Dunyoda “ertaga” xavfli kasallikning yangi pandemiyasi boshlanishi mumkin. Bu haqda Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus ogohlantirib, mamlakatlarni pandemiyaning oldini olish bo'yicha kelishuv ustida ishlashni kuchaytirishga chaqirdi.
JSSTga a'zo davlatlar elchilari bilan suhbatda u mojarolar, geosiyosiy va iqtisodiy o'zgarishlar davrida “COVID-19 pandemiyasi endi uzoq xotiraga o'xshab qolganini” ta'kidladi. “Ammo keyingi pandemiya vaziyatning tinchlanishini kutmaydi. Bu 20 yil yoki undan ko'proq vaqt ichida sodir bo'lishi mumkin yoki ertaga sodir bo'lishi mumkin. Biz tayyor bo'lishimiz kerak”, dedi Gebreyesus. “Mana shuning uchun ham dunyo JSST pandemiya shartnomasini marraga yetkazish uchun sizning ishtirokingiz va yetakchiligingizga muhtoj”, dedi bosh direktor.
U global salomatlik xavfsizligiga erishish uchun “muvofiqlashtirilgan sa'y-harakatlar va umumiy tahdidlarga umumiy yondashuv” kerakligini eslatdi.
2024-yil 27-maydan 1-iyungacha Jenevada bo'lib o'tgan 77-Jahon sog'liqni saqlash assambleyasi pandemiyaga qarshi xalqaro kelishuvni ishlab chiqish bo'yicha 2021-yilda tashkil etilgan muzokaralar organining vakolatini uzaytirdi. Ushbu hujjat bo'yicha ish natijalari 2025-yilning may oyida bo'lib o'tadigan 78-Asambleyada sarhisob qilinishi kutilmoqda. Avvalroq Gebreyesus shartnoma ustida ishlashga internetda ushbu hujjat qabul qilingan taqdirda uni imzolagan davlatlar suverenitetiga daxl qilishi haqidagi yolg'on ma'lumotlar to'sqinlik qilayotganini ma'lum qilgan edi.
COVID-19 kasalligi sababli favqulodda holat global sog'liqni saqlash sohasida 2020-yilning oxiridan 2023-yilning 5-mayigacha amal qildi. JSST ma'lumotlariga ko'ra, 2025-yil 16-mart holatiga ko'ra, dunyo bo'ylab 777 664 564 ta koronavirus infektsiyasi qayd etilgan va 7 091 788 kishi hayotdan ko'z yumgan, deb xabar beradi tass.ru.