— Rasmiy statistikaga koʻra, kasallik kamaymoqda. Demak, yana bir toʻlqin ortda qoldimi, vaziyat barqarorlashayaptimi?
— Darhaqiqat, 1-sentyabrdan hozirgi kunga qadar rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra yangi kasallanganlar soni 650 va undan pastroq boʻlmoqda. Lekin bu raqam hali yuqori, kasallik toʻlqini ortda qoldi, deb xulosa chiqarish uchun hali vaqt bor.
Kasallikning yashirin davri 2 kundan 14 kungacha, yaʼni inson organizmiga tushgan virus 2 kundan keyin yoki 10 uzogʻi 14 kungacha ham kasallik alomatini keltirib chiqarishi mumkin, kasallikni keltirib chiqarish muddatini oʻrtacha olganda 5-7 kunga toʻgʻri kelmoqda. Yana 10-14 kunda yangi kasallanishni aniqlanishini oʻsishi yoki tushishini dinamik kuzatuvini olib borib, keyin bir xulosaga kelsak boʻladi.
Aholi orasida toʻliq emlangan va bu kasallikdan himoyalanganlarni ham nazarda tutadigan boʻlsak, bugungi kunda kasallanmagan va emlanmaganlar orasida kasallik tarqalishi ehtimoli juda yuqori. Karantin qoidalariga rioya qilmaydigan, emlanmagan odamlar hisobiga raqamlar yana koʻtarilishi ham mumkin.
— Maktablarda anʼanaviy shaklda darslar boshlangani kasallikni yanada avj olishiga olib kelmaydimi?
Toʻgʻri, bolalar koronavirus infeksiyasining tarqatuvchisi ekanligi toʻgʻrisida koʻp bora taʼkidlab kelamiz. Qachonki bolalar va ularning murabbiylari hamda ota-onalar karantin qoidalariga rioya qilmasa, bu omil kasallik tarqalishiga sabab boʻlishi mumkin.
Bilamizki, har bir maktabda bolalar salomatligi va holatini nazorat qiluvchi filtrlar mavjud. U yerda oʻquvchilarning tana harorati oʻlchanadi. Bolalar maktabga niqobda borish, qoʻllarni sovunlab yuvish kabi qoidalarga toʻliq rioya qilishi zarur.
Bolalarga tushlik uchun ota-onalar uydan imkon qadar vitaminlarga boy ovqatlarni berib yuborishlari maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, oʻquvchilarda koʻproq suyuqlik ichish imkoni boʻlishi kerak.
Ota-onalar farzandlariga maktabdan qaytgach, albatta, yuz-qoʻllarini sovun bilan yaxshilab yuvishi zarurligini oʻrgatishi lozim. Shuningdek, bolalar uyda ustki kiyimlarini yechganlaridan keyin, tomoq va burunlarini oddiy iliq suvda 2-3-marta chayganidan soʻnggina oila aʼzolari yoniga kirsalar, ularni himoyalagan boʻladi.
Shu oʻrinda, mamlakatimizda vaksinatsiya jarayonlarining dastlabki bosqichlarida xalq taʼlimi va maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlarini emlashga bejiz alohida eʼtibor qaratilmaganligini taʼkidlash kerak. Hozirda maktab oʻqituvchilari va boshqa xodimlarning deyarli barchasi vaksina olgan. Tabiiyki, bu ularning COVID-19 koronavirus infeksiyasidan himoyalanganligini bildiradi.