Tizimda fundamental yangiliklarni vujudga keltiradigan qonunchilik hujjatlari qabul qilinib, ijrosi yuzasidan qator amaliy ishlar qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ana shunday muhim huquqiy asoslardan. Farmon mamlakatimizning konstitutsiya­viy huquqiy siyosati, xususan, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolik jamiyatining eng muhim belgisi — qonun ustuvorligini taʼminlashda konstitutsiyaviy nazorat institutining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaviy sudning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni va roli, huquqiy ahamiyati haqida gap ketganda, mamlakatimiz huquq tizimidagi tarixiy voqea — 2023 yilda oʻtkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar davriga nazar tashlash toʻgʻri boʻladi. Xuddi shu yil mamlakatimiz qonunchiligi tarixida konstitutsiyaviy islohotlar yili sifatida ham muhrlandi.

Konstitutsiyaviy sud faoliyati bilan bogʻliq ikkita tarixiy sud majlisini alohida keltirib oʻtishni maqsadga muvofiq deb oʻylaymiz.

Birinchisi — 2023 yil 13 mart kuni Konstitutsiyaviy sudda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi qarorining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi nihoyatda muhim masala ochiq sud majlisida koʻrib chiqildi.

Ikkinchisi — 2023 yil 5 dekabr kuni Konstitutsiyaviy sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida Oliy Majlis palatalariga va Prezidentimizga har yili taqdim etiladigan axborot koʻrib chiqildi.

Mazkur Konstitutsiyaviy sud axboroti mamlakatimiz tarixida birinchi marta ochiq sud majlisida koʻrib chiqilgani, unda koʻtarilgan masalalar konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini taʼminlashga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Konstitutsiyaviy sud Asosiy qonunimizning mamlakatimizning butun hududida toʻgʻridan toʻgʻri amal qilishi, ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qatʼi nazar qoʻllanishiga eʼtibor qaratdi.

Asosiy qonunimizning normalarini toʻlaqonli amalga oshirish boʻyicha davlat organlari oldiga keng koʻlamli va masʼuliyatli vazifalar qoʻyilishi hamda ayni paytda uni toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllash bilan bogʻliq ayrim masalalar ham mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Konstitutsiyaviy sud mamlakatimiz taqdiri, kelajagi va taraqqiyoti bilan bevosita bogʻliq oʻta muhim masalalarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish vakolatiga ega. Boshqa biror-bir organ yoki tuzilmaga bunday vakolat berilmagani Konstitutsiyaviy sudning huquqiy tizimdagi oʻrni va roli naqadar yuqori ekanini koʻrsatadi.

Yangi Oʻzbekistondagi demokratik islohotlar, birinchi navbatda, Konstitutsiya ustuvorligi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini taʼminlash, qonuniylik va huquq ustuvorligiga taʼsir etayotgan omillarni vakolatli davlat organlari tomonidan oʻz vaqtida aniqlash va tezkor chora koʻrishni taqozo etadi.

Mana shu hayotiy zaruratdan kelib chiqib, mazkur farmon jismoniy va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish instituti yanada rivoj­lanishi, konstitutsiyaviy odil sudlovni taʼminlashni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam huquqiy poydevor boʻldi.

Farmonda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qator ustuvor maqsadlar nazarda tutilgan. Fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish, buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini tiklash imkoniyatlarini kengaytirish; fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari (shikoyatlari)ni koʻrib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar va ovoragarchiliklarni bartaraf etish; Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini kengaytirish orqali ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan taʼsirchan konstitutsiyaviy nazorat oʻrnatish shular jumlasidan.

Shuningdek, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish jarayonini toʻliq raqamlashtirish orqali Kons­titutsiyaviy sud faoliyatida shaffoflikni oshirish, Konstitutsiyaviy sudning konstitutsiyaviy qonuniylikni taʼminlashdagi masʼuliyatini kuchaytirish, faoliyatida Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarning cheklanishiga yoʻl qoʻymaslik, ularni buzishning har qanday holatlari boʻyicha tezkor va qatʼiy choralar koʻrib borish masʼuliyatini oshiradi.

Ayniqsa, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish jarayonini toʻliq raqamlashtirish ayni paytdagi axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining shiddatli taraqqiyoti natijasida vujudga kelgan keskin transformatsiyalashuv va integratsiya jarayonida nihoyatda muhim. Odil sudlov tizimida raqamlashtirish, jumladan, eng soʻnggi, zamonaviy texnologik dasturlarni joriy etish zarurati mavjud. Shundan kelib chiqib, farmonda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, sud organlari faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish muhim vazifalar etib belgilandi.

Farmonda nazarda tutilgan Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotida qayd etiladigan taklif va tavsiyalarni amaliyotga joriy etishning samaradorligi va natijadorligini oshirishga oid Oliy Majlis palatalari va Konstitutsiyaviy sudning quyidagi takliflari:

— axborotda qayd etilgan taklif va tavsiyalarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan chora-tadbirlar rejasini Oliy Majlis palatalari kengashlarining qoʻshma qarori bilan tasdiqlash hamda uning amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatish;

— masʼul davlat organlari tomonidan Oliy Majlis palatalari kengashlari tasdiqlagan chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan belgilangan muddatlarda Oliy Majlis palatalari va Konstitutsiyaviy sudga axborot kiritish masalasi — Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiya va qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi tizimli ravishda oʻrganib va tahlil qilib borish imkoniyatini kengaytiradi.

Hujjatda Konstitutsiyaviy sudga kelib tushayotgan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini yanada takomillashtirish boʻyicha ham muhim qoidalar belgilandi. Jumladan, Konstitutsiyaviy sudga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilish huquqi subyekti boʻlmagan fuqaro yoki yuridik shaxs tomonidan Konstitutsiyaviy sudga taalluqli masala yuzasidan yoʻllangan murojaatni endi Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyektga yuborish belgilandi.

Bunda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyekt tomonidan fuqaro yoki yuridik shaxsning murojaatidagi masala Konstitutsiya­viy sudga kiritilmagan holatlarda muallifga uning murojaatidagi masalani Konstitutsiyaviy sudga kiritishga asos mavjud emasligini tushuntirgan holda xabar berish va Konstitutsiyaviy sudga axborot taqdim etish amaliyoti joriy etilmoqda.

Bu Konstitutsiyaviy sudda fuqarolar bilan yaqindan ishlash, amaliy va uzluksiz muloqot qilish, ayniqsa, ularning murojaatlarini bevosita qabul qilish jarayonida ortiqcha byurokratiya yoki sansalorliklar, turli ovoragarchiliklarning oldini olish uchun yangi va samarali mexanizmlar yaratilishiga zamin yaratadi.

Farmonda belgilangan vazifalar Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligiga huquqiy asos boʻlib, yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini samarali taʼminlashga xizmat qiladi.

Xolmoʻmin YODGOROV,

Sudyalar oliy kengashi raisi