Biroq shu islohotlarning eng xavfli dushmani bor – u ham boʻlsa korrupsiya. Korrupsiyaga koʻz yumish, unga yoʻl qoʻyish yoki uni oqlash – shunchaki qonunbuzarlik emas, balki xalq ishonchiga, davlat siyosatining mazmuniga va kelajak avlod manfaatlariga qilingan xiyonatdir. Ana shu jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Korrupsiyaga yoʻl qoʻyish – islohotlarimizga xiyonatdir” degan fikri jamiyat uchun oʻta muhim hayotiy haqiqat sifatida yangradi. Bu illatga qarshi kurashish boʻyicha 2026-yilda “favqulodda holat” eʼlon qilindi.

Korrupsiya har doim ham koʻzga koʻrinmaydi. U faqat  konvertda emas, “iltimos”, “tanish”, “boʻladi-da” degan soʻzlarda ham yashiringan boʻladi. Lekin uning oqibati juda achinarli: adolat sotiladi, imkoniyatlar yoʻqoladi, halol mehnat qadrsizlanadi.

Islohot deganda adolat, ochiqlik, shaffoflik va qonun ustuvorligi tushuniladi. Korrupsiya esa aynan shu tamoyillarga qarshi harakat qiladi. Shuning uchun ham “islohotlar davrida korrupsiyaga yoʻl qoʻyish – islohotlarning oʻzini inkor etish” demakdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurash borasida fikr bildirar ekan, “Korrupsiyaga qarshi kurash – bu faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi emas, balki butun jamiyatning vijdon masalasi” ekanligini alohida taʼkidlagan edi.  Bu fikr korrupsiyaga qarshi kurashning faqat jazo bilan emas, balki ong, madaniyat va masʼuliyat bilan bogʻliq ekanini yaqqol koʻrsatadi.

Agar islohotlar jarayonida mansabdan shaxsiy manfaat uchun foydalanish, tanish-bilishchilik, poraxoʻrlik holatlariga yoʻl qoʻyilsa, eng yaxshi qonunlar ham, eng toʻgʻri dasturlar ham kutilgan samarani bermaydi. Chunki korrupsiya islohotlarni qogʻozda qoldirib, hayotda samarasiz qilib qoʻyadi.

Korrupsiyaning jamiyatga taʼsirini raqamlar orqali ham koʻrish mumkin. U iqtisodiy oʻsishga toʻsqinlik qilibgina qolmay, fuqarolarning davlatga nisbatan ishonchini yoʻqotadi. Xalqaro tashkilotlar maʼlumotlariga koʻra, dunyo iqtisodiyoti har yili korrupsiya tufayli trillionlab dollar zarar koʻradi. Masalan, BMT maʼlumotlariga koʻra, global miqyosda korrupsiya oqibatida har yili taxminan 2,6 trillion AQSH dollari miqdorida iqtisodiy yoʻqotishlar yuzaga keladi. Bu esa jahon yalpi ichki mahsulotining salmoqli qismini tashkil etadi.

Tahlillarga koʻra, korrupsiya darajasi yuqori boʻlgan davlatlarda investitsiya muhiti keskin yomonlashadi, ishsizlik ortib boradi, aholi daromadlari pasayadi. Ayrim tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, korrupsiya indeksida har bir salbiy oʻzgarish iqtisodiy oʻsish surʼatlarini bir necha foizga kamaytiradi.

Shu bilan birga, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlagan, korrupsiyaga qarshi qatʼiy choralar koʻrgan davlatlar qisqa vaqt ichida sezilarli iqtisodiy va ijtimoiy yutuqlarga erishgan. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurash – faqat maʼnaviy talab emas, balki strategik zarurat ekanini isbotlaydi.

Transparency International xalqaro tashkiloti tomonidan 2025-yil 11-fevralda eʻlon qilingan 2024-yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksi (CPI) natijalariga koʻra, Oʻzbekiston 100 balldan 32 ball toʻplab 180 ta davlat orasida 121-oʻrinni egallagan. Transparency International  hisobotida qayd etilishicha, Oʻzbekiston soʻnggi oʻn yillikda sezilarli oʻsishga erishgan boʻlsa-da, mamlakat hali ham jahon miqyosidagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan (43 ball) sezilarli pastda qolmoqda.

Mashhur mutafakkirlardan biri shunday degan: “Adolat yoʻq joyda taraqqiyot boʻlmaydi, adolat esa korrupsiyaga toqat qilmaydi”. Bu ibora bugungi kun uchun ham juda dolzarbdir.

Korrupsiyaga yoʻl qoʻygan har bir mansabdor shaxs, aslida, nafaqat qonunni, balki xalqning ishonchini ham buzadi. Bu esa davlat va jamiyat oʻrtasidagi nozik muvozanatga jiddiy putur yetkazadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash – bu bir kunlik yoki bir idoraning vazifasi emas. Bu uzoq muddatli, tizimli va barcha darajadagi harakatni talab qiladi. Eng muhimi, har bir fuqaro “bu menga tegishli emas” degan befarqlikdan voz kechishi lozim. Chunki korrupsiyaga murosasiz munosabat shakllanmas ekan, hech qanday islohot toʻliq samara bermaydi.

Bugun Oʻzbekiston yangi bosqichga qadam qoʻymoqda. Islohotlar, yangilanish, adolat va ochiqlik haqida koʻp gapiryapmiz. Lekin bir haqiqat bor: agar korrupsiya saqlanib qolsa, barcha islohotlar qogʻozda qolib ketadi. Shu bois, korrupsiyaga koʻz yumish – bu shunchaki xato emas. Bu islohotlarimga, xalq ishonchiga, farzandlarimiz kelajagiga, davlatimiz taqdiriga qilingan xiyonatdir. Adolatli, ochiq va qonun ustuvor boʻlgan jamiyatni barpo etish esa har birimizning vijdonimiz va fuqarolik burchimizdir.

Dilnavoz Tojiboyeva,
Toshkent davlat yuridik universitet dotsenti