Har qanday davlatning rivojlanishi zamirida xoh u iqtisodiy xoh u siyosiy boʻlsin, ushbu davlatdagi jinoyatchilikka qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar holati, huquqbuzarliklar profilaktikasi va albatta korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi amalga oshiralayotgan keng koʻlamli islohotlar, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish bilan bogʻliq davlatning siyosati yotadi.

Joriy yilning 7-noyabrida Bosh prokuror raisligida korrupsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar hamda vazirlik va idoralarda buning sabab va shart-sharoitlariga bagʻishlangan idoralararo yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 

Yigʻilishda Oʻzbekistonda soʻngi ikki yilda 1 ming 986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilganini aytib oʻtildi. Ushbu jinoyatlar orqali yetkazilgan moddiy zarar miqdori esa 2 trillion soʻmdan oshgani ushbu muammo dolzarbligini anglatmasdan qolmaydi.

Xozirgi paytda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator dasturlar qabul qilindi va ular boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarilganligi, kerakli qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilganligi ahamiyatga molik. 

Bundan tashqari joriy yilning 21-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining navbatdagi yigʻilishida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi, “Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi toʻgʻrisida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulkini deklaratsiya qilish va manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi, 

“Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilganligi va dastlabki muhokamalarga taqdim etilganligi haqida maʼlumot taqdim etildi. 

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 

2021–2025-yillarga moʻljallangan milliy strategiya loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish va uning loyihasini keng jamoatchilik, fuqarolar oʻrtasida ommaviy muhokamasiga taqdim etish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Jinoyat kodeksiga mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklifi ilgari surildi.

Taʼkidlash joizki, 9-dekabr Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 24-noyabrdan 9-dekabrga qadar ANTIKORRUPSIYA HAFTALIGI oʻtkazilishi belgilandi.

Jahon bankining Doing Business indeksida 18 pogʻonaga, Meros jamgʻarmasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida esa 52 pogʻonaga koʻtarilganligida, Jahon bankining “Korrupsiyani tiyib turish”, “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish”, Jahon odil sudlov loyihasining “Korrupsiyaning mavjud emasligi” indekslarida yuqorilagani jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli choralar bemasar ketmayotganini anglatadi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, korrupsiyaga qarshi kurashda uni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish – eng samarali chora hisoblanadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Ixtisoslashtirilgan filiali oʻqituvchisi

Poʻlat Qobilov