— Shundan eng keng tarqalgani — oʻpka fibrozi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva. — Koronavirusli pnevmoniyaga chalingan bemorlarda tegishli muolajalardan soʻng oʻpkada chandiqlar hosil boʻlib, bu, vaqt oʻtishi bilan nafas olish samaradorligi pasayishiga olib keldi.

Pandemiyaning ilk yillarida SOVID-19ga chalingan bemorlarning taxminan 20-25 foizida pnevmoniya rivojlangan boʻlsa, “delta” shtammi dominant versiyaga aylangach, bu koʻrsatkich yanada ortdi. Eng yomoni, oʻsha yillarda oʻlim koʻrsatkichlari keskin koʻpaydi. Muolaja olib, toʻliq sogʻayganlarda ham asoratlar qoldi. Oʻpkadagi yalligʻlanish oʻrnida chandiqlar paydo boʻldi.

Fibroz tufayli sogʻlom oʻpka toʻqimalari oʻz xususiyatini yoʻqotadi. Oqibatda alveolalar (oʻpkadagi gaz almashinuvi uchun masʼul pufakchalar) kislorodni oʻzlashtira olmaydi va nafas olish funksiyasi buziladi. Agar tegishli muolajalar amalga oshirilmasa, oʻpka fibrozi asta-sekin qator asoratlarni yuzaga keltiradi.

Jumladan, bemor hansirash va havo yetishmasligi, surunkali yoʻtaldan aziyat chekadi. Oʻpka, yurak yetishmovchiligi paydo boʻlishi mumkin. Miyaning kislorodga toʻyinmasligi esa ruhiy holat va ong oʻzgarishiga olib keladi.

Kuzatuvlarga koʻra, “omikron”ning VA.2 turida ham “delta” shtammiga xos xususiyatlar qisman namoyon boʻldi. Yaʼni, mazkur subvariant yuqori nafas yoʻllarigagina emas, balki insonning nozik aʼzosi — oʻpkasiga “zarba” beradi.

JSST tomonidan bu yil COVID-19 pandemiyasi bekor qilinishi kutilyapti. Ammo bu odamlar endi koronavirusga chalinmasligini anglatmaydi. Faqat infeksiyani yuqtirish koʻrsatkichlari keskin kamayib, oʻsish dinamikasi qayd etilmacligi mumkin. Shu bois, kasallikning oldini olish uchun virusga qarshi toʻliq bosqichda hamda buster dozada emlanish lozim. Bu esa eng toʻgʻri va samarali yoʻldir.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.