Koreya Bosh vazirining oʻrinbosari bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyul 2020 1014

    Joriy yilning 6-iyul kuni Seul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam Ki bilan muzokaralar oʻtkazdi. Muzokaralar davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi joriy iqtisodiy hamkorlik tahlil qilindi va ikki tomonlama sheriklikni kengaytirish boʻyicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

    Joriy yilning 6-iyul kuni Seul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam Ki bilan muzokaralar oʻtkazdi. Muzokaralar davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi joriy iqtisodiy hamkorlik tahlil qilindi va ikki tomonlama sheriklikni kengaytirish boʻyicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

    Muloqot chogʻida Koreya - Oʻzbekiston munosabatlari alohida strategik ahamiyatga ega ekanligi qayta-qayta taʼkidlanib, eng yuqori darajada amalga oshirilgan oʻzaro tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi tomonlar uchun umumiy ustuvorlikka ega ekanligi alohida qayd etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi hukumati nomidan Koreya hukumati va yirik korporatsiyalari tomonidan taqdim etilgan test tizimlari, tibbiy asbob-uskunalar va inventarlar, shuningdek, bir necha oy davomida oʻzbek shifokorlariga pandemiya tarqalishiga qarshi kurashishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekistonga yuborilgan yuqori malakali mutaxassislarning yordami uchun minnatdorchilik bildirildi.

    Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash va aholining eng zaif qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash sohalarida texnik yordam koʻrsatishni nazarda tutuvchi “COVID-19 ga tezkor javob choralar koʻrish dasturi”ni amalga oshirish maqsadida grant yordamini ajratish toʻgʻrisidagi qarori uchun Koreya hukumatiga alohida minnatdorchilik bildirildi.

    Oʻzbekistonning Koreya Prezidenti tomonidan yuritilayotgan “Yangi Shimoliy siyosat”ini qoʻllab-quvvatlashga va ushbu tashabbus doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish doirasida har tomonlama yordam koʻrsatishga qatʼiy niyati borligi bildirildi. Ushbu dastur Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo hajmini sezilarli darajada oshirishga, shuningdek, Koreya va mintaqa davlatlari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va AKT kabi sohalarda investitsiya hamkorligini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni faollashtirishga qaratilgan.

    Koreya iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-2023-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston-Koreya moliyaviy-texnik hamkorligining yangi 3 yillik dasturini ishlab chiqib, byudjetini 1 milliard dollargacha oshirish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

    Maʼlumot uchun: hozirgi vaqtda 2018-2020-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi yakunlanmoqda, uning doirasida sogʻliqni saqlash, geodeziya va kartografiya, AKT va taʼlim sohalarida 500 mln dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

    Shuningdek, Koreya tomoni tegishli tartib va jarayonlarni jadallashtirish hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qator yangi loyihalarni ilgari surish orqali Koreya Eksimbanki va Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi (EDCF) bilan birgalikda yangi loyihalar amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Ustuvor tarmoqlardagi istiqbolli loyihalarga, jumladan, Koreya qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq masalalari vazirligi koʻmagida kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish loyihasi, ilgʻor qurilish texnologiyalari va standartlarini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya tadqiqot markazini tashkil etish, Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasidagi raqamli innovatsiyalar uchun Koreya-Oʻzbekiston hamkorligining pilot modelini joriy etish, kadrlar tayyorlash, oʻqitish, rivojlantirish va innovatsion davlat maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha kompleks markazini qurish kabi qator loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, Koreya tomoni Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish doirasida ikki tomonlama hamkorlikni qoʻllab-quvvatlayotgani, xususan, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhi raisi - Koreyaning Jenevadagi Favqulodda va Muxtor elchisining amaliy yordami hamda Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti bilan Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish oqibatlarini baholash boʻyicha yaqin hamkorligi eʼtirof etildi. Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlishi va uning koʻp tomonlama global savdo tizimiga integratsiyalashuvi oʻzaro savdo hajmini yana-da oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochib berishi taʼkidlandi.

    Bundan tashqari, Koreya hukumatining Orol ekologik falokatining salbiy oqibatlarini kamaytirish boʻyicha Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi ham bildirildi, shu bois Orolboʻyi hududi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash doirasida moliyalashtirish masalasi ham koʻrib chiqiladi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar yangi investitsiya loyihalari va savdo bitimlarini amalga oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli shartnomalar portfelini kengaytirish maqsadida hamkorlikni yana-da faollashtirish boʻyicha kelishib oldilar. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Shuningdek, har ikki mamlakat Bosh vazirlari oʻrinbosarlarining 3-uchrashuvini shu yilning sentyabr oyida oʻtkazish boʻyicha ham kelishuvga erishildi.