“RBK”ning “Rospotrebnadzor” (Rossiya sogʻliqni saqlash sohasidagi nazorat boʻyicha federal xizmati) markaziy epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinik va analitik ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Natalya Pshenichnayaga asoslanib maʼlum qilishicha, koronavirus infeksiyasi kelgusi bir-ikki yil davomida mavsumiy kasallikka aylanishi mumkin.

“COVID-19”da allaqachon mavsumiy infeksiyaga xos xususiyatlar paydo boʻlishni boshlagan. Bunga 2020-yilning kuzida kasallanishning sezilarli darajada oʻsgani guvohlik berishi mumkin”, — dedi Pshenichnaya.

Uning taʼkidlashicha, mavsumiy respirator infeksiyasining koʻpayishi odatda kuz va bahorda kuzatiladi, shuning uchun yilning ushbu davrida COVID-19 bilan kasallanish soni ham koʻpayishi mumkin.

Shu bilan birga, Pshenichnaya dunyo aholisining aksariyati COVID-19ʻga qarshi emlanganidan keyin ham koronavirus infeksiyasining koʻpayishi bir necha yil davomida yuz berishi mumkinligini taʼkidladi.

“Mazkur infeksiyaning epidemik tarqalishi toʻxtaydi, ammo kasallikning qayta yuzaga kelishi va koʻpayishi bir necha yil davom etishi mumkin”, — dedi epidemiolog.