Mutaxassislar Argentinadagi keksa odamlarning ahvolini tahlil qilarkan, ular koronavirus bilan kasallanganidan kamida olti oydan keyin Alsgeymer kasalligi bilan bogʻliq xotira va tafakkurdagi oʻzgarishlarga uchraganini aniqladi.

Boshqa tadqiqotchilar Nyu York aholisi qonida demensiya bilan bogʻliq oqsillarni topdi, ularda koronavirus erta bosqichda nevrologik alomatlarni keltirib chiqargan.

Tadqiqotda ishtirok etgan 300 nafar keksa kishining ahvoli oʻrganilganda infeksiyaga chalinganidan uch-olti oy oʻtgach ularning  qariyb 20 foizida qisqa muddatli xotira muammolari boʻlgan. 34 foizida jiddiy buzilishlar, jumladan, soʻzlarni topa olmaslik va xotiraning uzoqroq saqlanishida qiyinchilik bor edi.

Kasallikning ogʻir shaklini oʻtkazganlarning hid sezishida muammolar yuzaga kelgan. Miyaning xushboʻy hid uchun masʼul boʻlgan qismi xotira uchun muhim boʻlgan joylar bilan bevosita bogʻliq va hid bilish qobiliyatining yoʻqolishi baʼzida Alsgeymer yoki Parkinson kabi degenerativ kasalliklarning dastlabki belgisidir.

Yana bir guruh olimlar koronavirus tufayli kasalxonaga yotqizilgan 300 dan ortiq keksalarni sinab koʻrdi. Ularning qariyb yarmida chalkashlik kabi nevrologik alomatlar kuzatilgan. Mutaxassislar ularning qonida oqsillar darajasi “sakrash”ini aniqladi, bu asab tizimining yalligʻlanishi, kasallik uchun xos boʻlgan miya hujayralarining shikastlanishi bilan bogʻliq.

Dastlabki natijalar Alsgeymer uyushmasi (Alzheimerʻs Association) yigʻilishida maʼlum qilindi. Koronavirus Alsgeymer yoki boshqa miya muammolari xavfini yana-da oshirishi mumkinmi  yoki odamlar oxir-oqibat tuzalib ketadimi yoki yoʻqmi, buni aniqlash uchun koʻproq tadqiqotlar zarur.