Kolleksioner qadimiy tangalarini vaqtinchalik saqlash uchun Temuriylar tarixi davlat muzeyiga topshirdi

    Tangalar jami 343 donadan iborat boʻlib, ularning oʻrtacha ogʻirligi 4,5-5 grammni, diametri esa 22-27 sm.ni tashkil qiladi.

    Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi Dildora Joʻrayevaning shaxsiy kolleksiyasida saqlanib kelgan XV asrning soʻngi oʻn yilligi birinchi yarmiga oid mis tangalar vaqtinchalik saqlash uchun Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga qabul qilib olindi.

    Tangalar 343 dona boʻlib, ularning oʻrtacha ogʻirligi 4,5-5 grammni, diametri esa 22-27 sm ni tashkil qiladi. Tangalarga zarb urib qavarik shakldagi bezak va arab tilidagi yozuvlari tushirilgan.

    Muzeyga qabul qilib olingan tangalar hijriy 897 – 900 (milodiy 1491 – 1495) yillarda zarb qilingan boʻlib, ularning bir tomoniga qayerda zarb qilinganligi, ikkinchi tomoniga esa zarb qilingan sanasi soʻz bilan yozilgan.

    Dastlabki oʻrganishlar natijasida tangalardan 173 donasi Buxoroda, 91 donasi Samarqandda, 3 donasi Shosh (Toshkent)da, 1 donasi Hisori Shodmon (Hisor)da, 1 donasi Andijonda zarb qilinganligi aniqlanda. Qolgan 74 dona tangalar yomon holatga kelib qolganligi sababli ularning qayerda zarb qilinganligini aniqlashning imkoni boʻlmadi.