Ushbu “yoʻl xarita”ga asosan, shu yilning 18-mart kuni Namangan viloyatining mahalliy hokimliklar masʼullari, tadbirkorlik subyektlari vakillaridan iborat delegatsiyasining Jalolobod viloyatiga amaliy tashrifi davomida ikki tomonlama qator kelishuvlarga erishildi.
Yaqinda esa Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattor Sirgaboyev boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatiga keldi.
Namangan qirgʻiz milliy-madaniy markazi rahbari Mafiratxon Istamqulovaning aytishicha, yettita tumani Qirgʻizistonning Jalolobod viloyati bilan chegaradosh boʻlgan Namangan viloyatida bugungi kunda qirgʻiz millatiga mansub 23 mingga yaqin aholi yashaydi. Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy va Chortoq tumanlaridagi qirgʻiz mahallalarida qardosh elning urf-odatlari yuksak qadrlab kelinyapti. Bundan tashqari, viloyatda Qirgʻiz milliy-madaniy markazi, uchta qirgʻiz maktabi va qirgʻiz ishbilarmonlari sarmoyasi ishtirokidagi toʻqqizta qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Jalolobod viloyatida istiqomat qilayotgan 1 million 238 ming aholining 26 foizi oʻzbeklardir. Oʻzbek tiliga ixtisoslashgan 21 ta maktabda zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Oʻzbek tilida “Yangi tong” gazetasi chop etiladi.
— Ikki viloyat oʻrtasida imzolangan tarixiy hujjatlar koʻp yillik va samarali hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash va bundan ham yuqori pogʻonaga koʻtarishga xizmat qiladi. 2020-yilda viloyatimizning Qirgʻiziston bilan oʻzaro tovar aylanmasi 102 million 600 ming dollarni tashkil qildi. Bunda Namangan eksportida Qirgʻizistonning ulushi 25 foiz boʻldi, — deydi Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov. — Qabul qilingan “yoʻl xaritasi”ga asosan, qiymati 22 million dollarlik 6 ta loyihani amalga oshirish va 300 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratish hamda qiymati 132 million 500 ming dollarga teng 35 ta savdo shartnomasi ijrosini taʼminlash belgilangan. Qolaversa, ikki hudud oʻrtasidagi mavjud aloqalarni yana-da mustahkamlash maqsadida “Uchqoʻrgʻon – Kensay”, “Nanay – Kerben” chegara-bojxona posti faoliyatini qayta tiklash va “Kosonsoy – Baymak” chegara-bojxona oʻtish punkti orqali transportlar harakatiga ruxsat berish uchun amaliy ishlar boshlab yuborildi. Chegaraoldi hududlarda oʻzaro savdoni kengaytirish, logistika markazlari tashkil etish, turizmni rivojlantirish hisobiga 1500 dan ortiq ish oʻrni ochish imkoni bor.
Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim Junusovning taʼkidlashicha, u Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini boshlagan vaqtda toʻrtta nazorat-oʻtkazuv punkti ishlagan. Hozirga kelib ularning soni sakkiztaga yetgan. Yaqinda ikki mamlakat Prezidentlari uchrashuvi davomida barcha 15 ta nazorat-oʻtkazuv punktini ochish topshirigʻi berilgan. Sanitariya, bojxona va chegara xizmatlari oʻzlariga tegishli masalalarni hal etishsa, uch oy ichida barchasi ochiladi. Punktlardan oʻtayotgan fuqaro pasport tekshiruvi uchun 1,5 daqiqadan ortiq vaqti ketmasligi taʼminlanadi. Ikki taraflama oʻtkazish punkti boʻyicha meʼyoriy talablar yechilganidan keyin Jalolobod va Namangan oʻrtasida avtomobillar qatnovi ham yoʻlga qoʻyiladi.
Jalolobod viloyati maʼmuriyati va huquq-tartibot idoralari masʼul xodimlari, sanoat korxonalari rahbarlari, ishbilarmonlar doiralar vakillari hamda jurnalistlardan iborat delegatsiya aʼzolari Namangan shahrida joylashgan monomarkaz, viloyat markazining Davlatobod tumanidagi Oʻn bir Ahmad ziyoratgohi, “Yangi Oʻzbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasi, Prezident maktabi, “Dashtbogʻ”, “Orzu” va “Yuksalish” kichik sanoat zonalaridagi “Dreamliner textile”, “Ideal orzu tekstil”, “Art soft cluster holding”, “Flat tile”, “Zamin kiyim sanoat”, “Samira amir tekstil”, “Fabrika nashe”, “Santex dizayn”, “Aisha home textile”, “Merrymed farm” kabi korxonalar faoliyati bilan tanishdilar. Birgalikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar almashildi. Namangan viloyatining diqqatga sazovor joylari hamda yirik ishlab chiqarish majmualari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
— Navkent – Oʻsh oraligʻi 200 kilometr. Uchqoʻrgʻondagi post ochilgach, Oʻshga Namangan orqali 70 kilometr yoʻl bosib boramiz, yaʼni yoʻlimiz 130 kilometrga qisqaradi, — deydi Doʻstuk ayil ukmati rahbari Zamirbek Mamasodiqov. — Toʻgʻrisi, bundan toʻrt-besh yil burun bugun amalga oshirilayotgan ishlarni tasavvurimga ham sigʻdirolmasdim.
— Tumanimiz markazi Kerben shahrida 6 ming nafar atrofida oʻzbek yashaydi. Kerben Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumaniga qarashli Nanay qishlogʻi bilan chegaradosh. Agar shu yerdagi avvalgi nazorat punkti tiklansa, Namanganga oʻtish uchun Baymakdan 50-60 kilometrlab uzoq yoʻl bosib yurmaymiz. Ayni shu masalani ikki viloyat rahbarlari maslahatlashishdi va ijobiy hal qilishdi, — deydi Jalolobod viloyatining Axsi tumani hokimi Jirgalbek Shakiov??? (AK). — Darvoqe, Namangan shahridagi ulkan qurilishlar, zamonaviy binolar qiyofasi, yoʻl infratuzilmasi, landshaft dizayni, Prezident maktabi va yaqinda foydalanishga topshirilgan zamonaviy axborot-kutubxona markazining noodatiy meʼmoriy uslubdagi arxitekturasi juda yoqdi. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda juda ulkan oʻzgarishlar boʻlibdi.
Tashrifning ikkinchi kunida Jalolobod viloyati delegatsiyasi aʼzolari Toʻraqoʻrgʻon tumanida Namangan – Jalolobod biznes forumi va “Made in Namangan” mahalliy ishlab chiqaruvchilar koʻrgazmasida ishtirok etdi. Unda 50 dan ortiq sanoat ishlab chiqarish korxonasi mahsulotlari namoyish qilindi.
— Menga, ayniqsa, Namanganning toʻqimachilik yoʻnalishida Yevropa bozorlarida oʻz oʻrnini topib, rivojlangan davlatlar tadbirkorlari bilan raqobatlasha oladigan mahsulotlar ishlab chiqarayotgani maʼqul boʻldi, — dedi Jalolobod viloyati gubernatori Abdusattor Sirgaboyev. — Viloyat eksport hajmida tikuvchilik mahsulotlari ulushi 50 foiz ekan. Xususiy va kichik biznes vakillariga, xorijiy investorlarga yaxshi shart-sharoitlar borligiga havas qildik. Oʻrganadigan jihatlarimiz koʻp.
“Namangan” va “Kosonsoy” erkin iqtisodiy zonasi hamda viloyat shahar va tumanlaridagi 73 ta kichik sanoat zonasida yana mingdan ortiq loyiha ishga tushishi natijasida 9 trillion soʻmlik mahsulot eksportga va mahalliy bozorga chiqariladi. 2021-2022-yillar mobaynida Namangan viloyatida umumiy qiymati 2,2 milliard AQSH dollarlik 1 ming 700 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Forumda ziyorat turizmini rivojlantirish, Namanganda tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan qirgʻizistonlik ishbilarmonlarning loyihalarini viloyatdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida tatbiq etish, chorvachilik va pillachilik sohalarida birgalikda kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish kabi istiqbolli takliflar bildirildi, rejalar va imkoniyatlar oʻrtoqlashildi.
Har ikki viloyat tadbirkor va ishbilarmon doiralari vakillarining “B2B” formatdagi muzokaralari natijasida bir qator memorandum va bitimlarga erishildi.
— Oʻzim olabuqalikman, Namanganga kelmaganimga ancha boʻlgandi. Bir daryodan suv ichsak-da, men eski tasavvurda yurgan ekanman. Viloyatingiz soʻnggi yillarida tamomila oʻzgarib, goʻzallashib, barcha sohada rivojlanib, ancha oldinlab ketibdi. Ayniqsa, gullar shahri Namanganda bunyodkorlik avjida, yuksalishlardan hayratdaman. Ochigʻi, hududdagi aholi bandligini taʼminlash, ishsiz qatlam vakillarini bepul 12 xil kasbga oʻqitish va qayta tayyorlash maqsadida yangi barpo etilgan monomarkaz eʼtiborimni tortdi. Bunaqa tajribani ilk bor Namanganda koʻrdim, — dedi Jalolobod viloyati iqtisod va investitsiya boshqarmasi sektor boshligʻi Aynagul Boymirzayeva. — Namanganda may oyida oʻtadigan anʼanaviy 60-xalqaro gul bayramiga taklif etilganimizdan boshimiz osmonga yetdi. Mamnun kayfiyatda yurtimizga qaytyapmiz, yuksak eʼtibordan minnatdormiz! Yuqori saviyada va koʻtarinki ruhda kechgan ikki kunlik tashrif tili va dini bir qardosh ellarimiz uchun manfaatli boʻlgani, koʻngillarda mehr-oqibatni kuchaytirganidan gʻoyat xursandmiz.
Xayrlashuv onlarida Jalolobod viloyati madaniyat boshqarmasi boshligʻi, oqin, Qirgʻiziston xalq shoiri Rahmatilla Qoʻzukeyevning dil soʻzlarini tingladik: “Namangan biz uchun qadrdon viloyat, men oʻzim Uchqoʻrgʻonda ulgʻayganman. Yoʻllar ochilib, rishtalar qayta bogʻlangani uchun davlatlarimiz rahbarlariga mingdan-ming tashakkur. Sizlar bilan tariximiz, anʼanalarimiz, madaniyatimiz oʻxshash, yeri yeriga tutash, bozor va mozorimiz bitta. Hamjihatlikda beqiyos kuchmiz, porloq kelajagimiz sari olgʻa. Samimiy doʻstligimiz abadiy boʻlsin”.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.