Konstitutsiyaviy islohotlar — adolatli huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining asosiy kafolati

    Keyingi avlod 25 Iyun 2025 297

    Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillik yillarida bosib oʻtgan taraqqiyot yoʻli turli sohalarda tub oʻzgarishlarni oʻz ichiga oladi.

    Ayniqsa, huquqiy davlat asoslarini mustahkamlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar alohida e’tiborga molik. 2023 yilda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar esa mazkur yoʻnalishdagi eng muhim va tarixiy qadamlardan biri boʻldi. Ushbu islohotlar mamlakatda inson huquq va erkinliklarini yanada kafolatlash, fuqarolar manfaatlarini ta’minlash hamda ochiq va adolatli jamiyat barpo etishda asosiy omilga aylandi.

    2023 yilgi konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan "Yangi O‘zbekiston – huquqiy davlat" konsepsiyasining amaliy ifodasi sifatida maydonga chiqdi. Bu islohotlar zamirida "Inson qadri uchun" degan ulug‘vor g‘oya yotadi. Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartirishlar mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini kuchaytirishga qaratilgan.

    Konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri – inson huquq va erkinliklarini kengaytirish bo‘ldi. Yangilangan Konstitutsiyamizda inson huquqlari nafaqat deklarativ, balki amaliy kafolatlar bilan ta’minlandi. Jumladan, Konstitutsiyaning ikkinchi bo‘limi "Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari" deb nomlanib, unda fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari aniq belgilandi. Ayniqsa, inson qadr-qimmatini himoya qilish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, shaxsiy daxlsizlik, erkin fikr bildirish, mulk huquqi kabi fundamental huquqlar yanada kuchaytirildi. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi ilk bora konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yildi.

    Konstitutsiyaning 27-moddasida "Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi" degan qoida belgilandi, bu esa inson huquqlarini himoya qilishning mustahkam poydevori sifatida xizmat qiladi. Bundan tashqari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish huquqi, ekologik huquqlar, sog‘liqni saqlash huquqi kabi kafolatlar ham aniq mustahkamlandi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada internet orqali axborotni erkin izlash, olish va tarqatish huquqi ham kafolatlandi. Bu esa raqamli media, internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar kabi ommaviy axborot vositalarining yangi turlarini rivojlantirish uchun qulay huquqiy sharoit yaratadi.

    Fuqarolarning siyosiy huquqlari ham takomillashtirilib, O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari O‘zbekiston Respublikasining saylov qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqliligi belgilandi.

    Konstitutsiyaviy islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi – davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘ldi. Hokimiyat taqsimlanishi prinsipi asosida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining vakolatlari aniqlashtirildi. Oliy Majlisning nazorat funksiyalari kengaytirilib, davlat boshqaruv organlari faoliyati ustidan parlament nazoratining samarali mexanizmlari joriy etildi. Konstitutsiyamizning yangi tahririda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash vakolatlari kengaytirildi.

    Mahalliy davlat hokimiyati organlarini tuzish va faoliyatini tashkil etish tartibi ham takomillashtirildi. Xalq deputatlari kengashlarining vakolatlari kengaytirilib, ularning mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ustidan nazorat funksiyalari kuchaytirildi. Mazkur o‘zgartirishlar markaziy hokimiyatning ma’lum vakolatlarini mahalliy darajaga o‘tkazish (detsentralizatsiya) jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.

    Konstitutsiyaviy islohotlarning eng sezilarli jihatlaridan biri – sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash bo‘ldi. Konstitutsiyamizning yangi tahririda sud hokimiyatining mustaqilligi qat’iy belgilanib, sudyalarning daxlsizligi, ularning faqat qonunga bo‘ysunishi, ularning faoliyatiga aralashishning ta’qiqlanishi kabi normalar qat’iy mustahkamlandi. Shuningdek, ilk bora asosiy qonunda advokatura institutining konstitutsiyaviy maqomi belgilandi. Bu esa advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi rolini kuchaytirdi.

    Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Konstitutsiyamizda fuqarolik jamiyati institutlarining, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari huquqiy maqomi aniqlashtirilib, ularning davlat organlari bilan hamkorligi mexanizmlari belgilandi.

    Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida saylov tizimi ham takomillashtirildi. Fuqarolarning saylov huquqlarini to‘laqonli amalga oshirishni ta’minlash, saylovlar shaffofligini oshirish, siyosiy plyuralizmni kuchaytirishga qaratilgan qoidalar kiritildi. Saylov uchastkalarida kuzatuvchilar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokini kengaytirish orqali saylovlarning demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilishini ta’minlash mexanizmlari mustahkamlandi.Shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

    2023 yilgi konstitutsiyaviy islohotlar doirasida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Yangilangan Konstitutsiyaning 81-moddasida " Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi," deya aniq belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari Konstitutsiyaning 82-moddasida ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlash, ularning faoliyatiga asossiz aralashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik kabi prinsiplar mustahkamlandi. Bu esa ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishi uchun mustahkam konstitutsiyaviy asos yaratdi.

    Konstitutsiyaning 49-moddasida davlatning fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, endilikda shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, qonuniylik va huquqiy tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tashkilotlari va fuqarolar yordam ko‘rsatishlari mumkinligi huquqiy mustahkamlab qo‘yilgan.

    Ushbu O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy islohotlari davrida Toshkent davlat yuridik universiteti muhim rol o‘ynamoqda. Universitet olimlari qonun loyihalarini tayyorlashda ilmiy asoslarni yaratib, konstitutsiyaviy qoidalarning amaliy joriy etilishiga hissa qo‘shishmoqda, targ‘ibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etishmoqda. TDYU professor-o‘qituvchilari milliy qonunchilik tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib, parlament va boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qilmoqda. Universitetda konstitutsiyaviy huquq sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borilib, zamonaviy huquqiy muammolarga yechimlar izlab topilmoqda. TDYU Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan yangi Konstitutsiyaga oid normalarni sharhlab, bu sohadagi kadrlarni tayyorlash maqsadida Konstitutsiyaviy huquq darsligi, o‘quv qo‘llanma, monografiyalar yozildi va chop etildi. Bundan tashqari universitet tomonidan soha va xorijiy mutaxassislar, olimlarni jalb etib, turli hil ilmiy-seminar va konferensiyalar tashkil etib kelinmoqda. Talabalar ham ushbu jarayonda faol ishtirok etib, yoshlar parlamenti orqali o‘z g‘oyalarini bildirmoqda. TDYU davlat boshqaruvi tizimini demokratlashtirish va huquqiy davlat qurishda nazariy va amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

    Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu amalga oshirilgan barcha islohotlar va hatti-harakatlar mamlakatimizning demokratik taraqqiyot yo‘lidagi qat’iyatini namoyon etib, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

    Safarova Xulkar Norbek qizi,
    TDYU Konstitutsiyaviy huquq
    kafedrasi dotsenti v.b.,y.f.f.d (PhD)