Fikru xayolim konsert dasturini muvaffaqiyatli oʻtkazib olishda edi. Toʻgʻrisi, shunday vaqtda yuksak mukofot bilan taqdirlanishim haqida oʻylamagan edim.
Shuning uchunmi, davlatimiz rahbarining bunday eʼtiboridan qattiq hayajonlandim. Konsertdan oldin bu xushxabarni sahnada eshitdim va ovozimda kuchli titroq turdi. Aslida, shu yoshda konsert berish hammaga ham nasib etavermaydi. Muxlislar konsert soʻngiga qadar olqishlab turishi ham sanʼat ahli uchun juda katta baxt. Shular sabab shukrona hissi, sevinch koʻz yoshi ich-ichimdan toshib kelayotgan edi. Kutilmagan xushxabar ularni yuzaga chiqarib yubordi. Toʻgʻri, koʻplab mukofotlarga, eʼtiroflarga sazovor boʻlganman. Lekin ularning barchasi bir taraf, koʻp sonli xalq orasida “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga erishish bir taraf boʻldi. Bu men uchun yana bir sinov, yana bir dovon. Yaʼni bildirilgan ishonchni oqlash masʼuliyati. Yaratgan umr bersa, bunga munosib javob berishga harakat qilaman.
“Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist”, “Oʻzbekiston xalq artisti” unvonlarini olganimda “koʻp sanʼatkorlar unvonga erishsa boʻldi, ijodni toʻxtatib qoʻyadi” deganday gaplar oʻzimga ham aytilgan, OAVlarda ham yozilgan. Oʻshanda “Men ijodimni endi boshladim, toʻxtaydigan odam emasman”, deb javob bergan edim. Xayriyatki, shu paytgacha jonli ijroda bemalol kuylash baxtidan ayro boʻlmadim. Chunki har bitta mukofot, har bir eʼtibor yangi kuch, yangi gʻayrat bagʻishlaydi. Shuning uchun bunday qoʻllovni, ishonchni sira suiisteʼmol qilib boʻlmaydi. Sidqidildan elga xizmat qilayotgan insonlarni eʼzozlashning amaldagi ifodasi bu. Shu maʼnoda, umrimning oxiriga qadar oʻzbek sanʼatini koʻtarishga, xalqimiz nomini ulugʻlashga xizmat qilaman.
Qariyb 30 yildan buyon konsert berib kelayotgan boʻlsam, zal toʻlmay qolgan, tomoshabinlar chiqib ketgan holat boʻlmaganiga shukrona aytaman. Ijodiy jamoamiz bilan har bir repertuarimizni imkon qadar yangilab, boyitishga harakat qilib kelyapmiz. Bu safar ham 20 ga yaqin yangi qoʻshiq ijro etildi. Biroq muxlislar “Dilorom”ni aytmagunimcha qoʻymadi. Xursand boʻldim. Necha yil avvalgi qoʻshiqlaringiz bugun ham yashasa, tomoshabin soʻrab tursa, bundan ortiq baxt bormi? Vaholanki, bugun har kim suygan oshini ichadi. Birov birovni majburlaydigan zamon emas.
Davr oʻzgaryapti, hayot jadallashdi. Shunga qarab yangi Oʻzbekiston ham baland marralarni olib, dadil odimlamoqda. Davlatimiz rahbari butun bir yil nomini atrof-muhitni obodonlashtirish, tabiatni asrashga bagʻishladi. Nasib qilsa, yil nomi haqidagi qaror, dastur ijrosi sabab yurtimiz yanada goʻzallashadi, koʻchalarimiz yashillanadi.
Odamlar ham shunga qarab intilishi, yuksak madaniyatli boʻlishi, yangicha turmush tarziga moslashishi, yangicha ishlashi kerak. Zero, ishlagan odam sira chetda qolib ketayotgani yoʻq. Shuncha oʻy-tashvish, davlat ishlaridan ortib, Prezidentimiz biz kabi ijodkorlarni kuzatib, munosib taqdirlayotgani tahsinga loyiq.
Ayniqsa, madaniyat va sanʼatga har qachongidan katta eʼtibor berilayotganidan biz, soha vakillari cheksiz minnatdormiz. Prezidentimizning 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan yosh sanʼatkorlar, ijodkorlarga qaratilgan eʼtibor samarasini bugun yaqqol koʻrib turibmiz. Bunday ishlar sohada boʻlmagan edi. Yosh sanʼatkorlar, madaniyat xodimlari uyli-joyli, qoʻshimcha ishli boʻlaman degan ezgu niyat bilan mehnat qilyapti. Zero, sohadagi ishlar, huquqiy hujjatlar ularda ertangi kunga ishonch uygʻotyapti.
Biz, katta avlod vakillari esa necha yillik boy tajribamizdan kelib chiqib shakllantiradiganimiz — “Mahorat maktabi” orqali koʻplab umidli yoshlar kelajagida muhim oʻrin tutishimizni his qilishimiz darkor. Sahna tabarrukligini, uni chin dildan sevish, sanʼatkor oʻz madaniyatiga ega boʻlishi kerak ekanini yoshlarga singdirishdan koʻp manfaat topamiz. Chunki ustoz koʻrmagan ayrim yoshlar sanʼat olamida milliyligimiz, qadriyatlarimizga yot xatti-harakatlar qilib turgan holatlar ham yoʻq emas. Sanʼatkor etikasiga rioya etish, oʻz ustimizda ishlash, izlanishdan toʻxtamaslik bilangina ularga namuna boʻlishimiz mumkin. Shu bois, mukofotni olgan kunim katta sahnada turib vaʼda berdim: sanʼatsevar xalqimizga betakror qoʻshiqlar taqdim etish yoʻlida bundan buyon ham oʻz kuch-gʻayratimni ayamayman. Nasib qilsa, vatan, mehru sadoqat, insoniylik, goʻzallikni tarannum etadigan qoʻshiqlar yarataman.
Gʻulomjon YOQUBOV,
Oʻzbekiston xalq artisti,
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi