Koronavirus Al`tsgeymer kasalligini keltirib chiqarishi mumkin

    Amerikadagi Klivlend klinikasining bir guruh olimlari o'zlari olib borgan tadqiqot natijalarini e'lon qildi. Natija esa koronavirus infektsiyasi Al`tsgeymerga o'xshash kasallikni yuzaga keltirib, miyaga zarar etkazishi mumkinligini ko'rsatdi. Bu haqda klinikaning matbuot xizmati Alzheimer's Research & Therapy jurnalida chop etilgan maqolada ma'lum qilgan.

    Tadqiqot olib borilishiga COVID-19dan tuzalib ketgan bemorlarda nevrologik asoratlar to'g'risida tobora ko'payib borayotgan hisobotlar sabab bo'ldi. Infektsiya bilan og'riganlar tuzalib ketganidan so'ng ham al`tsgeymerga o'xshash alomatlar ancha paytgacha kuzatilib turdi.

    Tadqiqot mualliflari koronavirus tashuvchisi genlari va oqsillari bilan asab kasalliklariga chalingan bemorlarning genlari va oqsillari o'rtasidagi bog'liqlikni topish uchun sun'iy aqldan foydalangan. SHuningdek, olimlar SARS-CoV-2 virusini miya hujayralariga yuqtirishga imkon beradigan genetik omillarni tahlil qildi.

    Amerikalik shifokorlar koronavirusdan ta'sirlangan miya hujayralari va demantsiya bilan og'rigan odamlarning miya hujayralari o'rtasida yaqin aloqani topishga muvaffaq bo'lishdi. “Biz SARS-CoV-2 infektsiyasi miya yallig'lanishiga aloqador Al`tsgeymer kasalligini chaqirishi mumkinligini aniqladik”, dedi tadqiqot guruhi rahbari doktor Feysyun CHen.

    Mualliflar ba'zi hollarda koronavirus infektsiyasi demantsiya va Al`tsgeymer kasalligiga xos bo'lgan boshqa nevrologik belgilarga ham olib kelishi mumkin, degan xulosaga kelishdi.