Festivalda O'zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog'iston, Turkmaniston, Qirg'iziston kabi turkiy tilli davlatlardan professor-tadqiqotchilar, ijodkor adiblar ishtirok  etdi.

Xalqaro festival` doirasida Ozarbayjon milliy nashriyotlarining kitoblar yarmarkasi, yangi nashrlar taqdimoti, nufuzli ijodkorlarning dastxat kunlari tashkil etildi. Shuningdek, tadqiqotchi olimlarning ma'ruzalari tinglandi, she'riy chiqishlar va qo'shiq-kuylar, fil`mlar namoyishlari bo'lib o'tdi.

10 iyun – festivalning oltinchi kuni “Turkiy dunyoning tamal diyorlari” mavzusida O'zbekiston kuni bo'lib o'tdi. Tadbir O'zbekiston Davlat madhiyasi bilan boshlandi. So'ng Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi muxbir a'zosi Ko'ngil Bunyodzoda, tarix fanlari doktori eynulla Madadli, falsafa fanlari doktorlari Faiq Aliakbarli va Fuzuliy Qurbonov so'zga chiqib, o'zbek adabiyoti, jumladan, Alisher Navoiy ijodining turkiy xalqlar madaniy hayotidagi ahamiyati haqida fikr yuritdi. Tadbirning keyingi bosqichi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi xususida bordi. Unda filologiya fanlari doktorlari Ramiz Asqar, Yashar Qosimbeyli, Turk madaniyati va merosi xalqaro jamg'armasi vakili Akif Azalp (Akif Bag'ir), Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi bo'lim mudiri Olmos Ulvi Binnatova kabi taniqli olimlar o'zbek adabiyoti, madaniyati va san'ati xususida so'z yuritisharkan, Mirzo Bobur ijodini alohida e'tirof etishdi.

O'zbekiston delegatsiyasi vakillari ham tadbirda faol qatnashdi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov turkiy xalqlarning madaniy birligi, Bobur shaxsining turkiy adabiyot xazinasidagi ahamiyati borasida so'z yuritarkan, mamlakatlarimiz do'stligi, keyingi yillarda ikki xalqning madaniy aloqalari mustahkamlangani va bu jarayon davom etayotganini ta'kidladi.

– Mushtarak maqsadlarimizning adabiyot va kitob orqali ro'yobga chiqayotgani ayni muddaodir, – deydi O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti professori Ma'rufjon Yo'ldoshev. – Jadid bobolarimiz davrida turkiy adabiyot vakillari bir-birini tarjimonsiz tushunishgan. Ismoil Gaspirali “Tarjimon” gazetasida uch lahjadagi ma'nodosh so'zlarni parallel qo'llash orqali bu muammoni hal qilgan. Mazkur hamkorlikni bugungi adabiy jarayonda ham, albatta, davom ettirish kerak.

So'zga chiqqanlar milliy adabiy qahramonlarimizning umumturkiy ramz ekani, turkiy madaniyat shakllanishida O'zbekistonning o'rni xususida o'z mulohazalarini bayon qilishdi. San'at va madaniyat instituti xodimlari Shavkat Bobomurodov va Qobil Urdishev ham o'zbek madaniyati, adabiyoti va kitobotining turkiy xalqlar madaniy qiyofasidagi roli borasida fikrlar bildirib, she'rlar o'qishdi. Ozarbayjon adabiyotidan o'zbek tiliga tarjima qilingan kitoblar, “Teatr” jurnalining o'zbek teatr san'atiga ozarbayjon san'atkorlarining ta'siri xususida maqolalar chop etilgan sonlaridan mezbonlarga taqdim etishdi.

Badiiy qismda Ozarbayjon va O'zbekiston xalq artisti Gulyanoq Mammedova xalqlarimizning madaniy birligini, adabiy aloqalar mustahkamlanib borayotganini qayd etib, millatlarimiz do'stligi haqida o'zbekcha va ozarbayjoncha qo'shiqlar kuyladi.

“Mammedovaning o'zbek tilidagi qo'shiqlari festival` ishtirokchilarini befarq qoldirmadi, san'atkor sahnadan kitobxonlar yoniga tushib kuyladi, muxlislar qo'llarini ko'tarib, jo'r bo'lib raqsga tushishdi. Gulyanoq Mammedovaning har bir qo'shig'i tadbir ishtirokchilari tomonidan katta ishtiyoq va qarsaklar bilan kutib olindi”, deb yozdi Ozarbayjonning nufuzli nashrlaridan biri “Bizim.media”. SHuningdek, nashr o'zbek va ozarbayjon xalqlarining birdamligi, turkiy xalqlarning do'stona aloqalari mustahkamlanishida bu kabi festivallarning ahamiyati haqida ham to'xtalib o'tgan.

O'zbekiston kuniga bag'ishlangan tadbirlar doirasida ishtirokchilarga qo'shiq va raqslar, dolzarb mavzulardagi ma'ruzalar kun davomida taqdim etildi. Bundan tashqari, Xayol Rizoning inson jasoratiga bag'ishlangan “Maya” hujjatli fil`mi prem`erasidan so'ng fil`m ijodkorlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Festival yakunida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulov va O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti professori Ma'rufjon Yo'ldoshevga turk dunyosi madaniyat va san'ati rivojiga qo'shgan hissasi uchun xalqaro TURKSOY tashkilotining Nizomiy Ganjaviy mukofoti topshirildi.

II Turkiy dunyo adabiyot va kitob festivalining O'zbekiston kuni yuqori saviyada, qizg'in ijodiy muhitda kechdi. Darhaqiqat, turkiy adabiyot bir ildizdan suv ichgan ulkan daraxt. Bu daraxt baquvvat shoxlardan, o'zbek, qozoq, turk, ozarbayjon, turkman, qirg'iz kabi mustahkam butoqlardan tarkib topgan. Bu daraxtning hayotbaxsh soyasi esa qizg'in dunyoni hovuridan tushirishga, yaxshilik, ezgulik, insoniylik yo'liga boshlashga qodir. Buni ifoda etishda shunday yig'inlarning, shu kabi xalqaro festivallarning o'rni beqiyosdir.

Shavkat DO'STMUHAMMAD,

O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

bo'lim boshlig'i