Konimexda ishchilarga 300 million soʻmdan ortiq pul mablagʻlari undirib berildi

    Mehnat uchun oylik ish haqidan tashqari olinishi kerak boʻlgan qoʻshimcha ustama pullari toʻlab berilmasa, kishi qanday holatga tushadi?

    Bunday paytda qoʻl ishdan sovishi va albatta xodimlar oʻz haqqini talab qilishi tabiiy. Konimex tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimida ana shunday holat yuzaga keldi. Shu bois, soha vakillari tuman adliya boʻlimiga murojaat qilishdi.

    Aniqlanishicha, Konimex tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi xodimlariga bir necha oy davomida yoʻl transport, tushlik ovqatlanish xarajatlari va ustama haqlari toʻlab berilmagan.

    Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2017-yil 4-dekabrdagi 963-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish shartlari va tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomiga asosan yoʻl transporti uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari hamda xodimlarning tushlik ovqatlantirish xarajatlariga koʻmaklashish maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida toʻlovlar amalga oshirilishi belgilangan.

    Shu asosga koʻra, tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimida faoliyat yuritayotgan xodimlarga tuman adliya boʻlimi aralashuvi bilan jami 306 mln. 238 ming 234 soʻmlik pul mablagʻlari undirib berildi.