Unga koʻra, endilikda davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:

koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun:

- agar koʻchmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida joylashgan boʻlsa, BHMning 1 baravari (ilgari koʻchmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha);

- agar koʻchmas mol-mulk boshqa aholi punktlarida joylashgan boʻlsa, BHMning 50 foizi (ilgari koʻchmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 50 foizidan 1,5 baravarigacha).

mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga oʻzgartishlar kiritganlik uchun:

- mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa-singillariga – BHMning 10 foizi (ilgari BHMning 25 foizi);

- jismoniy shaxslar uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi);

- yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs boʻlsa – BHMning 50 foizi (ilgari BHMning 1 baravari).

mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi).

garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:

- jismoniy shaxslar uchun – BHMning 1 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha);

- yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs boʻlsa – BHMning 2 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha).

qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 25 foizidan 1 baravarigacha).

avtomototransportni boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:

- avtomototransport vositalari uchun – BHMning 3 baravari (ilgari transport vositasi dvigatelining quvvati, yaʼni ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 2 baravaridan 10 baravarigacha);

- bitta mototransport, motoaravacha, motoqayiq uchun – BHMning 25 foizi (ilgari ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 10 foizidan 50 foizigacha).

avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalarni, shuningdek avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:

- mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa- singillariga, jiyanlariga – BHMning 50 foizi;

- boshqa shaxslarga – BHMning 2 baravari (ilgari BHMning 3 baravari).

Qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summalarini undirish toʻgʻrisidagi ijro varaqalarini berganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.