Dunyo birinchiligining uchinchi kuni yunon-rum va ayollar kurashi bo'yicha bellashuvlar davom etdi. Ahamiyatlisi, ikki kurashchimiz jahon chempionatining oltin medali uchun gilamga chiqdi. 45 kilogramm vaznda kurashgan Shahzod Ro'zioxunov ukrainalik Evgen Pokovbaga 0-9 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medal` bilan taqdirlandi. 

Quvonarlisi, 51 kilogramm vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Aytjan Xalmaxanov jahon chempioniga aylandi. U finalda eronlik Muhammadrizo Golamidan ustun (5-0) keldi va oltin medal` sohibiga aylandi. 

Xurshidbek Normuhammadov (55 kg) yaponiyalik Kohaku Kanazavani 5-4, Behruz Barnoev (65 kg) ozarbayjonlik Ali Alizodani 9-3 hisobida engib, jahon chempionatining bronza medaliga sazovor bo'ldi. Yunon-rum kurashchilarimiz jahon chempionatini 1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan yakunladi.