Shaharda tugʻilib voyaga yetgani sabab Jahongir qishloq sharoitini koʻp ham tushunmaydi. Hali yosh boʻlishiga qaramay, ishdan boʻsh vaqt topdi deguncha, biror joyga borishga, oʻrtoqlari bilan dam olishga intiladi. Yaqinda, mehnat taʼtiliga chiqqandi. Qish boʻlgani bois, olisroqda yashovchi kursdoshinikiga borib, bir aylanib kelishni niyat qildi. Qoʻngʻiroq qilib, maqsadini aytgandi, kursdoshi ham jon-dilidan rozi boʻldi. Suhbat yakunida ayni paytda hasharchi kerakligini, kelsa, ishga yordami tegishini taʼkidlab, hazillashgan boʻldi. Bu gapga unchalik eʼtibor bermagan Jahongir qishda hamma bekor boʻlsa kerak, deya yoʻlga chiqdi.

Yangi tashkil etilgan Koʻkdala tumani markaziga yaqinlasharkan, katta yoʻl oʻrtasida tarvuzning faqatgina televizorda koʻrgan kattagina haykaliga koʻzi tushdi. Oʻng tarafda esa baland imoratlar bunyod etilib, obodonchilik ishlari avjida. Bir-biridan chiroyli qad rostlagan imoratlar koʻzni quvnatadi. Bir oz yoʻl yurib, taksi haydovchisi mashina yoʻnalishini chap tomonga burib, harakatda davom etdi. Oʻn chaqirim masofa bosib oʻtilgach, uni kattagina hovli oldida qoldirishdi. Atrofga qararkan, bir zum oʻtmay, shundoqqina roʻparasidagi darvoza ochilib, kursdoshi Solih koʻrinish berdi. Oliy oʻquv yurtida birga taʼlim olib, talabalik davrini birga kechirgan doʻsti quchoq ochib kutib oldi. Darhol uyiga boshladi. Suhbat qizigan vaqti Solihning telefoni jiringlab qoldi. U bir oz xijolat ila qoʻngʻiroqqa javob berarkan, imkoni boricha tezroq borishini, aytilgan ishlarini bajarib turishlarini aytdi. Bir piyola choy ichgulik vaqtda bir necha bor qoʻngʻiroqlarga javob berdi. Soat millari hali ertalabki 11:00 ni koʻrsatmoqda. Bu paytda dalada ayni ish qizgʻin palla. Shunday damda uyda oʻtirib boʻlarmidi? Ammo kursdoshini yolgʻiz tashlab ketish ham odobsizlik. Mehmonga qanday tushuntirishni bilmay, bir oz taraddudlandi. Nihoyat, Solih doʻstiga dalasini koʻrsatishini, shu bahonada baʼzi ishlarini bajarib kelishni taklif qildi. Solihning mashinasida ikki oʻrtoq talabalik damlarini xotirlab, keng daladan ketib borardi. Lekin Jahongirning xayolida qish chillasida dalada hech kim boʻlmasa kerak, degan oʻy bor edi. Anchagina yoʻl bosishgach, kattagina maydonda issiqxona shaklida plyonka tortilgan keng hududga yetib kelishdi. Bunday qatorlarni sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi.

Bir tomonda esa qizgʻin ish ketyapti. Kimdir koʻchat oʻtqazish, yana birovi uning ustini yopish bilan mashgʻul. Deyarli yuzga yaqin kishi ishdan toʻxtamayapti. Solih ham nihollarning oralariga eʼtibor qaratib, tartib bilan ekib borishni, qancha chuqurlikda boʻlishigacha koʻrsatib, oʻzi ham ularga qoʻshilib ishlashga tushdi. Bir chetda tomoshabin boʻlib turgan mehmon dehqonlar ishiga qiziqdi. Plyonka tortish uchun yarim aylana qilib kesilgan qalin metall simlarni uzun qator qilib, yerga ikki uchini tiqib, qotirib borayotgan yoshlar safiga qoʻshildi. Ularga qarab, shu ishni takrorlashga harakat qildi. Ammo uddasidan chiqolmadi. Yonidagi yigitcha buni birdaniga anglab, unga yordamga keldi. Endi ikkovlashib simlarni yerga qaday boshladi. Solih esa oʻz ishiga andarmon boʻlib, mehmonni unutgandi. Koʻpchilik qatori mehmon ham shiypon oldiga kelib, yuz-qoʻllarini yuvib, tushlik uchun oʻtirdi. Hammadan keyin kelgan Solih dasturxon atrofiga kelib, kursdoshiga koʻzi tushdi-yu, uning shu yerdaligi allaqachon yodidan chiqib ketganiga xijolat tortdi. Ammo sezdirmadi. Mehmonning ham negadir bugun dalada qilgan mehnati taʼsirimi, ishtahasi ochildi.

Ertapishar tarvuzlar unib chiqdi

Solih Rajabov endigina oʻttiz yoshga kirdi. Yosh boʻlishiga qaramay, bugun Koʻkdala tumani dehqonlari orasida eng ilgʻorlardan. Boisi, bu hududga birinchilardan boʻlib ertapishar tarvuz ekishni joriy etgan bobosi Ulugʻbek Jumanazarovning yonida yurib, dehqonchilik sirlaridan voqif boʻldi. Mana, uch yildirki, “Oʻtamayli” mahalla fuqarolar yigʻini hududida oʻzi mustaqil ishlab, har yili ichki va tashqi bozorga ertapishar tarvuzni birinchilardan boʻlib chiqarib kelmoqda.

— Joriy yilda nihollarni har yilgidan koʻra oʻn besh kun oldin ekdik, — deydi Solih Rajabov. — Oʻtgan mavsumda yanvar oyida issiqxonada urugʻ qadab, koʻchatni oʻstirardik. Bu safar dekabr oyida urugʻ koʻklatilib, yanvarning 20-sanasidan dalada ekish boshlandi. Hozir plyonkalar ostiga ekilgan nihollar parvarishlanmoqda. Hosil kamida oʻn kun oldin pishib, bozorga chiqariladi. 2022-yilda olti gektarda dehqonchilik qilib, 450 tonnadan ortiq hosil olgandik. Bu yil koʻproq, yaʼni 25 gektarga tarvuz ekish niyatidamiz. Koʻchatlarni shu yerning oʻzidagi issiqxonada yetishtiryapmiz. Hozir bosqichma-bosqich ekilyapti. Birgina yosh dehqonning dalasida ayni paytda yuzdan ortiq fuqaro mavsumiy ish bilan band. Avji pishiqchilik vaqtiga kelib, ishchilar soni uch yuz-toʻrt yuz kishiga yetadi. Oʻtgan yili Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻizistonga 400 tonnaga yaqin tarvuz eksport qilgan dehqon joriy mavsumda 900 tonnadan ortiq hosil olishni moʻljal qilmoqda. Shundan kelib chiqib, tashqi bozorga kamida 600 tonna tarvuz yetkazib berishni reja qilgan.

Yangi nav sinab koʻriladi

Maʼlumotlarga koʻra, yangi tashkil etilgan Koʻkdala tumani birinchi yilning oʻzidayoq eksport qilishni boshlab yuborgan. Xususan, 2023-yilda yetti million dollarlikdan ortiq sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Bundan tashqari, uch yuz milliard soʻmlikka yaqin jami 132 ta loyiha amalga oshirilib, 800 taga yaqin yangi ish oʻrni yaratilgan.

— Hududimizda tarvuz yetishtirish ixtisoslashuv koʻlami yildan-yilga kengaymoqda, — deydi tuman hokimligi mutaxassisi Muhriddin Abdixoliqov. — Misol uchun, 2022-yilda sakkizta mahallada aynan shu yoʻnalishda dehqonchilik qilingan boʻlsa, oradan bir yil oʻtishi bilan ular soni oʻn oltitaga yetdi. Shuning ortidan odamlarning bandligi taʼminlanib, daromad topishiga imkon yaratilmoqda. Oʻtgan yili tuman boʻyicha jami 20 ming gektar maydonga ertapishar tarvuz ekilib, 400 ming tonnadan ortiq hosil olindi. Dehqonlarning tajribasi yuksalishi ortidan hosildorlik ham oshib bormoqda. Masalan, avvallari bitta artezian qudugʻidan ikki-uch gektar ekin sugʻorilgan boʻlsa, bugun suv tejovchi texnologiyalar tufayli koʻrsatkich oʻn besh gektarga yetkazildi. Aynan tomchilatib sugʻorish samarasida qoʻshimcha sakkiz ming gektar yer oʻzlashtirildi.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri