Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlum qilishicha, suhbat ishtirokchilari ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy hamkorlikning kun tartibini, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklikni hamda oʻzbek – afgʻon munosabatlarini chuqurlashtirish boʻyicha kelgusidagi chora-tadbirlarni muhokama qildilar.
Uchrashuvda koʻp qirrali hamkorlikning tadbirlarga toʻla kun tartibini shakllantiruvchi ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy muloqotning yuqori darajasi va konstruktivligi, shuningdek, oʻzaro manfaatlar kesishmasining keng qoʻlami taʼkidlandi.
Afgʻoniston tomoni joriy yil noyabr oyida oʻzaro savdo aylanmasi hajmini koʻpaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishni, iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni koʻzda tutuvchi “Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qarorining qabul qilinganiga ijobiy baho berdi.
Shuningdek, Qarorga muvofiq, Termiz shahrida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari ustida ishlash va oʻzbek – afgʻon sherikligini rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat ishchi guruhi tashkil etilishi taʼkidlandi.
Uchrashuvda oʻzaro savdo aylanmasi hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻyilgan vazifani bajarishga oʻzaro tayyorlik bildirildi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisida bitim loyihasini kelishish boʻyicha keyingi harakatlar toʻgʻrisida fikr almashdilar. Shartnomaning imzolanishi savdo hamkorligi uchun mustahkam poydevor yaratish, koʻp turdagi sohalarda oʻzbek va afgʻon tadbirkorlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash va ular uchun ikki mamlakat bozorlariga oʻzaro kirishni yengillashtirish imkonini beradi.
Ikki mamlakat oʻrtasida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi bitim loyihasini ishlab chiqish va kelishishini boshlash toʻgʻrisida ham kelishuvga erishildi. Ushbu qadam uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish istiqbollariga va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega zamonaviy mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan sanoat kooperatsiyasining qoʻshma loyihalarini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Suhbat davomida transport-logistika sektoridagi amaldagi oʻzaro hamkorlik va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi – trans-afgʻon transport yoʻlaklarini rivojlantirish, xalqaro avtomobil qatnovini yoʻlga qoʻyish va ikki mamlakat oʻrtasida muntazam parvozlarni tiklash, shuningdek, mintaqada tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda taʼlim sektoriga urgʻu bergan holda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston tomoni ikki mamlakat oliy taʼlim vazirliklari oʻrtasida afgʻon talabalarining Oʻzbekistonda oʻqishlarini tashkil etish toʻgʻrisida memorandum imzolash tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar loyihalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari va har ikki tomonning masʼul vazirlik va idoralari koʻrsatilgan holda savdo-iqtisodiy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar.