Shanxay materiya instituti tomonidan COVID-19 virusiga qarshi yaratilgan VV116 (Remindevir) preparati haqida maʼlumot berildi. Institut professori Shen Jingshan ushbu preparatning kimyoviy va tibbiy xususiyatlari haqida taqdimot oʻtkazdi va dori vositasining samaradorligi toʻgʻrisida maʼlumot almashildi.
Xitoy olimlari tomonidan yaratilgan “Remindevir” preparati hozir inyeksiya shaklida ishlatiladigan “Remdesivir” preparatining yangi shakli boʻlib, nojoʻya taʼsirlari kamligi va tabletka shaklidaligi bilan diqqatga sazovor.
Hozir ushbu preparat klinik sinovdan oʻtish bosqichida boʻlib, tadqiqotlar yakunlangach, Navoiy erkin iqtisodiy zonasida Shanxay farmakologiya instituti bilan hamkorlikda quriladigan dori preparatlari substansiyalari sintezi zavodida ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
– Navoiy viloyati Karmana tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur farmatsevtika zavodi dori preparatlari substansiyalarini kimyoviy sintezlovchi Oʻzbekistondagi ilk korxona boʻladi, – dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Oʻzbekistonda iqtidorli, malakali kimyogarlar koʻp, ular shu paytgacha substansiyalar sintezini faqat ilmiy-tadqiqot institutlari qoshidagi laboratoriyalarda amalga oshirgan, lekin bu substansiyalarning sintezi sanoat darajasiga olib chiqilmagan. Bu zavodning tashkil etilishi ilmdan kapital olish imkonini beradi, yangi ish oʻrinlari yaratish, raqobatbardosh, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga sharoit yaratadi.
Uchrashuv davomida tomonlar Navoiy viloyatida dorivor moddalar sintez qilish boʻyicha Oʻzbekiston–Xitoy tibbiyot texnologiyalari parkini yaratish loyihasini jadallashtirish, yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish boʻyicha fikr almashdilar, deyiladi vazirlik axborot xizmati xabarida.