Koreya Respublikasi hamkorligida Oʻzbekistonda uzumning yangi navi yetishtiriladi

    Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligida Koreya Respublikasining “TNS Global Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Muloqotda kompaniya vakillari Oʻzbekistonga tashrif doirasida Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksport salohiyati bilan tanishganini maʼlum qildi.

    “TNS Global Group” kompaniyasi – qishloq xojaligida yangi navlarni yaratish, eksportbop mahsulotlarni yetishtirish bilan shugʻullanadi. Korxona bu borada katta tajribaga ega boʻlib, navlarni tanlashdan tortib quritishgacha boʻlgan texnologiyani ishlab chiqqan.

    Kompaniya mutasaddilari Oʻzbekistonda ishonchli hamkorlarni topishni maqsad qilgan. “TNS Global Group” direktori mamlakatimizda ochiladigan bogʻlarda ilgʻor tajriba asosidagi tizimni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan.

    Uchrashuv doirasida fitosanitariya tahlillarini olib boradigan Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi faoliyati oʻrganildi, fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash masalalari ahamiyati muhokama etildi.

    Shuningdek, bugungi kunda Janubiy Koreyaga eksport qilinayotgan meva-sabzavotlarning sifat nazorati, yuzaga kelayotgan muammolar masalasi tahlil etildi, ularni bartaraf etish choralari koʻrib chiqildi.