Quyosh tafti ona tabiatga iliqlik berib, tut daraxtlari barg chiqara boshlagan shu kunlarda mamlakatimizning nisbatan issiq hududlarida pillakorlarimiz yeng shimarib, ipak qurtlarini parvarishlashga kirishdi. Birinchilardan bo'lib Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida boshlangan ipak qurti urug'larini tarqatish ishlari barcha hududlarda faollashib bormoqda.

Bu galgi pilla mavsumi har yilgidan ko'ra unumli bo'lishi kutilmoqda. Boisi, Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi mutaxassislari va “O'zbekipaksanoat” uyushmasi olimlari kasanachilar yetishtirayotgan pillaning sifatini yaxshilash va etishtirish jarayonidagi harajatlarni kamaytirish maqsadida har tomonlama qulay innovatsion loyihalar yaratishga bel bog'lagan. Mavsum boshida taqdim etilgan ko'chma qurtxonalar ana shunday yangi ishlanmalardan biri.

Yurtimiz tajribasida ilk bor qo'llanilayotgan engil konstruktsiyali ko'chma qurtxonalar Xitoy texnologiyasi asosida yaratildi. Odatiy qurtxonalardan bir necha barobar kichik bo'lgan zamonaviy ixtiro pillakorlarning mavjud yer maydonidan unumli foydalanishiga xizmat qiladi.

Ko'chma qurtxona deyayotganimiz ipak qurti boqishga mo'ljallangan, bir qarashda katta qush inini yodga soladigan zamonaviy va ixchamgina uycha. Uning yordamida kichik maydonlar (3x4 metr)da ham 2-3 quti ipak qurti urug'ini parvarish qilib, 180-200 kilogramgacha pilla xomashyosi yetishtirish imkoniyati bor. Bir quti ipak qurtidan 80-90 kilogramm pilla olish mumkin. Dala chetida yakka tut qatorlari mavjud bo'lgan fermerlar uchun esa biroz kattaroq — 35 metr kvadratgacha (5x7 metr) hajmdagi qurtxonalar ishlab chiqilgan. Ular engil bo'lgani bois, bir joydan ikkinchi joyga ko'chirib o'tkazish ham ancha oson. Muhimi, mazkur zamonaviy qurtxona ipak qurti boqish uchun sarflanadigan xarajatlarni bir necha barobarga kamaytiradi.

— Aholi orasida pilla boquvchining daromadi kam, degan gaplar yuradi. Aslida, pilla boqishda daromad kam emas, shunchaki, talab etiladigan xarajat ko'p, — deydi O'zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi raisi, “O'zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov. — Odatda, bir quti pilla boqish uchun katta molxona yoki omborxonalarda joy qilinadi. Keyin pillaga kerak bo'ladigan issiqlikni ta'minlash uchun o'tin, ko'mir kabi yoqilg'ilardan foydalaniladi. Bir so'z bilan aytganda, odatiy usulda pilla boqish odamlarga nisbatan qimmatga tushadi. Mazkur xarajatlarni eng past darajagacha kamaytirish maqsadida xonadon va fermerlarga kichik hamda arzon ko'chma qurtxonalar taklif qilinyapti. Ularni qurish uchun atigi 600-700 ming so'm xarajat talab etiladi. Fermerlarimiz 100-150 million so'm pul sarflab quradigan qurtxonalarda ko'paytiriladigan qurtlarni mana shu oddiy va mo'jazgina qurtxonalarda 3 yoshgacha bemalol boqish mumkin.  

Qurtxonadan foydalanish jarayonida ham ortiqcha xarajat talab etilmaydi. Avvalo, ularni yomg'irdan pana joyga o'rnatish lozim. So'ng, ichkari qismiga oddiy elektr pechkasi va uning ustiga temir chelakda suv qo'yilsa bo'lgani. Pechka kerakli haroratni ushlab tursa, chelakdagi suv bug'lanib, zarur namlikni yaratib beradi. Bu usulda etishtiriladigan pillaning sifati avvalgisiga nisbatan, hatto, yuqoriroq bo'ladi.

Uyushma tomonidan kelasi yildan pilla boquvchining uyida zarur sharoit va pilla qurti uchun ozuqa bazasini yaratish maqsadida har bir xonadonga 200 tupdan tut ko'chati va bitta qurtxona yetkazib berish ko'zlangan. Bu ishlar joriy yilda tarmoqda amalga oshiriladigan katta vazifalarga hamohang tarzda olib boriladi. Xususan, 2021-yilda respublikada ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 5 790 gektar tutzorlar barpo qilish, 40 million tup yakka qator tut ko'chatlari ekish, tutzorlarni sug'orish ishlari samaradorligini ta'minlash uchun 140 ta artizian quduqlar qazish belgilangan. Natijada pillachilik klasterlari tomonidan 22 470 tonna tirik pilla xomashyosi, pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan 1 500 tonna xom ipak, 1 000 tonna ipak momig'i, 342 dona ipak gilam, 815,6 tonna kalavalangan ipak ip ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Ayni paytda “O'zbekipaksanoat” uyushmasi mutaxassislari tomonidan joylarda seminarlar tashkil etilib, kasanachilarga qurtxonaning afzalliklari bo'yicha ma'lumotlar berilyapti. Buyurtma asosida Farg'ona, Surxondaryodagi kasanachilarga qurtxonalar tarqatish ishlari ham boshlangan. Qisqa vaqtda barcha hududlarda pillachilik klasterlari tomonidan aholining talab-istagi asosida xonadonlarga zamonaviy qurtxonalarni tarqatish yo'lga qo'yiladi. Mazkur yangi tushabbus so'nggi yillarda pillachilikka qiziqib borayotgan minglab odamlarga qulaylik yaratib, oilalarni doimiy daromad manbai bilan ta'minlashga xizmat qiladi.

          Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri