Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlik doirasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirilishi muhokama qilindi

    Investitsiyalar 21 Iyul 2022 835

    Joriy yil 20-iyulda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasi bilan moliyaviy-texnik hamkorlikni muhokama qilishga bagʻishlangan anʼanaviy yillik muloqot boʻlib oʻtdi. Tadbirda Koreya Respublikasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Eksimbank vakillari ishtirok etdi.

    Bugungi kunda sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va kimyo sanoati sohasida Koreya Respublikasining uzoq muddatli imtiyozli kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan umumiy qiymati 548 million dollardan ortiq beshta loyihani hayotga joriy etish boʻyicha faol saʼy-harakatlar olib borilyapti.

    Uchrashuv chogʻida Koreya Respublikasi bilan Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi (EDCF) imtiyozli kredit mablagʻlari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarning hozirgi holati koʻrib chiqildi.

    Xususan, 2022-yilga moʻljallangan 383 million dollarlik “Tibbiy klasterni yaratish” hamda qiymati 198,6 million dollarga teng boʻlgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-tadqiqot va oʻquv komponentlarini yaratish” kabi ustuvor loyihalar boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

    Shuningdek, tomonlar qarz bitimlarini imzolashdan oldingi tartibotlarni soddalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar hamda mintaqaviy avtomobil va temir yoʻl qatnovlarini rivojlantirish va sogʻliqni saqlash sohasini raqamlashtirish kabi hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab oldilar.

    Muloqot yakunida 2022-2024-yillarga moʻljallangan istiqbolli loyihalar roʻyxati kelishib olindi, shuningdek ularni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.