Ayniqsa, bugun rivojlanish, globallashuv jarayonlari amalga oshirilar ekan, xalq, jamiyat va davlatning tutgan yo'li, tanlagan maqsadi va g'oyalari bunga hamohang holda davriy islohotlarni taqozo qiladi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ham bundan mustasno emas.
Shuni tan olgan holda, hozirgi kunga qadar Konstitutsiyamizga kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalarni e'tirof etish barobarida, kun sayin o'zgarib, yangi qonunlar qabul qilinayotganligi va keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi sababli ham Konstitutsiyamizni isloh qiladigan davr etilib keldi, deya ayta olamiz.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini belgilab beruvchi bobida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko'rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi, sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o'tash tartibidan yoki qonunda ko'rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnatning taqiqlanishi (37-modda), yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egaligi hamda ish vaqti va haq to'lanadigan mehnat ta'tilining muddati qonun bilan belgilanishi (38-modda), shuningdek O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida davlatning mehnat qilish huquqini amalga oshirishdagi kafolatlari (58-modda) mustahkamlangan.
Ammo fuqarolar mehnat huquqlarining himoyasi Konstitutsiya va qonunlar darajasida kafolatlangan bo'lishiga qaramasdan, yaqin davrlarga qadar, hattoki davlat organlarining mas'ullari tomonidan ham yuqorida ko'rsatilgan deyarlik barcha masalalar bo'yicha qonun talablari buzilishlariga yo'l qo'yib kelinganligidan xabarimiz bor.
Bugungi kunda ko'rilgan keskin choralar natijasida jamiyatda majburiy mehnat va bir qator boshqa ko'rinishdagi shu kabi illatlarning salmog'i ancha pasaygan bo'lsa-da, biroq sud va vakolatli organlarga bo'layotgan murojaatlarning kamaymaganligi, bu yo'nalishda yanada ta'sirli huquqiy mexanizm va choralarni qo'llash zarurligidan dalolat bermoqda.
Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda insonning mehnatga va munosib hayot sharoitlariga, ishsizlikdan himoyalanishga bo'lgan huquqlarining ishonchli himoyasini ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish konstitutsiyaviy islohotlarning muhim maqsadi ekanligini ta'kidlagani ham bejiz emas.
Umumxalq muhokamasiga qo'yilgan “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining aynan fuqarolarning mehnat qilish huquqiga oid masalalariga e'tibor qaratsak, mamlakatimiz ziyolilari va boshqa vakillarining ushbu jarayonlarga befarq emasligiga guvoh bo'lamiz.
Xususan, Konstitutsiyaning 37-moddasiga kiritilayotgan qo'shimchalarga ko'ra, har kimga munosib mehnat qilish, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz va adolatli haq olish huquqi kafolatlanayotganligi bilan birga, mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori insonning o'zi va oilasi yashashi uchun etarli bo'lishi kerakligini belgilab qo'yilayotganligi, inqilobiy o'zgarishlardan hisoblanib, ushbu tahrirni shu holicha saqlab qolish muhimdir.
Shuningdek, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish (asossiz ravishda rad etish tarzida o'zgartirilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi), ishdan bo'shatish (...va ishdan bo'shashga majburlash mazmunida berilsa, yanada aniqroq ifoda qilingan bo'lardi) va ularning ish haqini kamaytirishning taqiqlanayotganligi ham oila va turmushdagi mavjud ko'plab ijtimoiy muammolarni (oilaviy ajrimlar, o'z joniga qasd qilishlar va hokazo) bartaraf etishga, albatta ijobiy ta'sirini ko'rsatadi.
Bundan tashqari, ta'tillar bilan bog'liq huquqiy normalarning Asosiy qonundan o'rin olayotganligi ham tahsinga sazovardir. Jumladan, har bir ishlovchi ayol homilador bo'lgan taqdirda va tug'ish davrida haq to'lanadigan ta'tilga hamda yangi tug'ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun ta'tilga (fikrimizcha, bu erda bola parvarishlash bilan bog'liq bo'lgan davrda ham haq to'lanadigan ta'til berilishi nazarda tutilishi zarur) yoki bolani farzandlikka olish uchun ta'tilga chiqishning (farzandlikka olish bilan bog'liq ushbu jumlani loyihadan chiqarib tashlash masalasini ko'rib chiqish kerak. Chunki, bolani farzandlikka olinishining o'zi ayolga ta'til va shu bilan bog'liq boshqa barcha huquqlarni taqdim etadi. Matndan esa go'yoki bolani farzandlikka olish davrigagina ayolning ta'til olish huquqi tushuniladi) konstitutsiyaviy huquqiga ega bo'ladi. 38-moddada taklif qilinayotgan normaning dam olish va bayram kunlari bilan bog'liq qismi aniq ochib berilmaganligi sababli, ushbu mavhumlikni qayta tahrirlash zarurligi ko'rinadi.
Yuqorida keltirilgan konstitutsiyaviy islohotlarning ayrim namunalaridan ko'rinib turibdiki, mazkur islohotlar avvalo xalqning manfaati yo'lida xizmat qiladi. Davlatning fuqarolari oldidagi mas'uliyatini oshiradi. Shu bois, mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy o'zgarishlar barchamizdan yanada faolroq bo'lish, o'z taklif va fikr-mulohozalarimiz bilan mazkur tarixiy jarayonning ishtirokchisiga aylanish zarurligini taqoza etmoqda. Shunday ekan, yurtimiz kelajagi va mamlakatimiz taraqqiyoti uchun chetda turmaylik.
Xayriddin Fayziyev,
Yuristlar malakasini oshirish
markazi kafedra mudiri vazifasini bajaruvchi