Shuning uchun hamsuhbat boʻlgan keksalardan, olimlardan, ijodkor doʻstlarimdan kitobxonlik tarixi haqida soʻrab surishtirib yuraman. Oʻylab koʻrsam, allaqachon ulugʻlarimizdan eshitgan turfa maʼlumotlardan bir sidra aytiladigan gaplar jamlanib qolganga oʻxshadi.

Ommaviy kitobxonlik oʻlkamizga kirib kelganiga uzoq asrlar boʻlgani yoʻq. Aniqrogʻi, keng ommaga kitob yetkazib beradigan noshirlik ishlari oʻtgan asrda yoʻlga qoʻyilgan. Biroq shu paytgacha ham yurtimizda ilm-maʼrifat qadr topgan, maʼrifat ahli el eʼtiborida boʻlgan. Balki millatimizning dunyo ahli ham eʼtirof etadigan xislatlaridan biri ilmga muhabbatimizdir. Zero, kitob nashrlari ommaviylashmagan davrlarda oʻlkamizda kitobxonlik ommalashganiga guvoh boʻlamiz. Qanday qilib deysizmi?

Donishmand (kitobxon) xalqimizning maʼnaviy merosi boʻlgan hikmat sandigʻidan bir naql keltiraylik: “Oʻgʻling boʻlsa, mullaga qoʻy, mulla topmasang, davraga qoʻy”. Farzandi ilm olib, olim boʻlishini istaganlar ustoz muallimlarga murojaat qilgan. Bu tarafi tushunarli. Lekin davra qanday qilib madrasadan keyingi oʻrindagi taʼlim maskaniga aylangan? Hikmat — yuz yillar davomida xalq hayotida yashagan voqea-hodisalarning pishib yetilgan magʻzi. Maktab-madrasalarda ilm-fan oʻrgatilishi haqiqat. Ammo davra qanday oʻrgatadi? Yaqin oʻtgan asrimizda ham dala mehnatidan toliqib qaytgan odamlar hordiq chiqarish mahallari yoki biror yigʻinlarda doston, ertak, keyinchalik roman va qissalarni ovoz chiqarib chiroyli ohangda oʻqib-tinglagan. Qizigʻi shuki, jismoniy horigan odamlar dam olish chogʻida oʻrtaga maʼrifat chirogʻini yoqib qoʻygan. Demak, kitobxonlikning ommaviyligi oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan hodisa emas ekan-da!

Kitobxonlik hayotimizning ajralmas qismi boʻlgan. Asrlar shajarasida uzoq yurtlarda yillar boʻyi yurib ilm oʻrganib kelganidan keyin mahallaning oʻz odami yoki biror ziyoli musofir mehmonlar moychiroq yorugʻida maʼrifiy suhbatlar uyushtirgan. Uzun tunlardagi bu gurung, davra tirik kitob mavqeida boʻlgan. Shunday voqea-hodisalar hayotimizning ajralmas qismi boʻlib kelgan. Bu holga mutanosib keladigan yana bir omil, yaʼni mahallaning oqsoqoli degan iboraga diqqat qilsak. Mahallada tabiatan fahm-farosati yuksak boʻlgan, ilm oʻqigan kishilar oqsoqol nomiga loyiq topilgan. Hatto yaqin-yaqingacha keksalarimizdan ilm-maʼrifat egalariga nisbatan “koʻzi ochiq”, “kitob koʻrgan” iboralari tez-tez qulogʻimizga chalinardi. Shuningdek, oʻtgan asrlarda baxshilar kuylagan dostonlarni tinglash bugungi shou-konsertlardan mutlaqo boshqacha maʼno kasb etgan. Ular faqat oʻyin-kulgi qilmagan. Baxshi tuni bilan dos­ton kuylagan boʻlsa, jim oʻtirib, xuddi audio­kitobni tinglagan kabi eshitgan. Bilʼaks, audiokitobni tinglashdan ham yuksakroq boʻlgan. Baxshi dostonni yarim teatrlashgan ijro ­bilan kuylagan. Butun mahalla jam boʻlib dos­ton tinglash ­barobarida ­atrofdagilarning holatini kuzatgan, koʻz orqali qalbdagi tuygʻular bir-biriga oʻtgan, koʻngilga maʼrifatning jo boʻlish darajasi ming chandon oshgan. Bir dostonni bir yoki ikki kechada butun boshli mahalla ahli eshitgan — ana sizga ommaviy kitobxonlik.

Baxshidan eshitgan dostondagi sarguzashtlar kayfiyati natijasida odamlar orasida koʻp muhokamalar kechgan, doston sarguzashtlari oʻy-xayollarida uzoq davrlar mobaynida oʻz taʼsirini koʻrsatib kelgan. Butun mahalla ahli “kitob”ni bir vaqtning oʻzida oʻqib chiqishi bugungi kun odamlarining tasavvuriga sigʻmasligi mumkin. Ammo hayotning tashvishu quvonch­lari oʻshanda jozibali boʻlgan.

Qisqacha bayon qilganlarimizdan natija shuki, kitob, kitoblarning jonli ijrosi yoxud ikki oyoqli tirik kitoblar — olimlar haqida ozgina xabar aytdik. Oʻsha davrlarda kitobxonlik holati boshqa bir shaklda boʻlganini ham tasavvur qila boshladik. Ammo har ikkisida mohiyat bitta. Negaki, bugun ham kitobxonlikdan maqsad odamlarning maʼrifatli boʻlishi boʻlsa, oldingi davrlarda ham maqsad mushtarak ekaniga guvohmiz. Ana shu mantiq va mohiyatdan kelib chiqib, oʻta nozik bir kuzatishlarimni oʻrtaga tashlamoqchiman.

Toʻgʻri, ilm olish hech bir zamonda oson kechmaydi. Shuni ham eʼtirof etib ketaylik, oʻqish-yozishni bilganlar hali ilm ahli qatoriga qoʻshildi, degani emas. Lekin ming bir mashaqqat chekib, uzoq oʻlkalarga borib ilm olgan olimlar, maʼrifat ahli, hech shubhasiz, odamlar eʼtiborida boʻlgan. Kishilar bilimdonlarni mehmon qilganlarida uyining toʻriga oʻtkazgan. Oʻsha ilm ahlining roʻzgʻorida biror yumushi boʻlsa, koʻpchilik baravarlashib koʻmak bergan. Shunday qilib, maʼrifat ahlining mashaqqat bilan egallagan bilim va taj­ribalaridan bahramand boʻlib kelingan. Oʻz navbatida, ilm ahli ham turmush tashvishlariga oʻralashib qolmay, odamlarning haqini ado etish yoʻlida ertayu kech bosh qotirgan. Olimu ulamo, donishmandlar siymosida, siyratida odamlar oʻz orzusini koʻrgan. Ularga havas qilib, farzandlari ulardek olim boʻlishi orzulari bilan yashab kelgan.

Bugungi taraqqiy etgan dunyodagi kitobxonlikning holati oʻzgardi. Natijada ilm-maʼrifatning aslidan tobora uzoqlashayotgan avlod oʻz bilganidan qolmaydigan darajaga yetdi. Ijodkorlar, olimlar, oqsoqollar u yoqda tursin, ota-ona hamda yoshi ulugʻlarimiz gaplariga quloq osadiganlar, jilla qursa, hayot tajribasidan ibrat olayotganlar ozchilikni tashkil qiladi. Buning taʼsirida yoshlar oʻrtasidagi oʻziga xos hurmat-ehtirom hislari boshqacharoq kasb etib, goʻyo gʻarblashgandek yo gʻarib tus olmoqda.

Hech shubhasiz, olimu ulamolarga, maʼrifat ahli, ustozlarga, keksa nuroniylarga eʼtibor kundan kun ortib boryapti. Kuzatishlarimdagi bir goʻzal holni aytib ketay. Kitobxonlik ommaviyligidan ajoyib misollarni eslab oʻtdik. Vaholanki, ilm ommaviy emas, shu ikki holatni bir-biriga qorishiq tushunganimiz tufayli kitobxonlik mavzusida sal parishonlik koʻzga tashlanmoqda.

Binobarin, ilm ommaviy emas, der ekanmiz, ilm ahli hisoblangan olim, ijodkor, ixtirochi, tadqiqotchi, kashfiyot sohiblari ham omma qatori sanab oʻtilmasligi kerak.

Hozirgi kunda mana shu sanab oʻtilgan kishilar har birining hayot tarziga bugungi kun yoshlari havas bilan qarashayotgani yoʻq. Masalaning yechimi aynan shu tugunda turibdi. Ilm­da iqtidorli boʻlgan kishilarga avval havas bilan qaraladi va keyin ibrat olinadi. Unga oʻxshashni orzu-havas qilish bilan oʻrnak olinadi. Kitobxonlik haqida ­qaygʻurar ekanmiz, shu ilmiy-badiiy asarlarni ijod qilayotgan kimsalarning turmush tarzi oʻrnak boʻlmas ekan, undan qanday qilib ulgi olinadi, unday maʼrifatchilarga qaysi bir shijoatli yosh havas qiladiyu, kitobini maroq bilan oʻqiydi?

Oʻz ota-onalarimiz, keksalarni ehtirom qilishning afzalliklarini kitobxonlar yorqin tushunib yetishi, oʻquvchi esa oʻqituvchi va ustoz­larni hurmat qilishi, sogʻligʻimiz uchun jonkuyarlik qilayotgan shifokorlarning kecha-kunduz uxlamasdan qilayotgan xizmatlari, yangi oilalarning mustahkam boʻlishi kabi koʻplab masalalar kitobxonlik orqali oʻz yechimini oson topadi. Chunki oʻz-oʻzimizni hurmat qila boshlasak, oʻzgalarning hurmatini ham joyiga qoʻyishning mohiyatini his etamiz.

Aytish mumkinki, kitobxonlik uchun yaratilgan keng imkoniyatlarning samarasini oshirish maqsadida Prezidentimiz 14-fevral kuni yoshlar bilan muloqot chogʻi yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda badiiy adabiyotning roli juda katta ekaniga alohida toʻxtalib: “Bundan qirq yil oldin ustoz shoir Erkin Vohidov tashkil etgan “Yoshlik” jurnali faoliyatini kuchaytirib, uni yana yoshlarimiz sevib oʻqiydigan jurnalga aylantirish muhim”, deya taʼkidladi. Buning ham oʻziga yarasha asoslari boʻlib, bolajonlarimiz maktab partasidan jurnallar vositasida maʼrifat ahli bilan qisqa-qisqa oshno boʻlib, koʻnikma hosil qilib borsa, oʻsib-ulgʻaygan sari bu maʼnaviy doʻsti bilan kengroq tanisha boradi. Kitobxonlik ham sport kabi avvaliga mashq qilinadi, mashq esa xuddi shu jurnal va gazetalar, keyin nav­bati bilan sportchi katta maydonga tushgani kabi romanlar mutolaasiga oʻtiladi. Donishmandlarimiz aytganidek, kitobdek toʻgʻri yoʻl koʻrsatadigan hamda toʻgʻri soʻz hech bir doʻst topib boʻlmaydi. U hech qachon atrofdagi voqea-­hodisalardan varaqlarida bitilgan soʻzlarini oʻzgartirmagan.

Prezidentimizning butun millatni kitobxon qilmasdan toʻxtamayman, degan qatʼ­iyati ildizi, hech shubhasiz, ming yillik qad­riyatlarimizga borib taqaladi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Soʻzim oxirida shuncha izlanib oʻrganganlarim mohiyatini aytsak.

Kitobxon millat qudratli davlat barpo etishi tabiiy. Chunki bu dunyo hayoti man­faatlar ustiga qurilgan. Hayot qonuniyatiga hamohang­lik, maʼrifat yoʻli eng toʻgʻri yoʻldir.

Xolmuhammad KARIMIY,

yozuvchi