“Frontiers in Nutrition” (IF=6.7) jurnalida koronavirusga qarshi immun suti olish imkoniyati amaliyotda isbotlab berildi.
Natijalarga ko'ra, ZF-UZ-VAC2001 rekombinant vaktsinasi bilan emlangan sigir va echkilarda ikkinchi dozadan 2 hafta o'tib, ularning qon zardoblarida neytrallovchi antitanachalar hosil bo'lishi ko'rsatib berildi.
Neytrallovchi antitanachalar faolligi 3-dozadan keyin 21 kun o'tib (birinchi emlangandan 77 kun o'tib) eng yuqori faollikka ko'tarilib, zardob 120 marta suyultirilganda ham laboratoriya testlarida tirik koronavirus ko'payishini to'xtatishi aniqlandi.
Neytrallovchi antitanachalar miqdori sutga nisbatan (0,2 mkg/ml) birinchi uch kunlik og'iz sutida (4,08 mkg/ml gacha) yuqori miqdorda ekanligi hamda emlangan ona sigir sutidagi neytrallovchi antitanalar sut bilan oziqlangan buzoqlarga o'tishi amaliy tajribada ko'rsatib berildi.
Immun suti xususiyatlari 62,5 ○S temperaturada 30 minut davomidagi pasterizatsiya rejimida saqlanib qolishi aniqlanib, immun sutining terapevtik maqsadlarda ishlatish imkoniyati ochib berildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasidagi “Panaev Farms” chorvachilik korxonasida koronavirusga qarshi faol neytrallovchi immun suti (“IMMUNE MILK” brendi ostida) pasterizatsiyalangan sut holida kichik hajmda ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo'lib, hozirda texnologik liniyalar sinovdan o'tkazilmoqda.
Yangi texnologiya asosida og'iz sutidan bolalar va kattalar uchun biologik faol, tez shimiluvchi va SARS-CoV-2 ga qarshi neytrallashtiradigan antitanachalari mavjud bo'lgan kapsulalarni ishlab chiqarish ustida tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.