Eng asosiysi, bunday hujjatlar faqat qog‘ozda qolib ketmay, balki davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qat’iy rioya qilinadigan hamda amaliy faoliyatda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladigan qoidalarga aylanadi.

Ayniqsa, davlatning oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjati bo‘lgan Konstitutsiyaga rioya qilish, uni amalda qo‘llash har bir davlat organi hamda mansabdor shaxslarning asosiy majburiyati va burchi bo‘lishi lozim. Zotan, Konstitutsiya hurmat qilingan, uning qoidalariga rioya qilingan jamiyatda, albatta, huquq ustuvorligi qaror topadi.

Shu maqsadda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning 15-moddasiga muhim demokratik qoida kiritilgan: “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi”.

Ma’lumki, 1992-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish tamoyili aniq shaklda mustahkamlab qo‘yilmagan edi. Shu bois, konstitutsiyaviy normalarni amalda qo‘llash ko‘pincha boshqa normativ-huquqiy hujjatlar orqali amalga oshirilardi. Yangi tahrirda esa mazkur qoida bevosita mustahkamlab qo‘yildi va bu asosiy qonunimizning yuridik kuchini yanada oshirdi.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlangan tabrik nutqida ta’kidlaganlaridek: “Konstitutsiyani jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘g‘ridan to‘g‘ri va bevosita qo‘llash amaliyotiga o‘tishimiz zarur. Shundagina xalqimiz asosiy qonunimizning hayotbaxsh kuchi va ta’sirini teran his etadi. Bu borada barcha davlat idoralari, jumladan, sudlar faoliyatida konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashni joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi”.

Mazkur masalada xalqaro tajribaga murojaat qiladigan bo‘lsak, Germaniya asosiy qonunida ham konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi qat’iy belgilangan va sudlar ushbu normalarni amaliyotda bevosita qo‘llash majburiyatiga ega. Xuddi shunday, AQSh Oliy sudi qarorlarida ham Konstitutsiya qoidalari bevosita amal qiluvchi huquqiy manba sifatida e’tirof etiladi. Bu esa O‘zbekistonning yangi konstitutsiyaviy islohoti xalqaro demokratik standartlarga uyg‘un kelishini ko‘rsatadi.

Shubhasiz, Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Davlat organlari faoliyatida Konstitutsiyaning o‘rinini, ahamiyatini oshirish, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishiga erishish maqsadida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi va bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi.

Jumladan, 2023-yilning 8-may sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-67-sonli farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonda quyidagi normalar qat’iy belgilandi: “davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash uchun shaxsan javobgar hisoblanadi; yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi; yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ularni amalga oshirish uchun boshqa qonunchilik hujjatlarining mavjud emasligi yoki qonunchilikka Konstitutsiyaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmaganligi vaji bilan qo‘llashni rad etish qat’iyan taqiqlanadi”.

Albatta, ushbu mazmundagi normaning belgilanishi Konstitutsiya 15-moddasining amaliyotda qo‘llanilishida muhim poydevor bo‘ldi. Mazkur farmon nafaqat Konstitutsiya normalarining bevosita amal qilishini ta’minlash, balki davlat organlari mas’uliyatini oshirish, ularning faoliyatini yanada oshkora va samarali qilishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ushbu talab davlat boshqaruvi tizimida “inson — jamiyat — davlat” tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarishning huquqiy kafolatiga aylandi. Chunki endilikda har bir rahbar Konstitutsiyani hayotga tatbiq etishda shaxsiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

Ma’lumki, Konstitutsiyaning insonparvar, demokratik normalariga ayniqsa sud amaliyotida juda ko‘p ehtiyoj yuzaga keladi. Shu nuqtayi nazardan Konstitutsiyaga sudlar tomonidan rioya etilmasdan turib uning amaliy qo‘llanilishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori aynan shu maqsadda qabul qilindi va sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarining amaliyotda qo‘llanilishida yangi bosqichni boshlab berdi. Plenum qarorida ta’kidlanganidek, sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatning mazmunini baholashi va Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozim.

Shu bilan birga, mazkur qaror sudlar faoliyatida konstitutsiyaviy normalarning amalda qo‘llanilishi bo‘yicha yagona yondashuvni shakllantirishga xizmat qildi. Zero, sud qarorlarida Konstitutsiya normalariga bevosita tayangan holda huquqiy masalalarni hal qilish nafaqat fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiladi, balki butun huquqiy tizimda Konstitutsiyaning ustuvor o‘rnini mustahkamlaydi.

Shu o‘rinda Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi tushunchasiga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi — bu davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari, jumladan sudlar tomonidan qarorlar qabul qilishda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy asos sifatida qo‘llashni anglatadi. Bunda fuqarolarning ham Konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklardan bevosita foydalanishi hamda ularga rioya etishi ko‘zda tutiladi. Masalan, vazirliklar, hokimliklar, sudlar, prokuratura, ichki ishlar va boshqa idoralar muayyan masala yuzasidan qaror chiqarayotganda Konstitutsiyaning tegishli normasini aniq ko‘rsatib o‘tadilar.

Fuqarolar esa kundalik hayotda konstitutsiyaviy normalarga tayanib o‘z huquqlarini amalga oshirishi mumkin. Masalan, Konstitutsiyaning 47-moddasida uy-joydan sud qarorisiz mahrum etish mumkin emasligi belgilangan. Agar bu talab buzilsa, fuqaro aynan Konstitutsiyada nazarda tutilgan kafolatga asoslanib o‘z huquqini himoya qilishi mumkin.

Mazkur qoida joriy etilishi natijasida kundalik amaliyotda “tegishli tartib ishlab chiqilmagan” yoki “yuqoridan buyruq kelmagan” kabi bahonalar konstitutsiyaviy huquqlardan foydalanishga to‘sqinlik qila olmaydi.

Natijada, Konstitutsiya normalari ularni qo‘llash tartibi maxsus qonunchilik hujjatlarida belgilanganligidan qat’i nazar, bevosita amal qilishi ta’minlanadi.

Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu muhim o‘zgarish tez orada sud amaliyotida o‘z ifodasini topa boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi 2024-yil axborotiga ko‘ra Konstitutsiya va uning moddalariga jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning 73 242 (2023-yilga nisbatan 4,8 baravar ko‘p), fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning 25 083 (2023-yilga nisbatan 5,6 baravar ko‘p), iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarning 30 301 (2023-yilga nisbatan 13,6 baravar ko‘p) hamda ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarning 8 837 (2023-yilga nisbatan 13 baravar ko‘p) hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola qilganliklarini ko‘rsatmoqda. Sudlar tomonidan ko‘proq Konstitutsiyaning 26, 27, 28, 29, 31 (jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar), 15, 20, 26, 29, 31, 33, 41, 42, 46, 47, 55, 60, 62 — 68, 76 — 78, 80 (fuqarolik ishlari sudlar), 15, 16, 55, 65 — 68, 99, 134, 138 (iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar) hamda 15, 20, 21, 29, 30, 40, 41, 46, 54, 55, 65 — 67, 138-moddalariga (ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlar) murojaat etilgan.

Ushbu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham o‘z samarasini bera boshladi. Natijada sud-huquq amaliyotida konstitutsiyaviy normalar asosiy manba sifatida ko‘proq qo‘llanilmoqda va bu huquq ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi huquqiy demokratik davlat qurishning eng muhim kafolatlaridan biridir. Bu tamoyil fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Kelgusida davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatida konstitutsiyaviy normalarning to‘liq va so‘zsiz qo‘llanilishi hamda aholiga huquqiy targ‘ibot-tashviqot ishlarining kengaytirilishi mazkur norma samaradorligini yanada oshiradi.

Javoxir Bobojonov,
Toshkent davlat yuridik universiteti,
Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi