Koʻp qavatli uyning derazasidan tushib ketgan qizaloq qutqarib qolindi

    Ijtimoiy hayot 7 Iyun 2023 1742

    Samarqand shahridagi maktablardan birining 4 nafar bitiruvchisi qizchani tutib olishga muvaffaq boʻldi.

    1-iyun sanasi endi toʻrt yoshli Shukrona uchun nafaqat bolalarni himoya qilish kuni, balki ikkinchi tugʻilgan kuni hamdir.

    Gap shundaki, shu kuni Samarqand shahridagi maktablardan birining 11-sinfini bitirayotgan Shohrux, Murod, Ozod va Jasur uchun jiddiy davr – davlat imtihonlarini topshirish vaqti boshlangan edi. Ular birinchi imtihonni topshirib, sayr qilishga qaror qilishdi va shahardagi koʻp qavatli uylardan biri yonidagi skameykada oʻtirib, suhbat qilishdi. (Yigitlar shu kunning oʻzida ularni yana bir qiyin imtihon kutayotganini hatto xayoliga ham keltirmagan boʻlishsa kerak).

    Toʻsatdan ular eʼtiborini turar-joy binosining toʻrtinchi qavatidagi harakat oʻziga tortdi. Diqqat bilan yuqoriga qaragan yigitlar, boshi panjara orasiga tiqilib qolib, tanasi havoda osilib turgan kichkina qizchani koʻrishdi.

    Oʻquvchilardan biri darhol qizaloqning ota-onasiga xabar berish uchun kvartira tomon yugurdi, qolgan uchovlon qizaloq osilib qolgan balkon ostida qoʻllarini choʻzib, tirik qutqaruv panjarasini yasashdi.

    Oʻrtoqlardan biri zinapoyadan yugurib chiqayotgan paytda, qizaloq pastga qulab tushdi. Yigitlar uni tutib olishga muvaffaq boʻlishdi. Keyinroq aniqlanishicha, onasi uy ishlari bilan ovora boʻlib yurgan paytda, Shukrona (ismini ham keyin bilishdi) eshik qulfi buzilib qolgan balkonga chiqib qolgan ekan.

    Qizaloq peshonasida kichik yoriq yengil jarohatini oldi. Kasalxonada yotqizilganida, toʻrtta qahramon har kuni undan xabar olib turdi. Hozirda Shukrona oʻzini yaxshi his qilyapti.

    Qahramonlarimiz – Shohrux Boborahimov, Murod Saidalimov, Ozod Oʻtkirov va Jasur Eshnazarovlar esa maktabda qolgan imtihonlardan oʻtib, oliy oʻquv yurtiga kirishga hozirlik koʻrmoqda.

    Asosiysi, ular hayotlaridagi eng muhim sinovdan aʼlo baho bilan oʻtib, Shukronani qutqarib, uning haqiqiy qoʻriqchi farishtalariga aylanishdi!