Bugungi Taraqqiyot strategiyasining maqsadlarini amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifa bo'lib turibdi. Yaqinda ikki yirik partiya – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan konstitutsiyaviy islohotlar o'tkazish masalasi kun tartibiga olib chiqilishi ham bejiz emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyani yangilashdek strategik vazifani hal etishda etti marta emas, etmish marta o'ylab, xalqimiz bilan har tomonlama bamaslahat holda qaror qabul qilinishi xaqida fikr bildirar ekan, shu o'rinda jahondagi ilg'or tajribalarni har tomonlama chuqur o'rganish va tahliliy xulosalardan keyingina aniq qaror qabul qilish zarurligini ta'kidlagan edi.
Xo'sh, ushbu masala rivojlangan davlatlarda qanday bo'lgan ekan? Ularning ba'zilarini ko'rib chiqsak.
Umuman olganda, xorijiy konstitutsiyaviy o'zgarishlar tahlillari shuni ko'rsatadiki, ko'pchilik konstitutsiyaga kiritilgan o'zgarishlar bu jamiyatdagi ekologiya, qadriyatlarning kamsitilishi, millatlararo totuvlik muammolari, xavfsizlik, inson qadri hamda umuminsoniy qadriyatlarni yuqori qo'yish kabi yo'nalishlardagi talablar asosida o'zgartirishlar kiritilgan.
Masalan, Slovakiya Respublikasi xavfsizlikni mustahkamlash hamda bu borada fuqarolarning xuquq va burchlari masalasida 1992-yildagi Konstitutsiyasining 17-moddasiga 2015-yilda “terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni politsiya 96 soatgacha (oldin 48 soat edi) ushlab qolishi belgilandi”. Yoki Frantsiyada 2015-yilda terrorchilik harakatlar sababli millatni himoya qiluvchi konstitutsiyaviy qoida kiritildi.
2019-yilda Chilida ham xalq fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilib, 1980-yilda kabul qilingan Konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritishga erisha oldi. Shu tariqa, 2020-yil 25-oktyabrda Chilida referendum bo'lib o'tdi, 2022-yilda esa qoidalar amalga osha boshladi. Bu siyosiy jarayonlar Chilining fuqarolik jamiyati rivojlanishida katta voqea bo'ldi.
Yoki Malayziya Konstitutsiyasini olaylik. Davlat Konstitutsiyasi 1957-yilda qabul qilingan bo'lib, unga 1963-yil birinchi marotaba, jami 42 marotaba o'zgartirish kiritilgan ekan. Ular asosan fuqarolik burchi va huquqlari, yoshlar masalasi, deputatlar qasamyodi, senatorlarni saylash va tayinlash tartibi kabi masalalarga qaratilgan.
Hozirgi vaqtda ko'plab rivojlangan davlatlar, tabiatdagi global o'zgarishlarni hisobga olib, o'z konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritmoqda. Bunday o'zgarishlar bizning Konstitutsiyamizdan ham o'rin olishi o'ta dolzarb.
Xulosada aytish kerakki, yangi O'zbekistondagi islohotlar ortga qaytmaydi. Bugungi shiddatli davr zamonga mos harakat va o'zgarishlarni talab etmoqda. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo'lish uchun Asosiy qonunimizning yangi loyihasi tayyorlanishi, albatta, xalqimiz manfaatlariga munosib ish bo'lar edi.
Feruza O'sarova,
O'zRFA huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari
bo'yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori v.b.,
siyosiy fanlar nomzodi, dotsent.