Uchrashuv davomida Toshkentda Kadrlarni qayta tayyorlash markazini ochish hamda shu markazning oʻzida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini barpo etish haqida kelishildi.
Loyiha Koreya Respublikasining tashqi yordami (granti) hisobidan 11 million AQSH dollari miqdorida (taxminiy ravishda) 2021-2026-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Kompleks markaz maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari va metodistlarini oʻqitadi va malakasini oshiradi. Koreys dasturi nafaqat bolalar bilan mashgʻulotlarni, balki ota-onalar bilan oʻzaro munosabatlarni ham taʼminlaydi.
"Biz maktabgacha taʼlimga koʻproq ota-onalarni jalb qilmoqchimiz, pandemiya vaqtida, maktabgacha yoshdagi bolalar vaqtincha maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qatnamagan paytda, ota-onalar oʻzlari mustaqil ravishda farzandlari bilan birgalikda ularning bilimini rivojlantirish, qobiliyatlarini aniqlash va yoʻnaltirish kerakligi maʼlum boʻldi. Ushbu markaz innovatsion raqamli klaster va eng yaxshi maktabgacha taʼlim loyihalaridan biri boʻladi degan umiddaman”, - dedi Agrippina Shin.
Bundan tashqari, Markaz MTTlar uchun innovatsion oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va oʻquv materiallarini ishlab chiqadi. Kompleks markazning qurilishi 2022-yilga moʻljallangan.