Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti mintaqamiz uchun muhim voqea boʻldi. Ushbu sammit Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy, transport, energetika va madaniy sohalarda aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz “Euronews”ga bergan intervyusida bu sammitning mintaqa uchun qanchalik muhimligi, u orqali Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi oʻrni yanada mustahkamlanayotganini alohida taʼkidladi. Haqiqatan ham, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda mintaqa davlatlarining oʻzaro yaqinlashuvi, hamkorlikni mustahkamlashi barqarorlik va taraqqiyot garovidir.
Sammit davomida Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi tomonidan Global Gateway strategiyasi asosida Markaziy Osiyoga 12 milliard yevrolik investitsiya paketi ajratilishini va mintaqalar oʻrtasida strategik sheriklik boshlanganini eʼlon qildi. Ushbu mablagʻ yangi savdo yoʻlaklarini rivojlantirish, investitsiya oqimlarini oshirish va sanoatni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, mintaqadagi toza energiya manbalarini rivojlantirish va global energetika oʻtish jarayoniga hissa qoʻshish maqsad qilingan.
Soʻnggi yetti yilda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlar mustahkamlandi. Shu yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi toʻrt barobar oʻsib, 54 milliard yevroga yetdi. Oʻzbekiston bu jarayonning eng yetakchi ishtirokchisi sifatida Yevropa biznesining Markaziy Osiyoga qiziqishi oshishiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Taʼkidlash joizki, sammit arafasida Tojikistonning Xoʻjand shahrida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston oʻrtasida davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. Bu nafaqat tarixiy kelishuv, balki Yevropadagi integratsion jarayonlarga oʻxshash tarzda Markaziy Osiyoda ham oʻzaro yaqinlashuv yoʻlida ilk amaliy qadamlardan biri boʻldi. Bu integratsion harakatlar fonida Yevropa Ittifoqining tajribasidan foydalanish, ayniqsa, demokratik institutlarni rivojlantirish, inson huquqlari, ijtimoiy adolat va fuqarolik jamiyati qurish borasidagi tajribasi biz uchun beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan demokratiya va inson huquqlari masalalarida siyosiy bosim oʻtkazmaslik, oʻzaro hurmat va tenglikka asoslangan muloqot yuritilishi hamkorlikni yanada barqaror va samimiy asosga olib chiqadi. Oʻzaro tenglikka asoslangan hamkorlik zamirida chinakam manfaatdorlik yotadi. Mintaqa davlatlari koʻp vektorli tashqi siyosat yuritar ekan, Yevroittifoq bilan munosabatlar geosiyosiy muvozanatning muhim elementi hisoblanadi.
Koʻp qutbli dunyo tartibotida Yevropa Ittifoqi oʻzini alohida qutb sifatida namoyon etishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka tayanishi mumkin. Mintaqa uchun esa koʻp vektorli tashqi siyosat yuritish, kuchlar muvozanatidan foydalanish va qulay geosiyosiy muhit yaratishda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik muhimdir. Savdo-iqtisodiy munosabatlarda bugungi dunyodagi savdo urushlari sharoitida Yevropa Ittifoqi uchun ham Markaziy Osiyo bilan hamkorlik foydali boʻladi.
Jumladan, ushbu sammit faqat Markaziy Osiyo davlatlari uchun emas, balki Yevropa Ittifoqining oʻzi uchun ham strategik ahamiyatga egadir. Bugungi geosiyosiy vaziyatda, ayniqsa, Yevroittifoq uchun energiya xavfsizligini taʼminlash, barqaror transport yoʻlaklarini shakllantirish va yangi bozorlarni izlash zaruriy strategik vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyo geografik joylashuvi, tabiiy resurslari va siyosiy barqarorlikka intilayotgan davlatlari bilan Yevropa uchun ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida qaralmoqda.
Yevropa Ittifoqiga bu mintaqa energetika xavfsizligini mustahkamlash, ayniqsa, Rossiyadan mustaqil energetik manbalarni diversifikatsiya qilish imkonini beradi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan barqaror savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish YEIning global taʼminot zanjirlaridagi ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ilm-fan va taʼlim sohasida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish ham mintaqa rivoji uchun ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib qolmoqda. Ayni paytda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishda madaniyatlararo muloqot, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash, madaniy-gumanitar loyihalarni kengaytirish jiddiy asosga ega boʻlishi kerak. Bu borada, xususan, talabalar almashinuvi dasturlari, professor-oʻqituvchilar mobilligi, qoʻshma tadqiqot markazlarini tashkil etish kabi tashabbuslar samaralidir.
Madaniy muloqotlarni rivojlantirish hamkorlikning muhim jihatlaridan biri. Oʻzaro madaniy tadbirlar, taʼlim almashinuvlari va sanʼat sohasidagi loyihalar orqali xalqlarimiz oʻrtasidagi tushunish va hurmat yanada mustahkamlanadi. Shu bois, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin.
Birinchidan, taʼlim almashinuv dasturlarini kengaytirish, xususan, talabalar va oʻqituvchilar uchun qoʻshma dasturlar va stipendiyalar sonini oshirish, bu orqali yosh avlodning global dunyoqarashini kengaytirish lozim.
Ikkinchidan, hamkorlikda madaniy tadbirlarni sifat va son jihatdan oshirish, Yevropa va Markaziy Osiyo sanʼatkorlari ishtirokida konsertlar, koʻrgazmalar va festivallar oʻtkazish orqali madaniy almashinuvni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Uchinchidan, tarixiy merosni oʻrganish va targʻib qilishda hamkorlikni kuchaytirish lozim. Bunda qoʻshma tadqiqotlar va loyihalar orqali mintaqalarimizning boy tarixiy merosini oʻrganish va dunyoga tanitish katta oʻrin egallaydi.
Ushbu tashabbuslar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Dilshodbek RUSTAMOV,
filologiya fanlari doktori









