1992-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakat tarixidagi muhim hujjat bo‘lib, demokratik va suveren kelajakka asos soldi. Mamlakatning oliy qonuni sifatida Konstitutsiya shaxs erkinliklari himoya qilinishini ta’minlaydi, ijtimoiy farovonlikka ko‘maklashadi, jamiyatning muvozanatli va farovonligi asoslarini belgilab beradi. Unda tenglik, adolat va qonun ustuvorligi kabi tamoyillar mustahkamlanib, O‘zbekistonni boshqarish va rivojlantirishda yetakchi kuch bo‘lib xizmat qiladi. Mamlakatning modernizatsiya va islohotlar sari yo‘lida Konstitutsiya barqarorlashtiruvchi omil bo‘lib, fuqarolarga o‘z huquq va erkinliklarini kafolatlaydi.
Huquqiy tizimimizning tayanch poydevori hisoblangan Konstitutsiya barcha qonunlar uchun asos sifatida xizmat qiladi. Shu kunga qadar qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlari Konstitutsiyamiz ilg‘or qoidalarining ifodasidir.
Ijtimoiy munosabatlarning yangi ko‘rinishda rivojlanishi, jamiyat va davlat boshqaruvida modernizatsiyaga bo‘lgan ehtiyoj Konstitutsiyaning yangi norma va boblar bilan to‘ldirilishini taqazo etdi, natijada 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumi asosida yangi tahrirda amaliyotga joriy etildi. Mazkur Konstitutsiyada shaxs huquqlarini himoya qilish, yoshlar, ta’lim, advokatura, ekologiya, davlat boshqaruviga oid normalarga qo’chimcha, o’zgartirishlar va yangi moddalar kiritildi.
Konstitutsiyaning muqaddimasida O‘zbekiston xalqi: inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatini namoyon qilib, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish maqsadida ushbu Konstitutsiyani qabul qilganligi e’tirof etilgan. Darhaqiqat, mustaqillik tufayli vujudga kelgan Qomusimiz bizga tilimizni, dinimizni, tariximizni, ma’naviyatimizni, insoniy huquqlarimizni qaytarib berdi va ularni o‘zining hayotbaxsh normalarida mustahkamlab qo‘ydi. Shu bilan birga u siyosiy qadriyatlarimizni ya’ni davlat hokimiyatini boshqarishdagi xalqning ishtirokini ta’minlab berdi.
Normalarga muhim o‘zgartirishlar kiritish orqali O‘zbekistonning huquqiy maqomi yanada mustahkamlandi. Misol uchun Konstitutsiya 1-moddasining o‘zi ham ilmiy va nazariy hamda bugungi globallashuvni inobatga olgan holda boyitildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb e’lon qildi. Bu orqali har bir fuqaroga munosib turmush tarzini ta’minlash majburiyatini oldi. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, bu eng oddiy oilaning bolalari ham sog‘lom hayot kechirishlari, boshqa bolalar kabi ta’lim olishlari mumkin ekanligini anglatadi.
Inson huquqlarini ta’minlash, himoya qilish har qanday demokratik davlatning oliy maqsadi hisoblanadi. O‘zbekistonda ham mazkur qoida olib borilayotgan siyosatning bosh g’oyasi hisoblanadi. Inson huquqlarini, ularni munosib hayot tarzi bilan ta’minlashga qaratilgan Konstitutsiyaning 20-moddasi inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishini kosntitutsiyaviy norma sifatida mustahkamladi. Mazkur norma orqali qonunchilikda aniq belgilanmagan masalalar yuzasidan davlat organlari va inson o‘rtasida vujudga keluvchi barcha ziddiyatlar inson foydasini ko‘zlab hal etiladi. Bundan tashqari davlat organlari tomonidan yuritiladigan turli hujjatlarda uchraydigan xatolar va tushunmovchiliklar ham inson foydasini ko‘zlagan holda bartaraf etiladi.
So’ngi yillarda yurtboshimiz tomonidan yoshlarga qaratilgan e’tibor nafaqat mamalakatimizda balki chet davlatlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Yoshlarga oid davlat siyosati o‘z ishini ta’lim tizimini modernizatsiya qilib davom ettirmoqda desak mubolag’a bo’lmaydi. Eski tahrirdagi konstitutsiyaning 41- moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deb aytilgan normasi yangilangan konstitutsiyaning 50-51-moddalari asosida maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim va oliy ta’limga oid qoidalar bilan to’ldirildi. Xususan, 50-moddada “Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi. Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir. Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidadir. Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi” deb belgilab qo‘yildi. 50-moddada maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim va tarbiyani rivojlantirish bo’yicha asosiy qoidalar belgilangan bo’lsa, 51-moddada fuqarolar davlat ta’lim tashkilotida tanlov asosida o’qishga haqli ekanligi qayd etildi. 52-moddadaning qabul qilinishi davlatning ta’lim tizimiga, o‘qituvchi mehnati va uning huquqiy maqomiga alohida e’tibor qaratilganligining yorqin ifodasidir.
Shuningdek, Konstitutsiyamizdan o‘rin olgan “Advokatura” bobi so‘ngi o‘n yilda mamlakat huquqiy tizimizda yuz bergan o‘zgarish va samarali islohotlarning ifodasi sifatida shaxs himoyachilarining huquqiy maqomini Konstitutsiya darajasida mustahkamladi. 142-moddada “Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi” deya qayd etilgan qoida advokatlarning mustaqilligini, o‘z vazifasini hech qanday moneliksiz amalga oshirishida yaratilgan muhitning qonuniy asosi sifatida amaliyotda qo‘llanilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan o‘zgarishlar Konstitutsiyada nazarda tutilgan yangiliklarning bir qismi. Xulosa o‘rnida aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi fuqarolar uchun bir qancha imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Endilikda ular o‘z huquq va erkinliklarini yanada yaxshiroq himoya qilish mexanizmiga ega bo‘lishdi. Shu bilan birga O‘zbekiston hududidagi har bir shaxs teng imkoniyatlarga ega bo‘lib, munosib turmush tarzida yashashi yana bir bor qonun bilan kafolatlandi. Barcha yangiliklar insonni eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarib, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirib, isloh qilish va xalqparvar davlat barpo etish maqsadida amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va sharoitlar o‘z navbatida biz fuqarolardan ogohlikni, islohotlarga faol fuqaro pozitsiyasida bo‘lishni talab qiladi. Bu esa Konstitutsiyada belgilangan “Shaxs-Jamiyat-Davlat” prinsipining samarali ishlashiga imkon yaratib beradi. Agar davlatda shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasida munosabatlar mustahkam o‘rnatilgan bo‘lsa, albatta, shu davlatda rivojlanish, o‘sish bo‘ladi. Davlat fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlab, ular oldidagi o‘z burchini bajarayotgan ekan, fuqarolar ham davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol bo‘lib, davlat oldidagi burchini bajarishi lozim. Zero, Sh.Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda, yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratdi.
Shahnoza Mamataliyeva,
Sardorjon Zokirov,
Toshkent davlat yuridik
universiteti o‘qituvchilari