kitobga, ma'rifatga qaytmoqda, kadrlar masalasi bo'yicha yuzaga keladigan muammolar asta-sekin bartaraf etilmoqda, degani.

    Bog'dan qaytar ekanmiz, qo'lida kitob ushlagan yuzlab bolalar, ko'rgazma tashkil qilinganidan xursand kayfiyatdagi ota-onalar bilan ham hamsuhbat bo'ldik. Ularning barchasi bunday tadbirlarni tez-tez o'tkazish kerakligi va bugungi shiddatli texnika davri shuni taqazo etayotganini alohida ta'kidladi.

    Shunday ekan, biz ham uch kun davom etadigan “Bolalar kitob festivali”dan beg'ubor qalblarda kitoblarga yanada iliqlik, yaqinlik paydo bo'lishiga umid bog'ladik.

    Munojat Mo'minova,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri